Turon (gazeta, Yangi Buxoro)
Turon | |
---|---|
Turi | Haftalik gazeta |
Kimga tegishli | „Buxoroyi sharif“ shirkati |
Noshir | K. Levin |
Asos solingan | 1912-yil 11-iyul |
Bosh muharrir |
Mirhaydarxoʻja Mirbadalov Husayn Ibrohimov |
Tili | o'zbekcha |
Nashrning toʻxtatilishi | 1913-yil 2-yanvar |
Adadi | 1800 |
Turon — Buxoro jadidlari tomonidan chiqarilgan gazeta. Yangi Buxoro (hozirgi Kogon) shahrida 1912-yil 14-iyuldan 1913-yil 2-yanvargacha oʻzbek tilida dastlab haftasiga 2 marta, soʻngra 3 marta nashr qilingan. Jami 49 soni chop etilgan. „Buxoroyi sharif“ gazetasi bilan birgalikda, Rossiya imperatorligining Buxorodagi siyosiy agentligi tomonidan taqiqlangan. Gazeta sahifalarida Buxoro amirligidagi iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayot tasvirlangan, amirlikda islohot oʻtkazish zaruriyati taʼkidlangan. Sadriddin Ayniyning yozishicha, „Turon“ faqat Buxoro mamlakatida emas, butun Turkistonda shuhrat qozongan. Gazetani moddiy jihatdan yirik savdogar Muhiddin Mansurov va maʼrifatparvar Siroj Hakim qoʻllab-quvvatlab turgan. Gazetani gʻoyaviy jihatdan „Tarbiyai atfol“ jamiyati boshqargan. „Turon“ga buxorolik Gʻiyos maxsum Husayniy muharrirlik qilgan.
Buxoroda birinchi gazeta tojik tilida nashr qilingan „Buxoroyi Sharif“ gazetasidir. Ammo amirlik aholisining koʻpchiligi oʻzbek tilida soʻzlashgani sababli taraqqiyparvarlar oʻzbekcha gazeta nashr qilishga kirishadi. 1912-yil 11-iyulda „Turon“ gazetasining birinchi soni bosmadan chiqqan. Gazetaning dastlabki 14 soniga matbuotchilik shohasida Bokuda katta tajribaga ega boʻlgan Miza Jalol Yusufzoda boshchilik qilgan (Biroq birinchi soniga Mirzo Siroj Hakim imzo chekkan). Noshiri K. Levin boʻlib, 15-sondan boshlab noshirlik ishlari „Buxoroyi sharif“ shirkati ixtiyoriga oʻtgan. Chunki moliyaviy tanglik munosabati bilan K. Levinning tipografiya firmasi gazetani chiqarishni toʻxtatadi. Turon gazetasining 15-sonidan boshlab 21-sonigacha Mirhaydarxoʻja Mirbadalov muharrir boʻlgan. Gazetaning 22-25-sonlariga Husayn Ibrohimov, 26-sonidan oxirgi sonigacha yana Mirhaydarxoʻja Mirbadalov muharrirlik qilgan[1]. Gazeta amirlikdagi eski tartiblar, mustamlaka hukumatning zoʻravonlik siyosati kabi masalalarni aks ettirgani uchun tanqidga uchradi. Buxoro amiri va uning tarafdorlari, Buxorodagi Rossiya siyosiy agentligining fikrlari muvofiq kelib, gazeta chop etish toʻxtaydi.
Turon gazetasining bor-yoʻgʻi 49 soni nashr etilgan boʻlsa-da, u Buxoro amirligida zamonaviy matbuotchilik tarixi boshlanishida muhim bosqich boʻlgan. Buxoro amirligi hududida nashr etilgan birinchi gazetalar „Buxoroyi sharif“ va „Turon“ amirlikda milliy demokratik gʻoyalarni targʻib qilish, savodxonlikni oshirish orqali asriy qoloqlikdan qutulish kabi mavzulardagi targʻibotchilik ishida, Buxorodagi jadidlarni birlashtirishda oʻrni katta boʻlgan. Ushbu ikki gazeta umumiy shaklda 2 600 obunachiga („Buxoroi Sharif“ — 800, „Turon“ — 1 800) ega boʻlgan[2].
Ushbu nashrlar kam sonli obunachilarga ega boʻlgani sababli chop etishdagi xarajatlarni qoplamagan. Dastlab homiylik qilganlar va bosmaxona rahbariyati ham moddiy manfaat boʻlmagach, nashr ishlarini toʻxtatishga harakat qilgan. Moliyaviy tanglik munosabati bilan K. Levinning tipografiya firmasi gazeta chiqarishni toʻxtatadi. Shunday vaziyatda jadidlar „Buxoroyi sharif“ shirkatini tuzadilar va gazetalar chiqishini taʼminlash uchun pul yigʻa boshlaydilar. Nashr ishlarida M. Mansurov barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olgan. Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev ham „Tarbiyai atfol“ tashkiloti faoliyatida va roʻznomalarning nashr bilan bogʻliq xarajatlarida oʻz yordamini ayamagan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ К. Раҳмонов. Бухоро Халқ Совет Республикаси тарихи матбуот саҳифаларида. Toshkent „Abu matbuot-konsalt“ 2012 — 19-bet.
- ↑ „“Tarjimon”dan “Sadoyi Farg‘ona”gacha. Turkistonda mustaqil milliy matbuotning shakllanish tarixidan“ (2020-yil 27-iyun). Qaraldi: 2023-yil 25-iyul.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sadriddin Ayniy, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixigamateriallar, T., 1996; Ergashev B. X., Ideologiya natsionalnoosvoboditelnogo dvijeniya v Buxarskom emirate, T., 1991.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |