Kontent qismiga oʻtish

Vladimir Ratsek

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vladimir Iosifovich Ratsek
Tavalludi 23-avgust 1918-yil
Sizran, Simber guberniyasi, RSFSR
Vafoti 10-noyabr 1980 (62 yosh)
Тoshkent, O‘zbekiston SSR, SSSR
Fuqaroligi Sovet Ittifoqi SSSR
Kasbi Alpinist, instruktor
Mukofotlari

Vladimir Iosifovich Ratzek (1918-yil 23-avgust — 1980-yil 10-noyabr) — sovet alpinisti, SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi (1954), 1950-yilda toqqa chiqish bo‘yicha SSSR chempionati g‘olibi. 1-toifali instruktor-metodist.

Urushdan oldingi yillarda Vladimir Iosifovich Ratsek Tyan-Shan va Pomirdagi bir qancha cho‘qqilarga ko‘tarilishlarni amalga oshirgan. Ulug‘ Vatan urushi yillarida u harbiy topograflar guruhida SSSRdagi ikkinchi eng baland cho‘qqi — G‘alaba choʻqqisining balandligi va joylashuv o‘rnini batafsil o‘rganib chiqqan va aniqlagan. Ushbu tadqiqot yangiliklari uchun Vladimir Iosifovich 1947-yilda  P.P. Semyonov-Tyan-Shanskiy nomli oltin medal bilan taqdirlangan. 1950-yilda u o‘zbek alpinistlarining  Lenin cho‘qqisiga  birinchi bor ko‘tarilishi harakatlariga boshchilik qilgan va bu harakat alpinizm tarixidagi eng ommaviy ko‘tarilish deya baholangan hamda 1950-yilda SSSR alpinizm chempionatida birinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan.

1955-yilda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamda Turkiston harbiy okrugining qo‘shma ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib, G‘alaba cho‘qqisiga chiqqan. Oʻzbekiston ekspeditsiyasi bilan bir vaqtda Qozogʻistonlik alpinistlar ham choʻqqiga ko‘tarilishga harakat qilishgan. Qozog‘iston va O‘zbekiston ekspeditsiyalari rahbariyatining muvofiqlashtirilmagan harakatlari, shuningdek, hujum otryadlari o‘rtasida yuzaga kelgan raqobat va noqulay ob-havo sharoiti natijasida qozoq guruhi deyarli butunlay halok bo‘lgan.

Vladimir Ratsek geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan. 1980-yilda Butunittifoq geografiya jamiyatining faxriy aʼzosi bo‘lgan. „Harbiy xizmatlari uchun“  va „Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“  kabi 12 ta medal bilan taqdirlangan. Harbiy unvoni-mayor[1]. Bir necha bor O‘zbekiston Alpinizm federatsiyasi raisi lavozimiga tayinlangan. 1941-yildan KPSS aʼzosi[2].

Urushgacha boʻlgan davr va urush yillaridagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vladimir Iosifovich Ratsek 1918-yil 23-avgustda Simbirsk viloyatining Sizran shahrida tug‘ilgan. Vladimirning otasi, asli chex bo‘lgan Iosif Ratsek graf Bobrinskiyning uyida bog‘bon bo‘lib ishlagan va uning taklifiga binoan Chexiyadan Rossiya imperiyasiga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda Iosif oila qurgan. Vladimir Ratsekning Yuriy ismli o‘zidan katta akasi ham bo‘lgan. 1931-yilda ularning oilasi Qirgʻizistonga ko‘chib o‘tadi. Ratsekning tog‘larga bo‘lgan ishtiyoqi 1932-yilda, otasi uni dorivor giyohlarni terish uchun toqqa olib chiqqanida boshlangan. 1935-yilda Ratsek komsomolning Frunze viloyati qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan Talas va Farg‘ona Olatovidagi qidiruv partiyasida ishlagan. Ushbu partiyada u uzunligi taxminan 700 kilometr bo‘lgan birinchi tog‘ sayohatini amalga oshiradi. 1936-yil kuzida Ratsek SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Mixail Pogrebetskiy rahbarligida Terskay-Ala-Toodagi Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari SSSR Ichki ishlar xalq komissarligining alpinizm bo‘yicha instruktorlar maktabini tamomlagan[3]. 1936-yil sentabr oyining oxirida Ratsek va boshqa bir qancha alpinistlar maktabining aʼzolari Tyan-Shandagi qutqaruv ishlarida qatnashadilar. Xon-Tengri cho‘qqisiga ko‘tarilgandan so‘ng, bir guruh alpinistlar yomon ob-havoga duch kelishadi, natijada guruh aʼzolari muzlab qolib jarohat oladilar (ushbu guruhda aka-uka Yevgeniy va Vitaliy Abalakovlar, shuningdek, Leonid Gutman, Mixail Dadiomov va Lorens Saladinlar ham bo‘lgan)[4]. Guruh aʼzolari Inilchek muzligigacha yetib borib u yerdan favqulodda signal yuborishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqaruv ishlari natijasida ekspeditsiyaning besh nafar aʼzosidan toʻrt nafari qutqarib qolingan (Lorens Saladin qutqaruvchilar guruhi yetib kelguniga qadar vafot etgan). Operatsiyadagi faol ishtiroki uchun ekspeditsiyaning barcha aʼzolari, shu jumladan Ratsek ham Qirg‘iziston komsomolining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan[5].

1937-yil 16-iyunda Ratsek 12 kishilik qirgʻiz alpinistlari guruhi hamrohligida birinchi mustaqil choʻqqi Qirgʻiziston Kommunistik partiyasi choʻqqisi(hozirgi Qorauldi, 4500 m, murakkablik darajasi 2A[6])ga ko‘tarilgan. Oʻsha yilning 17-iyulida u birinchi marta Manas choʻqqisiga (4370 m, murakkablik darajasi 2A[7]) va 3-avgustda Qorakoʻl choʻqqisiga (5281 m, murakkablik darajasi 4B[8]) moskvalik alpinistlar Nikolay Popov va Grigoriy Beloglazov va mahalliy alpinist Qasimali Baigazinovlar bilan birga ko‘tarilgan.  Keyinchalik Ratsek, Popov va Beloglazov Avgust Letavet boshchiligidagi ekspeditsiya tarkibigaga qo‘shilgan. Ushbu guruhda ularning asosiy vazifasi Stalin Konstitutsiyasi (keyinchalik bu cho‘qqi nomi Sovet Konstitutsiyasi cho‘qqisiga o‘zgartirilgan, hozirda esa Konstitutsiya cho‘qqisi deb nomlanadi. Balandligi 5284 m) va Kuylyutau tizmasidagi Karpinskiy cho‘qqisini (5100 m) zabt etish bo‘lgan. Ushbu ekspeditsiya doirasida 30-avgust kuni janubi-g‘arbiy tizma bo‘ylab Nansen cho‘qqisi (5697 m, murakkablik darajasi 5A) va shimoliy tizma bo‘ylab Stalin Konstitutsiyasi cho‘qqisiga (7-sentabr, murakkablik darajasi 2A) birinchi ko‘tarilishlar amalga oshirilgan. Ratsek har ikkala ko‘tarilishda ham ishtirok etgan. Karpinskiy cho‘qqisi ekspeditsiyaning boshqa aʼzolari tomonidan Stalin Konstitutsiyasi cho‘qqisiga ko‘tarilish bilan bir vaqtda zabt etilgan. Ekspeditsiyadan qaytgach, Ratsek Qorakoʻlda qoladi va bu yerda mahalliy sportchilar orasida 44 ta yangi alpinistlarni tayyorlagan ,,SSSR alpinisti" nishoni tayyorgarlik kursida o‘qigan[9].

Janubiy Inylchek muzligi

1937-yilda katta muvaffaqiyatlardan so‘ng Ratsek Respublika Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasida instruktor vazifasiga tayinlangan. Oradan bir muddat o‘tib, Qirg‘iziston alpinizm va turizm klubini boshqargan. U Qirgʻizistonda alpinistlarni tayyorlash bo‘yicha barcha tashkiliy-uslubiy ishlarga mas’ul, shu bilan birga turli toqqa chiqish va piyoda yurish harakatlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan[10]. 1938-yil yanvar oyida Ratsek jamoa rahbari sifatida Manas cho‘qqisiga birinchi qishki ko‘tarilishni amalga oshirgan. So‘ngra 22 kun davom etgan Qirgʻiziston, Talas va Fargʻona tizmalari bo‘ylab 1000 kilometr uzunlikda cho‘zilgan tog‘ chang‘isi sayohatida qatnashgan[11]. 1938-yil 8-iyulda Ratsek Qirgʻizistonning Choʻqtal dahasidagi Kobirgʻa choʻqqisiga (4593 m) birinchi koʻtarilishni amalga oshirgan[12].

1938-yil iyul oyida Ratsek Inilchek va Zvyozdochka muzliklarining o‘rganilmagan hududlari hamda keyinchalik Komsomolning 20 yilligi cho‘qqisi (hozirgi G‘alaba choʻqqisi, 7439 m) nomini olgan nomsiz cho‘qqiga qadar borgan razvedka ekspeditsiyasi tarkibiga qo‘shilgan[13]. Ushbu ekspeditsiyaga Avgust Letavet rahbarlik qilgan. Hujum guruhini esa Leonid Gutman boshqargan. Ekspeditsiya oldiga qo‘yilgan asosiy masala cho‘qqini zabt etish va unga ko‘tarilish mumkin bo‘lgan yondashuvlarni aniqlash hamda ushbu hududdagi Inilchek muzligining yuqori qismini o‘rganish bo‘lgan. Sentabr oyi boshida guruh harakatni boshlaydi. Ratsek hujum guruhi tarkibida bo‘lgan, biroq, 10 sentabr kuni 4800 metr balandlikda kasal bo‘lib qolishi natijasida ertasi kuni Yevgeniy Ivanov hamrohligida pastga tushgan. Keyinchalik Ratsek 18 metr chuqurlikdagi yoriqqa qulashi natijasida og‘ir jarohat olgan yarador Aleksandr Muxinni evakuatsiya qilishda faol ishtirok etgan[14]. Yo‘qotishlarga qaramay, hujum guruhi ko‘tarilishda davom etadi va 19-sentabr kuni Leonid Gutman, Yevgeniy Ivanov va Aleksandr Sidorenko „Komsomolning 20 yilligi cho‘qqisi“ deb atalgan cho‘qqiga yetib borishga muvaffaq bo‘ladi. 1956-yilda fotosuratlarni taqqoslash natijasida 1938-yilda Vitaliy Abalakov guruhi tomonidan zabt etilgan cho‘qqi aslida G‘alaba cho‘qqisi ekanligi maʼlum bo‘ladi va shu tariqa Gutman, Ivanov va Sidorenkolar G‘alaba cho‘qqisiga qadam qo‘ygan birinchi alpinistlar sifatida eʼtirof etiladi[15].


1938-yilning kuzida Ratsek Qizil bayroqli Oʻrta Osiyo harbiy okrugi(1945-yildan Qizil bayroqli Turkiston harbiy okrugi)ning jangovar tayyorgarlik bo‘limiga harbiy xizmatga chaqirilgan. U yerda Ratsek Pomir va Tyan-Shan tog‘ida qo‘shinlarni  tayyorlash bilan shug‘ullangan[16].

1939-yilda Ratsek Yigit cho‘qqisiga (5170 m, sharqiy tizma bo‘ylab, murakkablik darajasi 5A) ko‘tarilishni amalga oshirgan[17]. 1940-yilda u alpinizm bo‘yicha SSSR sport ustasi unvoniga sazovor bo‘ladi. 1941-yilda Ratsek birinchi marta Orqa ili olatovidagi „Tumanli“ tepaligiga ko‘tarilgan[18]. Ulug‘ Vatan urushining dastlabki yillarida Ratsek Qizil Armiya safida tog‘li tayyorgarlikdan o‘tish uchun Eron hududiga yuborilgan. Bu davrda Ratsek Turkiston harbiy okrugi qoʻmondonligi buyrugʻi bilan 1943-yilda Eronning eng baland choʻqqisi — Damavend  vulqoni (5610 m) choʻqqisiga koʻtarilgan. Ratsek ushbu cho‘qqi tepasida fashistlar ramzlari o‘rnatilgan bayroqlarni olib tashlashi va ularning o‘rniga Sovet bayroqlarini o‘rnatishi kerak bo‘lgan. Ratsek va unga hamroh bo‘lgan Pavel Rapasov topshiriqni muvaffaqiyatli bajarib, 1943-yil 26-iyulda Damavend cho‘qqisiga chiqadilar. Operatsiyaning muvoffaqiyatli yakunlanishi natijasida Ratsek „Harbiy xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlangan va kapitan darajasiga ko‘tarilgan[19].

1943-yilda Ratsek Pavel Rapasov boshchiligidagi harbiy topograflar guruhi tarkibida tizmalarning orografiyasini yaxshilash uchun Markaziy Tyan-Shanga yuboriladi. Guruh Sovet Ittifoqidagi ikkinchi eng baland cho‘qqi, o‘sha paytda komsomolning 20 yilligi cho‘qqisi deb atalgan Tyan-Shanning eng baland cho‘qqisi pozitsiyasini aniqlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Keyinchalik Toshkent shahrida toʻplangan maʼlumotlar natijalariga koʻra choʻqqining aniq balandligi (7439 m) hisoblab chiqilgan. Bu cho‘qqi Ratsek taklifiga binoan G‘alaba choʻqqisi deb nomlangan. Ushbu kashfiyotlar uchun Butunittifoq geografiya jamiyati 1947-yilda ekspeditsiyaning barcha aʼzolarini P.P. Semyonov-Tyan-Shanskiy nomidagi oltin medallar bilan taqdirlagan[20].

Urushdan keyingi davr (1945-1954)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urushdan keyin Ratsek sport alpinizmiga qaytgan. 1945-yildan boshlab Pomirda topografiya boʻlimida faoliyat yuritgan. Ishni alpinizm faoliyati bilan uygʻunlashtirgan holda olib borgan. 1948-yilda Ratsek Toshkentdagi tuman ofitserlar uyi qoshidagi sport klubida alpinizm seksiyasiga asos solgan[21]. 1949-yilda Ratsek shoir va olim Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan shoir nomi bilan ataluvchi Alisher Navoiy choʻqqisiga (4282 m) chiqishni boshlab bergan. Xuddi shu yili Ratsek Pol Robson cho‘qqisiga (4282 m) birinchi ko‘tarilishni amalga oshirgan.

Oloy vodiysidan shimoldan Lenin choʻqqisining koʻrinishi

1950-yilda Ratsek boshchiligida Sovet Armiyasining oʻzbekistonlik alpinistlardan iborat jamoasi Lenin muzligidan (murakkablik darajasi 4B) shimoliy yonbagʻir boʻylab Lenin choʻqqisiga (7134 m) koʻtarilgan. Ushbu harakatni amalga oshirishdan oldin guruh tomonidan uzoq va puxta tayyorgarlik ko‘rilgan. Cho‘qqining shimoliy yonbag‘irlari samolyotda o‘rganilib chiqilgan[22]. Bir oy davomida guruh yaqin atrofdagi 4 ta cho‘qqiga ko‘tarilgan, shuningdek, 6000 m balandlikdagi Lenin cho‘qqisi yonbag‘irlariga akklimatizatsiya yurishini amalga oshirgan.

Hujum guruhi 9-avgust kuni 4200 m balandlikdagi tayanch lagerini tark etadi.11-avgust kuni ushbu guruhning 14 nafar alpinisti 6400 m balandlikka muvaffaqiyatli ko‘tariladi va u yerda iqlimga moslashish uchun ikki kun qoladi. 14-avgust kuni guruh 7000 m balandlikdagi navbatdagi lagerga yetib boradi. Ertasi kuni ertalab otryadning 14 aʼzosidan 12 nafari yakuniy cho‘qqi tomon yo‘lga tushadi[23]. Nikolay Barabanov va Aleksandr Ryabuxin balandlik kasalligi alomatlari kuchayganligi sababli safarlarni davom ettira olmaydi. Manzil sari yo‘lga tushgan 12 alpinistning barchasi cho‘qqiga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ladi. Bu ko‘tarilish o‘sha paytdagi alpinizm tarixidagi eng yirik harakat va O‘zbekiston tomonidan Lenin cho‘qqisiga amalga oshirilgan birinchi muvaffaqiyatli ko‘tarilish bo‘lgan. Lenin cho‘qqisi tomon amalga oshirilgan ushbu harakatlar 1950-yilda SSSR alpinizm chempionatining oltin medallariga munosib ko‘rilgan[24].

1951-yilda Orqa oloy tizmasidagi Tinchlik cho‘qqisi sari (4950 m) birinchi ko‘tarilish harakatlari boshlanadi[25]. 1952-1953-yillarda Ratsek toqqa chiqishning yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida G‘alaba cho‘qqisi massivini o‘rganishga bag‘ishlangan bir necha ekspeditsiyani amalga oshirgan. Ekspeditsiya xulosalariga tayanib, Ratsek „Inilchek muzligi tomondan G‘alaba cho‘qqisiga chiqadigan eng xavfsiz, lekin eng uzun yo‘l sharqiy tizma deb hisoblanishi kerak“, deb yozib qoldirgan. 1954-yilda Ratsek SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi unvoniga sazovor bo‘lgan. Shu yili uning boshchiligidagi bir guruh harbiy alpinistlar birinchi marta Lenin cho‘qqisini Razdelnaya cho‘qqisi orqali kesib o‘tishga muvoffaq bo‘lgan. Ushbu ekspeditsiyaning hujum guruhiga 1950-yilda Lenin cho‘qqisiga ko‘tarilishda ishtirok etgan besh nafar tajribali alpinistlar kiritilgan. Shuningdek, bir nechta yosh alpinistlardan iborat yordamchi otryad ham tashkil qilingan. Ushbu otryadning vazifasi hujum guruhiga jihozlarni yetkazib berish va oraliq lagerlarni o‘rnatishda yordam ko‘rsatish bo‘lgan. Yordamchi otryad aʼzolari atrofdagi balandligi 5000 m dan yuqori bo‘lgan 10 dan ortiq cho‘qqilarga ko‘tarilib, avgust oyi boshida asosiy harakatni amalga oshirish uchun tayyorgarlikni boshlaydi. Hujum guruhi 28-avgust kuni jo‘nab ketadi. 30-avgust kuni hujum guruhi Razdelnaya cho‘qqisiga ko‘tarilib, u yerdan 31-avgust kuni g‘arbiy tizma bo‘ylab Lenin cho‘qqisiga chiqadi. 3-sentabr kuni esa guruh Lenin cho‘qqisining eng yuqori nuqtasiga yetib boradi va o‘sha kuni ular ortga, asosiy lagerga tushishga muvaffaq bo‘ladi[26].

1955-yil G‘alaba cho‘qqisiga uyushtirilgan ekspeditsiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Shimoldan Pobeda choʻqqisi

1955-yilda Ratsek O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamda Turkiston harbiy okrugining qo‘shma ekspeditsiyasini G‘alaba cho‘qqisiga olib borgan. Ular bilan bir paytda SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Yevgeniy Kolokolnikov boshchiligidagi Qozog‘iston alpinistlar klubining yana bir ekspeditsiyasi ham bo‘lgan[27]. Qozog‘iston ekspeditsiyasi sharqiy tizma, O‘zbekiston ekspeditsiyasi esa shimoliy tizma bo‘ylab ko‘tarilishni rejalashtirgan. Butunittifoq Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan toqqa chiqish tartibiga ko‘ra, birinchi navbatda qozoq ekspeditsiyasi harakatni boshlashi, ularning harakati tugagandan keyingina O‘zbekiston jamoasining toqqa chiqishiga ruhsat berilgan. Shuningdek, guruhlarga hali inson qadami yetib bormagan cho‘qqini zabt etish uchun kuchlarni birlashtirish taklif qilingan. O‘zbekiston ekspeditsiyasi rahbariyati ushbu taklifga rozi bo‘lgan, biroq qozoq guruhi rad etgan[28].

Buyruqdan farqli o‘laroq, Ratsek o‘z guruhiga qozoq guruhi bilan bir vaqtda ko‘tarilishga ko‘rsatma beradi. Oʻzbek guruhi tomonidan kelib chiqqan raqobat taʼsirida qozoq ekspeditsiyasi rahbariyati cho‘qqiga koʻtarilishning dastlabki rejasini oʻzgartiradi va jamoa ichidagi kelishmovchiliklarga qaramay, choʻqqiga „yo‘l holatiga ko‘ra“ bostirib borishga qaror qiladi. Ratsek ham xuddi shu harakatni qo‘llaydi.

Har ikkila guruh ham 12-avgust kuni toqqa chiqishga erishadi. Qozog‘iston jamoasi 4200 m balandlikdagi tayanch lagerni tark etib, harakatni davom ettiradi. O‘zbekiston jamoasi ham 4400 m balandlikdan start oladi. Bir necha kundan so‘ng, 19-avgust kuni qozoq guruhi 6900 m balandlikda to‘xtaydi. O‘zbek guruhi ham xuddi shunday balandlikga joylashadi. Biroq 19-avgust kuni kechki payt ob-havo keskin yomonlashib, qor bo‘roni boshlanadi. Davomli og‘ir harakatlardan charchagan qozog‘istonlik alpinistlar lagerni to‘g‘ri tashkil qila olmaydilar. Guruh aʼzolari bir necha kun davomida yomon ob-havoning o‘zgarishini kutib, so‘ngra yordam so‘rab pastga tushishga urinib ko‘radi. Buning oqibatida ekspeditsiya aʼzolari birin-ketin halok bo‘la boshlaydi. Oxir-oqibat, lagerga tushgan 12 kishidan faqat bitta alpinist, 23 avgust kuni Zvezdochka muzligidan pastga tushmoqchi bo‘lganda yoriqqa qulab tushgan olmaotalik Ural Usenov omon qoladi. Qozog‘iston ekspeditsiyasining qutqaruv guruhi uni ertasi kuni uni topadi.

O‘zbekiston terma jamoasi noqulay ob-havoni o‘tkazib, ertasi kuni tongda yana olg‘a yurishga urinib ko‘radi, ammo bu urunish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 25-avgust kuni guruh ekspeditsiya rahbariyati tomonidan shimoliy tizmadan 26-27-avgust kunlari tushgan tayanch lagerga chaqiriladi. Hujum guruhi ishtirokchilaridan Ratsek va Kolokolnikov boshchiligida qutqaruv otryadi tuziladi. 28-avgust kuni Kolokolnikovning betobligi tufayli boshqaruv to‘liq Ratsekka o‘tkaziladi. Biroq, bir necha kunlik qutqaruv ishlari davomida uning guruhi Zvyozdochka muzligining yuqori oqimida yuqoriga ko‘tarila olmay, atigi 5100 m balandlikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ladi. Ratsek loqaylik qilgani uchun vazifasidan ozod etiladi va Butunittifoq Kasaba uyushmalari Markaziy Kengashining bir guruh alpinistlari bilan zudlik bilan fojia joyiga etib kelgan Yevgeniy Beletskiy va Kirill Kuzminga qutqaruv ishlariga rahbarlik qilish vazifasi topshiriladi. Qutqaruv operatsiyalari davomida muzlagan ikki alpinistning jasadi(muzdan yiqilib tushgan bo‘lishi mumkin) va boshqalarning izlari topiladi[29].

1955-yildan keyin

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1955-yilgi ekspeditsiyadan so‘ng, xizmatdagi ko‘ngilsizliklarga qaramay, Ratsek ishdan bo‘shatilmaydi. Unga Pomir va Tyan-Shanga armiyaning toqqa chiqish ekspeditsiyalarini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, o‘quv va sport lagerlariga rahbarlik qilishni davom ettirish vazifasi yuklatiladi. 1956-yilda Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi hamda Sovet Armiyasi ekspeditsiyasi Ratsek boshchiligida shimoliy-sharqiy tizma boʻylab Pomirning Oloy togʻ tizmasidagi Qizil-Agin choʻqqisiga (6678 m, murakkablik darajasi 5A) birinchi koʻtarilishni amalga oshiradi. 1957-yilda Ratsekning taklifi bilan Oʻzbekiston SSR sport qoʻmitasining qaroriga muvofiq „Lenin choʻqqisi“ mukofoti taʼsis etilgan va ushbu mukofot mazkur choʻqqini zabt etishga muvaffaq boʻlgan alpinistlarga topshirilgan. Ratsek va uning jamoasi 1957-1958-yillarda Sovet Ittifoqining eng baland nuqtasi Stalin cho‘qqisi (keyinchalik Kommunizm cho‘qqisi, hozirgi Ismoil Somoniy choʻqqisi, 7495 m)ga chiqishga urunish bilan band bo‘lgan. 1958-yilda O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi hamda Turkiston harbiy okrugi qo‘shma jamoasi tomonidan sharqiy tizma (m.d. 5B) bo‘ylab kommunizm cho‘qqisiga ko‘tarilish harakatlari SSSR chempionatida alpinizm bo‘yicha baland tog‘ toifasida birinchi o‘rinni egallagan. Ratsek jamoa murabbiyi sifatida birinchi darajali diplom bilan taqdirlangan. 1958-yil sentabr oyida Ratsek Dzerjinskiy cho‘qqisiga (6713 m) uyushtirilgan ekspeditsiyaga rahbarlik qiladi. Ekspeditsiya yo‘nalishi Koman muzligidan shimoliy tizma bo‘ylab (m.d. 4B) yangi yo‘nalish asosida cho‘qqiga chiqishni o‘z ichiga oladi[30].

1959-yilda Ratsek boshchiligidagi oʻzbek alpinistlari G‘alaba choʻqqisini yana bir bor zabt etish uchun yoʻlga chiqadi. 1955-yildagi kabi, O‘zbekiston jamoasi shimoliy tizma bo‘ylab cho‘qqiga chiqish yo‘lini tanlaydi. Bu yo‘l cho‘qqiga chiqishning eng qisqa va eng oson yo‘li hisoblansa-da, qor ko‘chkisi xavfi yuqori bo‘lgan. Hujum guruhini Pyotr Karpov boshqargan. Hujum guruhi aʼzolarining umumiy soni 25 kishini tashkil etgan. Ular orasida cho‘qqiga chiqishni niyat qilgan tajribali va o‘qitilgan alpinistlar, shuningdek, oraliq lagerlarni tashkil qilish uchun oziq-ovqat va jihozlarni etkazib berish vazifasini bajaruvchi yordamchi guruh aʼzolari ham bo‘lgan.

Ekspeditsiya rahbariyati toqqa chiqishda yana o‘sha yildagi taktikani qo‘llaydi. Ko‘tarilish vaqtida yordamchi guruh oraliq lagerlar qurib, pastga tushadi. Hujum guruhining to‘rtta alpinisti, shuningdek, oxirgi yordamchi guruhdan yana to‘rt nafar alpinist 7100 m balandlikka qadar ko‘tarilib borib, oxirgi otishdan oldin lager tashkil qilishadi. Lagerni o‘rnatgandan so‘ng, yordamchi guruh vakillari yerga tushishni boshlaydi, ammo ular atigi 100 metrga, 7000 m balandlikka tushishga muvaffaq bo‘lishadi. Shundan so‘ng ular qazilgan qor g‘orida favqulodda to‘xtashni tashkillashtiradi. Ertasi kuni tongda ular pastga tushishni davom ettira olmay, favqulodda signal berishga majbur bo‘ladi. Hujum otryadi ularning oldiga tushib, evakuatsiya harakatlarini boshlaydi. 26-avgust kuni 6700 m balandlikda tashkillashtirilgan dam olish lagerida alpinistlardan biri vafot etadi. 27-avgust kuni esa 6600 m balandlikda yana ikki alpinist halok bo‘ladi. Ob-havoning yomonlashuvi oqibatida qolgan ishtirokchilar tushishni davom ettira olmaydilar. Ommaviy qutqaruv operatsiyalari tashkil etiladi. Operatsiya davomida qozoq ekspeditsiyasining faqat ikki nafar alpinisti V. Sverkunov va A. Vododoxovlar oldinga oʻtishga muvaffaq boʻladi. Ularning harakatlari natijasida hujum guruhining qolgan aʼzolari yo‘qotishlarsiz pastga tushib oladi. Ekspeditsiyaning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi natijasida Ratsekning unvoni pasaytiriladi va o‘z vazifalarining bir qismidan vaqtincha chetlashtiriladi.

Oradan bir yil o‘tib, 1960-yilda G‘alaba cho‘qqisiga navbatdagi ekspeditsiya tashkil etiladi. Ekspeditsiyaning maqsadi darrani g‘arbiy qanotdan Chonteren dovonigacha to‘liq bosib o‘tib, sharqdan yangi yo‘nalish bo‘ylab Xon Tengri tepaligiga chiqish va yangi yo‘llarni aniqlash bo‘lgan. Ekspeditsiya ishtirokchilariga 1959-yilgi ekspeditsiyada halok bo‘lgan alpinistlarning jasadlarini olib chiqish vazifasi ham topshiriladi. Ekspeditsiya Osip Grinfeld boshchiligidagi kasaba uyushmalari guruhi va Ratsek boshchiligidagi Turkiston harbiy okrugi alpinistlaridan tarkib topgan ikki qismdan tashkil topgan. 50 kishidan iborat ekspeditsiyaga umumiy rahbarlik qilish vazifasi Kirill Kuzminga topshiriladi. Biroq, ekspeditsiyaning ikkinchi kunida, qariyb 5200 m balandlikdagi qorli plato bo‘ylab harakatlanayotganda, guruhning ko‘p qismi katta maydonning (o‘lchami 200 dan 100 metrgacha) qor ko‘chkisi ostida qolishi natijasida 10 nafar alpinist halok bo‘ladi. Vafot etganlarning jasadlari 20-iyul kuni tayanch lagerga tushiriladi. Shundan so‘ng, ekspeditsiyani tugatishga qaror qilinadi.

1963-yil avgustda Ratsek yana bir ekspeditsiyaga rahbarlik qiladi. Ushbu ekspeditsiya doirasida bir vaqtning o‘zida Engels choʻqqisiga (6510 m) ikki yangi yo‘nalish: janubi-sharqiy tizma (m.d. 5B) va g‘arbiy tizma (m.d. 5A) bo‘ylab harakat tashkil etiladi. Keyingi yili ham Ratsekka ekspeditsiyaga rahbarlik qilish vazifasi yuklatiladi. Mazkur ekspeditsiyaning maqsadi Oktabr cho‘qqisidan (6780 m) g‘arbiy tizma bo‘ylab Lenin cho‘qqisiga ko‘tarilib, shimoliy nuqtadagi Krilenko dovoni (m.d. 5B)dan pastga tushish bo‘lgan.

1964-yilda Ratsek yangi tashkil etilgan O‘zbekiston tog‘ chang‘isi federatsiyasi prezidiumi raisiligiga saylanadi. Ratsek 1969-yilgacha Turkiston harbiy okrugi tog‘ tayyorgarligi masalalari bo‘yicha qo‘mondon o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib, faoliyatini podpolkovnik unvoni bilan tugatgan .

1980-yil 12-oktabrda Toshkent shahrida 62 yoshida vafot etgan. Botkin ko‘chasidagi qabristonga dafn etilgan.

Ilmiy faoliyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ratsek 1960-yilda Toshkent Davlat universitetining geografiya fakultetini sirtdan tamomlagan. 1970-yilda Moskva davlat universitetida geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun „Oʻrta Osiyo baland togʻ zonasining orfografiyasi va muzlanishining xususiyatlari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Zahiraga chiqarilgach, tabiatni muhofaza qilish jamiyatida ishlagan, so‘ngra O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi huzuridagi biosfera muammolari bo‘yicha ilmiy kengash ilmiy kotibi etib tayinlangan. 1978-yilda Toshkent Davlat universitetiga dars berish uchun taklif qilingan va uning tashabbusi bilan geografiya fakultetida turizm va o‘lkashunoslik kafedrasi tashkil etilgan. 1980-yilda Butunittifoq geografiya jamiyatining faxriy aʼzosi etib saylangan. Ratsek alpinizmga bag‘ishlangan 60 dan ortiq kitob va ilmiy maqolalar yozgan.

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turmush o‘rtog‘i Galina Arkadevna Ratsekning vafotidan so‘ng katta qizi Nadejda va uning turmush o‘rtog‘i bilan AQShga ko‘chib o‘tgan. Ratsekning kenja qizi Irina otasining vafotidan keyin Moskvada qolgan .

Qirgʻiz Olataudagi Alaarcha darasida balandligi 4150 mni tashkil etuvchi choʻqqi Ratsek sharafiga nomlangan. 1981-yil avgust oyida turkistonlik alpinistlar shimoliy devor boʻylab 5801 m balandlikdagi Zulumart tizmasidagi Kommunarov tizmasi sharqiy etagidagi Pomir choʻqqilaridan biriga birinchi ekspeditsiyani uyushtirgan. Toqqa chiqishdan soʻng ular choʻqqini Ratsek choʻqqisi deb atashgan.

1973-1974-yillarda tashkil etilgan „Burevestnik“ ixtiyoriy sport jamiyati Toshkent viloyat kengashining alpinizm seksiyasi 1987-yilda Vladimir Ratsek nomidagi Toshkent alpinizm klubi deb nomlangan.

2011-yil 12-aprel kuni O‘zbekistonning Chirchiq shahri yaqinidagi Tovoqsoy qishlog‘ida Vladimir Ratsek nomidagi alpinizm uy-muzeyi ochilgan. Muzey Ratsek bilan tanish bo‘lgan bir guruh ishqibozlar tomonidan tashkil etilgan. Muzeyda uning shaxsiy buyumlari va fotosuratlari namoyish etilgan.

Sportdagi yutuqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alpinizm boʻyicha SSSR chempionati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maʼlumotlar P. S. Rototayev kitobidan olingan maʼlumotlarga muvofiq keltirilgan.

  • 1950 yil — 1st1-o‘rin (balandlik toifasi), Sovet Armiyasi jamoasi rahbari sifatida Lenin cho‘qqisiga chiqish. Jamoa tarkibi: V. Aksyonov, V. Zaporojchenko, Yuriy Isroil, Valentin Kovalev, Yu. Maslov, Anatoliy Kormshchikov, Eduard Nagel, Viktor Narishkin kiradi. Vladimir Nikonov, Vitaliy Nozdryuxin, Ivan Rojnov.

Bibliografiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • R. N. Levchenko, V. I. Ratsek. Charvak i Chimgan — zoni otdixa. — Tashkent: Uzbekistan, 1972. — 45 s.
  • N. I. Leonov, V. I. Ratsek. Po Alayu. — Tashkent: Gosizdat UzSSR, 1962. — 136 s.
  • B. R. Marechek, V. I. Ratsek. Alpinisti Sovetskoy Kirgizii. — Frunze: Obщestvo po rasprostraneniyu politicheskix i nauchnix znaniy Kirgizskoy SSR, 1952. — 36 s.
  • V. I. Ratsek. V storone ot protorennix dorog. — Tashkent: Uzbekistan, 1984. — 103 s.
  • V. I. Ratsek i dr. Govoryat vosxoditeli. — Tashkent: Gosizdat UzSSR, 1963.
  • V. I. Ratsek. Zagadka snejnogo cheloveka. — Tashkent: Yesh gvardiya, 1962. — 111 s.
  • V. I. Ratsek. Zagadka Xan-Tengri. — Tashkent: Obʼedinennie izdatelstva ,,Pravda Vostoka" i ,,Kzil Uzbekistan", 1949. — 48 s.
  • V. I. Ratsek. Korjenevskiy L. N.. — Tashkent: FAN, 1977. — 52 s.
  • V. I. Ratsek. Ledyanoe serdse Pamira. — Tashkent: Uzbekistan, 1980. — 128 s.
  • V. I. Ratsek. Pik Kommunizma (7492m) — visotniy polyus Soyuza SSR. — Tashkent, 1972.
  • V. I. Ratsek. Pik Lenina. — Tashkent: Uzbekistan, 1968. — 69 s.
  • V. I. Ratsek. Po dorogam Sredney Azii. — Tashkent: Uzbekistan, 1972. — 111 s.
  • V. I. Ratsek. Pyat visochayshix vershin SSSR. — Tashkent: Gosizdat UzSSR, 1974. — 118 s.
  • V. I. Ratsek. Razvenchannie legendi. — Tashkent: Gosizdat UzSSR, 1963. — 36 s.
  • V. I. Ratsek. Tisyacha otvajnix. — Tashkent: Yesh gvardiya, 1971. — 117 s.
  • V. I. Ratsek. Chimgan. — Tashkent: Uzbekistan, 1964. — 35 s.
  • В. И. Рацек, И. В. Юхин. В районе пика Победы // Сборник «Побеждённые вершины 1953». — M.. Архивировано 22 sentyabr 2022 года.
  • В. И. Рацек. Ледник имени Г.Е. Грумм-Гржимайло // Известия Всесоюзного Географического общества. — Издательство Академии наук СССР, 1949. — Вып. 1. — С. 103.
  • В. И. Рацек. Новейшее исследование Центрального Тянь-Шаня и открытие пика Победы // Труды Узбекского географического общества. — Ташкент: Издательство АН УзССР, 1948. — Т. II. — С. 46—63.
  • В. И. Рацек. Оледенение массива пика Победы // Географический сборник. — M..
  • В. И. Рацек. Открытие пика Победы // Известия Всесоюзного Географического общества. — Издательство Академии наук СССР, 1946. — Вып. 5—6. — С. 583.
  • В. И. Рацек. Формы «ельчатого снега» на Тенгри-Таг // Сборник «Побеждённые вершины 1973—1974». — M.. Архивировано 22 sentyabr 2022 года.
  1. „Рацек Владимир Иосифович 1918 г.р.“. 2010-yil 14-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 5-fevral.
  2. P. P. Zaxarov, A. I. Martinov, Yu. A. Jemchujnikov, 2006, s. 606.
  3. Chexi v alpinizme Kirgizii (Wayback Machine saytida 2022-09-22 sanasida arxivlangan). mountain.kg. Data obraщeniya: 5 marta 2017. Arxivirovano 19 maya 2016 goda.
  4. Vladimir Ratsek. Ministry of Foreign Affairs of the Czech Republic. Data obraщeniya: 5 marta 2017.
  5. G. V. Kalinin. Ratsek Vladimir Iosifovich (1918—1980). Klub alpinistov „Sankt-Peterburg“, www.alpklubspb.ru. Data obraщeniya: 19 marta 2017. Arxivirovano 9 iyulya 2016 goda.
  6. P. P. Zaxarov. Gutman Leonid (1912—1942). Klub alpinistov „Sankt-Peterburg“, www.alpklubspb.ru. Data obraщeniya: 19 marta 2017. Arxivirovano 8 oktabrya 2016 goda.
  7. B. R. Marechek, V. I. Ratsek, 1952, s. 35.
  8. I. A. Cherepov, 1951, Chast I. Pik Stalinskoy Konstitutsii.
  9. D. M. Zatulovskiy, 1948, s. 33.
  10. M. E. Grudzinskiy, 1972, s. 254.
  11. D. M. Zatulovskiy, 1948, s. 112.
  12. D. M. Zatulovskiy, 1948, s. 120—122.
  13. D. M. Zatulovskiy, 1948, s. 123—124.
  14. D. M. Zatulovskiy, 1948, s. 128.
  15. K. K. Kuzmin, 1972.
  16. Ratsek Vladimir Iosifovich. Klub alpinistov „Sankt-Peterburg“, www.alpklubspb.ru. Data obraщeniya: 5 marta 2017. Arxivirovano 13 marta 2017 goda.
  17. E. Jdanov, G. V. Kalinin. Pik Ratseka. Ministerstvo oboroni Rossiyskoy Federatsii, gazeta Krasnaya Zvezda (8 iyulya 2009). Data obraщeniya: 7 marta 2017. Arxivirovano 24 oktabrya 2016 goda.
  18. Igor Yermakov. Sekretnaya ekspeditsiya na „makushku“ Irana. Tyumenskiy Kurer (17 iyulya 2009). Data obraщeniya: 31 marta 2017. Arxivirovano 1 aprelya 2017 goda.
  19. Ye. A. Beleskiy, 1970, Snova u pika Lenina.
  20. I. V. Yuxin, 1951.
  21. P. S. Rototaev, 1977, pril. 1.
  22. V. A. Kizel, 1959.
  23. A. I. Polyakov, 1959, s. 50.
  24. Ratsek Vladimir Iosifovich. Tyumenskaya regionalnaya federatsiya alpinizma. Data obraщeniya: 10 marta 2017. Arxivirovano 12 marta 2017 goda.
  25. C. M. Savvon, 1966.
  26. Luchshie sportivnie vosxojdeniya, 1962, s. 354.
  27. Osobennosti orografii i oledeneniya visokogornoy zoni Sredney Azii. Rossiyskaya gosudarstvennaya biblioteka. Data obraщeniya: 27 marta 2017.
  28. Pik Ratseka. mountain.ru. Data obraщeniya: 10 marta 2017. Arxivirovano 19 maya 2017 goda.
  29. I. Popova. Gori. Lyudi. Jizn.. Klub alpinistov „Sankt-Peterburg“, www.alpklubspb.ru. Data obraщeniya: 31 marta 2017. Arxivirovano 13 aprelya 2017 goda.
  30. Dom-muzey Alpinizma imeni Vladimira Ratseka. Ministry of Foreign Affairs of the Czech Republic. Data obraщeniya: 31 marta 2017. Arxivirovano 1 aprelya 2017 goda.
  • Е. А. Белецкий. Пик Ленина, M.. 
  • Д. М. Затуловский. . 
  • П. П. Захаров, А. И. Мартынов, Ю. А. Жемчужников. . ISBN 5987240301. 
  • П. С. Рототаев.. К вершинам. Хроника советского альпинизма. 
  • И. А. Черепов. .