Tursunali Sulaymonov
Tursunali Sulaymonov | |
---|---|
Tavalludi |
1897-yil Farg'ona viloyati, Oʻsh uyezdi, Narimon qishlogʻi — 1971-yil, Oʻsh viloyati, Qorasuv tumani, Narimon qishlogʻi |
Vafoti |
1971-yil Oʻsh viloyati Qorasuv tumani) Narimon qishlogʻi |
Fuqaroligi | SSSR |
Kasbi | deputat, kolxoz raisi |
Mukofotlari |
Sotsialistik Mehnat Qahramoni Lenin ordeni Mehnat Qizil Bayrog'i ordeni (3 marta) Butunittifoq qishloq xo'jaligi ko'rgazmasining oltin va kumush medallari |
Tursunali Sulaymonov (oʻzbekcha: Турсунали Сулаймонов; 1897-yil, Fargʻona viloyati, Oʻsh uyezdi, Narimon qishlogʻi — 1971-yil, Oʻsh viloyati, Qorasuv tumani, Narimon qishlogʻi) — Oʻsh tumani (hozirgi Qorasuv tumani) Andreyev kolxozining (keyinchalik Narimonov nomidagi, undan keyin Lenin nomidagi kolxoz) raisi. Qirgʻiziston SSR Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1957-yil 15-fevral). SSSR Oliy Kengashining 2-chaqiriq deputati[1]. Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashining 3 va 4-chaqiriq deputati.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1897-yilda Fargʻona viloyati Oʻsh uyezdi (hozirgi Oʻsh viloyati Qorasuv tumani) Narimon qishlogʻida dehqon oilasida tavallud topgan, millati oʻzbek.
1930- yilda Oʻsh viloyatidagi Andreyev kolxoziga ishga kiradi. 1932-yilda shu kolxozga rais etib tayinlanadi. 1938-yilda Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasi safiga qoʻshiladi.
Sulaymonov oʻzi rahbarlik qilgan kolxozni Oʻsh viloyatidagi eng ilgʻor qishloq xoʻjaliklari qatoriga olib chiqadi. 1956-yilda kolxoz 810 gektar maydonning har gektaridan oʻrtacha 32 sentnerdan paxta xom ashyosi olishga erishadi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1957-yil 15-fevraldagi Farmoni bilan qand lavlagi, paxta va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, ekinlardan yuqori hosil olish maqsadida ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribalarini keng qoʻllagan holda erishilgan ulkan muvaffaqiyatlari uchun Lenin ordeni, Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni hamda „O‘roq va bolgʻa“ oltin medali bilan taqdirlanadi[2].
Tajribali rahbar Ikkinchi jahon urushi yillarida butun tajribasi va kuchini kolxoz xoʻjaligini rivojlantirishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga yoʻnaltiradi. 1942-yilda Leningrad blokadasi paytida uning tashabbusi va rahbarligida oʻzi boshqarib kelayotgan Lenin kolxozida 6 vagon sabzavot va mevalar, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar toʻplangan. Ushbu buyumlarni yetkazish uchun respublika boʻylab jami 54 ta vagon yigʻiladi va 13 kishidan iborat delegatsiya ushbu yordam yukini Leningrad shahriga olib ketadi. Delegatsiya tarkibida Tursunali Sulaymonovning oʻzi ham bor edi. Sulaymonov Putilov zavodiga tashrif buyuradi va qamalda qolgan Leningrad shahri vaziyatini koʻradi. Sulaymonov Lenin nomidagi kolxoz boshqaruvining 5 gektar yerida sabzavot va meva yetishtirish toʻgʻrisidagi qarordan tashqari, qoʻshimcha ravishda Leningraddagi Putilov zavodi ishchilariga 1 vagon oziq-ovqat joʻnatadi. Koʻrsatgan yordami uchun Kirov zavodining faxriy xodimi unvoni bilan ham taqdirlanadi, shuningdek, Leningrad shahridagi Putilov zavodida muzeyida Sotsialistik Mehnat Qahramoni Tursunali Sulaymonovga bagʻishlangan burchak tashkil etiladi.
Sulaymonov Qorasuv tumani Narimon qishlog‘idagi Beshalish kanalida o‘rta quvvatli GESning hashar yo‘li bilan qurilishi tashkilotchilaridan biri sifatida ushbu qurilish ishlarida katta tashabbus koʻrsatadi.
SSSR Oliy Kengashining 2-chaqiriq deputati (1946—1950) va Qirgʻiziston SSR Oliy Kengashi deputati (1950—1958 ) etib saylangan. Oʻsh viloyat partiya komiteti byurosi hamda Qorasuv tuman partiya qoʻmitasi byurosi aʼzosi boʻlgan, partiya qurultoylari va konferensiyalarida faol ishtirok etgan.
Sulaymonov 1971-yilda oʻzi tugʻilgan qishloqda vafot etadi.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1957-yil 15-fevral);
- Lenin ordeni;
- 3 marta Mehnat Qizil Bayrogʻi ordeni;
- Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasining oltin va kumush medallari.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sulaymonov uylangan, xotini — Unsinxon Sulaymonova (1907—1986) bilan 2 o‘g‘il va 4 qizni tarbiyalagan.
Xotira
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qorasuv tumanidagi 57-maktab va O‘sh viloyati Qorasuv tumani Narimon qishlog‘ining markaziy ko‘chalaridan biriga uning nomi berilgan.
- Sulaymonov Kirov zavodining faxriy xodimi unvoni bilan taqdirlangan, Leningrad shahridagi Putilov zavodi muzeyida Sotsialistik Mehnat Qahramoni Tursunali Sulaymonov xotirasiga bagʻishlangan burchak tashkil etilgan.
- SSSR parchalanganib ketganidan keyin Oʻsh viloyatining Qorasuv tumanidagi Lenin nomidagi kolxoz nomi Sulaymonov bilan oʻzgartirildi (keyinchalik kolxozdan uning nomi ham olib tashlangan).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Qirgʻiziston“. Uluttuk ensiklopediyasi: Boshki ed. Asanov Y. A., B.: Mamlekettik til jana ensiklopediya borboru, Bishkek
- Borbugulov M., Oʻsh tariyhi ensiklopediyasi, Frunze, 1989
- Qoʻl ostida Juraeva B. J. „Qirg‘iziston ravnaqi yo‘lida“ Qirg‘izistonning ko‘zga ko‘ringan o‘zbeklari haqida entsiklopedik nashri, 336 bet, „Rizvon“ O‘sh shahri, 2017 yil .
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Список депутатов Верховного Совета СССР II созыва“. 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 13-mart.
- ↑ „Указ Президиума Верховного Совета СССР «О присвоении звания Героя Социалистического Труда колхозникам, колхозницам, работникам машинотракторных станций и совхозов, партийным и советским работникам Киргизской ССР»“. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 11-mart.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- II chaqiriq SSSR Oliy Kengashi deputatlari roʻyxati
- SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining „Kolxozchilar, kolxozchilar, mashina-traktor stansiyalari va sovxozlari ishchilari, Qirgʻiziston SSR partiya va sovet xodimlariga Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvonini berish toʻgʻrisida“gi farmoni. (Wayback Machine saytida 2016-03-04 sanasida arxivlangan)