Kontent qismiga oʻtish

Ummu Sulaym binti Milhon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ar-Rumaysa binti Milhon (arabcha: الرميصاء بنت ملحان; vafoti: tax. 650-yil, hijriy 28-yil) Ummu Sulaym kunyasi bilan mashhur boʻlgan, Islom paygʻambari Muhammadning sahobasi, Yasribda (hozirgi Madina) eng birinchi Islomni qabul qilgan ayollardan biri[1].

Ummu Sulaym Banu Xazraj qabilasining Najjor urugʻiga mansub Milhon ibn Xolid al-Ansoriyning qizi, Ummu Harom binti Milhon va Harom ibn Milhonning singlisi boʻlgan. U birinchi marta Molik ibn an-Nadrga turmushga chiqqan, ushbu nikohdan Muhammadning taniqli sahobasi Anas ibn Molikni[2] dunyoga keltirgan. Mushriklardan boʻlgan Ibn an-Nadr Ummu Sulaymning, Islomni qabul qilganidan qattiq gʻazablangan va uni tashlab, Suriyaga ketgan va oʻsha yerda vafot etgan[3].

Birinchi eri vafot etgach, Abu Talha al-Ansoriy hammadan oldin Ummu Sulaym bilan unashtirilishga qaror qiladi. U Ummu Sulaymning boshqalarni undan ustun koʻrmasligiga ishonchi komil edi. Abu Talha juda boy kishi boʻlib, mohir chavandoz va kamonchi edi, shuningdek, Ummu Sulaym kabi Banu Najjor qabilasidan boʻlgan. Biroq shunday boʻlsa-da, Ummu Sulaym Abu Talhaga turmushga chiqishni rad etgan. Shunda Abu Talha Ummu Sulaymdan unga oʻzidan ham munosibroq odam bormi, deb soʻraydi, Ummu Sulaym esa buni mushrik kishiga turmushga chiqa olmasligi bilan izohlaydi. Shu sababli Abu Talha Islomni qabul qiladi va ular turmush quradilar. Ummu Sulaym Abu Talhaga Islom dinidan saboq bera boshlaydi. Abu Talha ham paygʻambar Muhammadga sodiq musulmonlardan biriga aylanadi. U xalifa Usmon davrida dengiz safarida vafot etadi va dengizga dafn qilinadi.

  1. Az-Zirakli 2002.
  2. Wheeler, Brannon. Animal Sacrifice and the Origins of Islam. Cambridge University Press, 23 June 2022 — 252-254-bet. ISBN 9781009063128. Qaraldi: 2023-yil 22-dekabr. 
  3. Kandemir 2012.