Kontent qismiga oʻtish

Vattosiylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vattosiylar davlati
1472 — 1554



Poytaxti Fos
Dini Sunniy islom
Pul birligi Dirham
Boshqaruv shakli Monarxiya, sultonlik
Sulola Vattosiylar sulolasi

Vattosiylar davlati (arabcha: الدَّوْلَة الْوَطَّاسِيَّة ‎ad-Dawla l-Waṭṭāsiyya) — 1472—1554-yillarda Marokashdagi davlat. Sulola sunniy musulmon berber qabilalaridan kelib chiqqan boʻlib, Mariniylar sulolasiga qarindosh boʻlgan. Avvaliga Mariniylar sulolasining vazirlari boʻlishgan, keyin Mariniylar sulolasi oʻrniga Marokashda hukmronlik qilishgan.

Hokimiyatga kelish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nasroniylarning Magʻrib (Marokash)ga hujumlari Mag‘ribda diniy his-tuyg‘ularning yanada kuchayishiga sabab bo‘ladi va har tomonda nasroniylarga qarshi kurashga chaqiriqlar yangray boshlaydi. Jamiyatdagi bunday vaziyat Mariniylarning qarindoshlari bo‘lmish Banu Vattoslarga amalda hokimiyatni egallab olishga yo‘l ochdi. Abu Zakariyo Yahyo avval hali norasida Abdulhaq II Mariniyning otabegi sifatida mamlakatni boshqarib, portugaliyaliklarga qarshi faol kurash olib boradi. Vattosiylar mariniylar saroyida yuqori lavozimlarni egallashgandi[1]. Biroq, 1458-yili Mariniylar hukmdori Abdulhaq II kuchayib ketayotgan Vattosiylar sulolasini qatag‘on qilishi natijasida ular qirg‘in qilinadi, faqat ikki kishi qirg‘indan qutulib qoladi. Ularning biri Muhammad Shayx Mahdiy bo‘lib, 1465—1472-yillarda Fosni boshqardi. 1472-yili taxt uchun kurashda g‘olib chiqqan Muhammad Shayx Mahdiy Fosda oʻzini sulton deb eʼlon qilib, yangi davlatga asos soldi[2].

Vattosiylarning hukmronligi, asosan, portugallarga qarshi kurashish va mamlakat shimolidagi Tanjer va boshqa shaharlardagi qo‘zg‘olonlarni bostirishdan iborat bo‘ldi. Muhammad II al-Burtuqoliy (1505—1524) va Abul Abbos Ahmad (1524—1550) Ispaniya va Portugaliyaning Mag‘ribga bosqinini to‘xtatishga katta kuch sarfladi. Shunga qaramay, sohilbo‘yidagi bir qancha manzilgohlar yevropaliklar tomonidan istilo qilindi[3].

Vattosiylarga eng katta xavf sahrodan bostirib kelayotgan Saʼdiylar sulolasi boʻlgan. Ammo Muhammad I Shayxdan keyingi Vattosiylar Saʼdiy urug‘iga mansub janublik zodagonlarning tobora o‘sib borayotgan qudratlariga qarshi turishga ojizlik qiladilar[4]. Sa’diylar 1549-yili Fosni ishg‘ol qilishdi. So‘nggi vattosiy hukmdor Abulhasan Ali ibn Muhammad Usmoniylar davlati yordamida taxtni qaytarishga urinib ko‘rdi, lekin bu harakatni Saʼdiylar yo‘qqa chiqarishadi. 1554-yili esa Vattosiylar davlati tugatildi[5].

  1. Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.
  2. Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. 451-bet.
  3. Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. 451-bet.
  4. Bosvort K. E. Musulmon sulolalari. – T.: „Fan“, 2007.
  5. Vohidov Sh., Qodirov A. Sharqning mashhur sulolalari. – Toshkent: Akademnashr, 2013. 451-bet.