Kontent qismiga oʻtish

Vois Rahimiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Vois Rahimiy
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1904-yil
Qoʻqon
Vafoti 1938-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • jamoat xodimi

Vois Rahimiy (1904-yilda tugʻilgan) – oʻzbekistonlik jamoat xodimi, tarjimon hamda pedagog.

Hayoti va mehnat faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vois Rahimiy Xiva shahrida, saroy xizmatkori miroxoʻr oilasida dunyoga kelgan. Avval eski usuldagi maktabda, soʻng „noʻgʻay maktabi“ deb nomlanuvchi maxsus tatar jadid maktabida tahsil olgan. Maktabni tamomlagach, oʻzi ham boshlangʻich sinflarga dars bergan. Rahimiy jadidlar taʼsirida ulgʻayganligi sabab xonlikdagi islohotlar uchun kurashlarda faol ishtirok etgan.

1917-yilda jadid taraqqiyparvarlari taʼsiri ostida tatar muallimlar institutida oʻqish uchun Orenburgga yoʻl olgan, 1918-yilgi yozgi taʼtilda Xorazmga qaytgan va ayrim iqtisodiy yetishmovchiliklar sababli oʻqishni davom ettira olmagan. 1918—1920-yillarda sovun korxonasida oddiy ishchi boʻlib xizmat qilgan.

1920-yil Bokuda Sharq xalqlari syezdida qatnashgan. Xivada xonlik tuzumi agʻdarilgach, „Yosh xivaliklar“ tashkiloti aʼzosi boʻlgan Vois Rahimiy 1920-yilning iyun oyida qayta Orenburgga yoʻl olgan va oʻqishini davom ettirgan. Biroq bu safar fuqarolar urushining avj olib ketishi uni yana oʻqishini davom ettirishga toʻsqinlik qilgan. Toshkentga qaytgach, 1921-yilda Turkbyuroning tavsiyasi bilan XXR komsomol tashkilotiga ishga joylashgan. 1922—1924-yillar davomida pedagogika institutida sirtdan tahsil olib, bir vaqtning oʻzida Xorazm komsomolida tashkiliy boʻlim mudiri lavozimida faoliyat yuritgan[1].

1925-yilda Vois Rahimiy milliy chegaralanish siyosati oʻtkazilishi tufayli yana poytaxtga chaqirib olingan va shundan soʻng dastlab OʻzSSR MIKda mas’ul kotib lavozimida, 1926-yildan to 1929-yil fevralgacha Samarqand okrug partiya qoʻmitasi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritib kelgan. 1930-yilda Oʻzbekistonning poytaxti Toshkentga koʻchirilishi bilan „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasiga bosh muharrir etib tayinlangan. 1931-yilining oxiridan 1933-yilgacha Moskvada Marksizm-leninizm instituti kursida oʻqigan. 1934-yilda Oʻzbekistonga qaytib kelgach, dastlab pedagogika institutida direktor lavozimida ishlagan.

1935-yilning 31-yanvarida kompartiyada oʻtkazilgan navbatdagi „tozalash“da Vois Rahimiy oʻz ijtimoiy kelib chiqishini yashirishda ayblanib, partiyadan haydalgan. Qamoqqa olingunga qadar partiya tarixi institutida tarjimon boʻlib faoliyat yuritgan[2].

Vois Rahimiy 1937-yilda qamoqqa olingan va 1938-yil 4-oktyabrda oliy jazoga hukm qilingan.

1957-yil 1-avgustda esa SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlangan.

  1. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  2. „ВОИС РАҲИМИЙ“. urdu.uz. Qaraldi: 7-avgust 2024-yil.