Kontent qismiga oʻtish

WikiStipendiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Loyiha sahifasini koʻrish uchun Vikipediya:WikiStipendiya marafoni, Vikipediya:WikiStipendiya II marafoni, Vikipediya:WikiStipendiya III marafoni sahifalariga oʻting

WikiStipendiya

rasmiy logo
Maqomi Davom etmoqda
Shiori Tilimiz uchun!
Ishga tushgan sanasi 20-may, 2022-yil(2022-05-20)
Joylashuvi Virtual
Asoschi(lar)i Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi
Vebsayti Rasmiy Telegram kanal
Til(lar)i Oʻzbek

WikiStipendiya — Oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan viki loyiha. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yosh ijodkorlar kengashi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi[1].

Loyihaning nomi „viki“ hamda „stipendiya“ soʻzlarining birikmasidir. Loyiha oʻzbekcha Vikipediyada maʼlumotlarni miqdorini oshirishga qaratilgan boʻlib, unda nafaqat talabalar, balki istalgan shaxs qatnashishi mumkin[2]. Loyihaning yana bir maqsadi oʻzbek tilidagi vikilarda tahrirchilar sonini koʻpaytirishdir.

WikiStipendiya matbuot anjumani

WikiStipendiya Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda oʻzbek tili Internetda munosib oʻrinni egallashini taʼminlash borasida chiqargan farmoni asosida yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar ishlari agentligi yirik mukofot jamgʻarmasiga ega viki-marafonni yoʻlga qoʻyishga qaror qildi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Yosh ijodkorlar kengashi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Oradan koʻp oʻtmay, Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi tashabbusni toʻliq qoʻllashga qaror qildi.

2022-yilning 13-may kuni Toshkent shahrida viki-marafon haqida jamoatchilikka xabar tarqatish maqsadida matbuot anjumani oʻtkazildi[3]. WikiStipendiya talabalar orasida va matbuotda katta qiziqish uygʻotdi, bir necha nashrda marafon haqida maqola chop etildi[4][5]. Marafon 20-may kuni rasman ochilishiga qadar marafonning rasmiy Telegram kanaliga 15 mingga yaqin odam obuna boʻldi.

2022-yilning 14-may kuni Toshkent shahrida yangi foydalanuvchilar uchun mahorat darsi uyushtirildi. Shuningdek, taʼlim muassasalari xodimlari bilan alohida sessiya oʻtkazilib, ularga marafon hamda Vikipediya Taʼlim dasturi haqida maʼlumot berildi.

Marafon rasman boshlanishidan oldin Yoshlar ishlari agentligi qoʻllovi bilan 12 videodan iborat video qoʻllanma yozib olindi hamda oʻzbekcha Vikipediyaning YouTube kanaliga yuklandi.

Marafon doirasida Oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar bilan natijalar sahifasi orqali tanishishingiz mumkin.

2022-yilning 26-dekabr kuni marafon gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Marafon gʻoliblari bilan Gʻoliblar sahifasida tanishishingiz mumkin.

2023-yil 30-may sanasida marafonning ikkinchi mavsumiga start berildi. Loyihaning ushbu mavsumida oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalar sifatini oshirish, Oʻzbekiston va unga aloqador mavzular haqida maqolalar yaratishni ragʻbatlantirish hamda ularni xorijiy tillardagi Vikipediyalarga tarjima qilishga eʼtibor qaratilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, marafon davomida Wiki-tur va WikiQuiz kabi yangi loyihalar oʻtkazish ham rejalashtirilgan[6]. Loyihaning ilk bosqichi 2023-yilning 1-iyunida Namangan davlat universitetida boshlandi va iyun oyida asosiy eʼtibor Farg‘ona vodiysiga qaratildi.

Metodologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhining faol aʼzolari tomonidan uyushtirilgan mahorat darsi

WikiStipendiya 2022-yilning 20-mayidan 2022-yilning 20-dekabriga qadar davom etadigan viki-marafon oʻlaroq uyushtirildi. Qatnashuvchilar kamida 15 yoshga toʻlgan boʻlishi kerak. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan istalgan mavzuda kontent yaratishlari mumkin[7]. Shunday boʻlsa-da, olti keng yoʻnalishda maqola yaratish tavsiya qilindi (tabiiy fanlar va tabiatshunoslik, tarix, madaniyat va sanʼat, falsafa, texnika va texnologiyalar, inson va jamiyat, oʻyinlar va sport, geografiya). Foydalanuvchilar mavzu tanlashi oson boʻlishi uchun yaratilmagan maqolalar roʻyxati tuzildi[8].

Eng faol foydalanuvchilarni bir martalik stipendiya bilan taqdirlash uchun 320 million soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi[9]. Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhining faol aʼzolari marafon qatnashuvchilari qoʻshgan hissani baholash vazifasini oʻz zimmalariga olishdi.

  1. „"Wiki-стипендия" марафони эълон қилинди“. Sof (16-may 2022-yil). 2022-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  2. „Активные редакторы узбекской Википедии смогут получить до 50 млн сумов“. Gazeta (13-may 2022-yil). Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  3. „WikiStipendiya marafoniga start berildi“. Youth Affairs Agency (14-may 2022-yil). 2022-yil 16-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  4. „WikiStipendiya marafoni yoʻlga qoʻyildi.“. Namangan Engineering Construction Institute (11-may 2022-yil). 2022-yil 22-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  5. „Диққат! Эндиликда айрим ёшларга 50 млн сўмгача пул берилади“. Oin (15-may 2022-yil). Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  6. „“Вики Стипендия” лойиҳасининг 2-мавсумига старт берилди“. yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 31-may.
  7. „Активные редакторы узбекской Википедии получат до 50 млн сумов“. Spot (13-may 2022-yil). Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  8. „Марафон WikiStipendiya“. Samarkandskiy vestnik (16-may 2022-yil). Qaraldi: 20-may 2022-yil.
  9. „Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan WikiStipendiya marafoni yoʻlga qoʻyildi. Umumiy Mukofot jamgʻarmasi 320 million soʻm“. Oliygoh (14-may 2022-yil). Qaraldi: 20-may 2022-yil.