XALQ ROMANI

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

«Abu Zaydning hayoti»[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq romani janrining dastlabki asarlari qatoriga «Antaraning hayoti» bilan birga Abu Zayd haqidagi 38 jildli «Abu Zaydning hayoti» («Sirat Abu Zayd») romani kiradi. Bu romanning boshqa bir nomi, unda ifodlangan qabilaning nomidan kelib chiqib, «Hilol qabilasi haqidagi qissa» («Qissat bani Hilal»).

Romanning bosh qahramoni – Hilol qabilasining afsonaviy qahramoni – Sarv hukmdori Rizq hamda Makka sherifining qizi Xadraning o‘g‘li Abu Zayd (Barakot). Romanda aytilishicha, Xadra Abu Zayd tug‘ilishidan sal avval sayr chog‘ida boshqa qushlarga g‘azab bilan hujum qilayotgan va ularni o‘ldirayotgan qora qushni ko‘radi hamda xudodan unga xuddi shunday kuchli va qo‘rqmas o‘g‘il ato etishini so‘raydi. Uning iltijosi qabul bo‘lib, qop-qora farzand ko‘radi.

Qabila boshliqlarining Xadra qora tanli farzandni dunyoga keltirib, qabilani sharmanda qildi deb hisoblagan qabila boshliqlarining gapiga kirib, Rizq xotinini yangi tug‘ilgan o‘g‘li bilan uyidan quvib, amaldorlar bilan birga Makkadagi otasining uyiga yuboradi. Yo‘lda Xadra va uning yo‘ldoshlari az-Zaxlan qabilasining boshlig‘ini uchratadilar. U Xadraga rahmi kelib, uni o‘z homiyligiga oladi hamda Abu Zaydni o‘g‘il qilib oladi. Bola o‘sib-ulg‘ayib, kuchli va jasur jangchiga ayanganidan keyin onasi unga az-Zaxlan qabilasining boshlig‘i uning amakisi ekanligi, haqiqiy otasini esa Rizq o‘ldirganini aytadi. Abu Zayd otasining o‘limi uchun qasos olishga qasam ichadi. Asta-sekin u qahramonliklar ko‘rsatib, nafaqat uni boqib olgan  az-Zaxlan qabilasi, balki qo‘shni qabilalar ko‘z o‘ngida ham obro‘ orttiradi va az-Zaxlan qabilasiga boshliq etib tayinlanadi.

Ayni vaqtda xotini va o‘g‘lini quvib yuborganidan keyin qattiq tushkunlikka tushgan Rizq qabilani tashlab ketadi va Xadra bir vaqtlar qushlar jangini ko‘rgan joydagi buloq yoniga joylashadi.

Bir qancha vaqt o‘tib, Hilol qabilasi ustiga ofat kelib qurg‘oqchilik yopiriladi. Yaylovlar izlab qabilaning katta qismi az-Zaxlan mulkiga hujum qiladi. Barakot kelgindilarni yengadi, ammo ularga rahm qilib, shu yerda qolishlariga ijozat beradi. Hilol qabilasining boshliqlari bir vaqtlar o‘lpon to‘lagan az-Zaxlan qabilasiga dushmanchilik kayfiyatida bo‘lishda davom etadilar. Ular Rizq huzuriga elchi yuborib, Barakotning tazirini berishda ko‘maklashishini talab qiladilar. Rizq qabila boshliqlarining amriga bo‘ysunib, qabilaga qo‘shiladi. Elchi bilan suhbatdan az-Zaxlan qabilasining boshlig‘i uning o‘g‘li ekanligini anglay boshlaydi, lekin qabila boshlig‘ining ismi Abu Zayd (Barakot) ekanligi unda ba’zi shubhalar uyg‘otadi. Rizq Barokatni yakkama-yakka kurashga chaqiradi. Otasining qotilidan qasos olish orzusida yurgan Barakot chaqiriqni jon deb qabul qiladi. Boshlangan olishuvda u Rizqni egardan urib tushiradi va endi o‘ldirmoqchi bo‘lganida onasi o‘g‘lini padarkushlikdan saqlab qoladi. U o‘g‘liga tug‘ilish holatlari haqida aytib beradi, hilol qabilasining boshliqlari esa Abu Zaydni Rizqning qonuniy va munosib o‘g‘li deb tan oladilar hamda unga va onasiga ko‘rsatgan adolatsizliklari uchun kechiris so‘raydilar.

Romanning keyingi qismlarida Abu Zayd (Barakot) va hilol qabilasining qahramonliklari, xususan Abu Zayd uch nafar jiyani bilan yaylov qidirib Shimoliy Afrikaga qilgan safari hikoya qilinadi. Birin-ketin forslar, Amir Temur bilan fantastik kurashlar epizodlari, Tanjer va Marokash shaharlarini qamal qilish voqealari, Nilning yuqori qismlariga uyushtirilgan harbiy yurishlar va bir qator boshqa epizodlar ketma-ket tasvirlanadi.

Abu Zayd haqidagi romanning mazmunini yuzaki hikoya qilishdan ko‘rinib turibdiki, u ancha xilma-xil va murakkab romandir. Unda eski urug‘-qabilachilik ongining elementlari kuchli bo‘lib, bu asarning o‘zagi ancha ilgari, ya’ni arablar xotirasida hali Arabistonni buzib kirgan islomgacha bo‘lgan davrdagi yaylovlar va suv havzalari uchun olib borilgan qabilalararo urushlar haqidagi xotiralar bo‘lgan IX asrni kiritish imkonini beradi. Abu Zaydning Shimoliy Afrikadagi sarguzashtlarida arablarning Shimoliy Afrika va Ispaniyaga qilgan yurishlari, salibchilar bilan bo‘lgan urushlar va boshqa keyingi voqealar aks etgan.

«Az-Zahir Beybarsning hayoti»[tahrir | manbasini tahrirlash]

Misrda mashhur bo‘lgan boshqa bir roman – «Az-Zahir Beybarsning hayoti» («Sirat az-Zaxir Beybars»)da oxirgi Ayubiylar va mamlyuklar hukmronlik qilgan davrdagi fojiali voqealar hikoya qilinadi. Bu asar Abu Zayd haqidagi romandan syujet jihatdan biroz murakkabroqdir.

Romanning asosiy qahramonlari – mashhur mamlyuk sultoni az-Zaxir Beybars (1260–1277) va uning ba’zi zamondoshlari. Romanda tarixan ishonchli materiallar nisbatan kam, fabulaning barcha asosiy tarkibiy qismlari sof badiiy to‘qima. Romanning qisqacha mazmuni quyidagicha:

Misr sultoni as-Solih Ayubiy (1240–1249)ning mamlyuk qo‘shini uchun o‘smirlarni sotib oluvchi qulfurush boshqa yoshlar orasida Mahmud ismli yigitni (keyinchalik u Xorazm shohining o‘g‘li ekanligi aniqlanadi) sotib oladi. Savdogar Mahmudni o‘zining Damashqdagi kreditorlaridan biriga qarz evaziga berib yuboradi, u esa, o‘z navbatida, Mahmudni xotiniga qul sifatida sovg‘a qiladi. Xotini qulga o‘zining esi pastroq o‘g‘liga qarab yurishni topshiradi. Kunlardan bir kun xo‘jayinning singlisi Fotima akasinikiga mehmonga kelib, kelinoyisini nihoyatda g‘azablangan holatda uchratadi: Mahmud bebaxt ovsarga yaxshi qarab turmaganligi uchun u kursidan yiqilib tushgan bo‘ladi. O‘smirning o‘lgan o‘g‘liga nihoyatda o‘xshashidan hayratlangan va uning ahvoliga achingan Fotima qulni akasidan sotib oladi, o‘ziga o‘g‘il qilib olib unga vafot etgan o‘g‘lining Beybars ismini qo‘yadi va uni o‘z mulkining egasi qilib tayinlaydi.

Bir kun Damashqqa as-Solihning vaziri, Fotimaning kuyovi (opasining eri) Najmiddin sultonning topshirig‘i bo‘yicha keladi. U Misrga qaytayotganida Beybarsni o‘zi bilan olib ketadi. Qohirada o‘smir tez ko‘tariladi va tez orada sultonning yaqinlaridan biriga aylanadi. As-Solih vafotidan keyin hokimiyat uchun kurash boshlanadi va nihoyat Beybars sulton bo‘lib qoladi. Romanning keyingi qismi Beybarsning harbiy yurishlari, jumladan Suriyada vizantiyaliklar, salibchilar va forslarga (mo‘g‘ullar nazarda tutilmoqda) qarshi urushlari, shuningdek qahramonning romantik sarguzashtlari hikoya qilinadi.

Beybars haqidagi epopeyaning syujeti, shubhasiz, u «Abu Zaydning hayoti»ga nisbatan ancha kech yozilganidan dalolat beradi. U haqidagi dastlabki ma’lumotlar XVI asr boshida misrlik tarixchi ibn Iyas (1448–1522) asarlarida uchraydi. Biroq Beybars haqidagi epopeya ilgariroq XIV asrda, ya’ni sulton Beybarsning real figurasi haqidagi xotiralar fantastika fleri bilan qoplanishidan avval va uning ideallashtirilgan obrazi, «Ming bir kecha»dagi Xorun ar-Rashid obrazi kabi, xalq ichida keng tarqalmagunicha yuzaga kelishi mumkin emas edi. Misrliklar ongida Beybars o‘zining taqvodorligi va insonparvarligi bilan mamlyuk jangchilarining boshqa vakillaridan ajralib turardi.

Beybars obrazida va tarixiy voqealar talqinida shahar tabaqalarining qiziqishlari va simpatiyalari yorqin seziladi. Qahramon, garchi xalq ichidan chiqmagan bo‘lsa ham, qashshoq ahvolga solingan savdogarlar va hunarmandlarga hamdardlik bilan munosabatda bo‘ladi hamda ularni yovvoyi va makkor amaldorlarning xonavayron qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. SHaharliklarning yaxshi va odil hukmdor haqidagi ko‘p asrlik orzusi ana shunda namoyon bo‘ldi.

O‘rta asr arab xalq romanlarining bosh figurasi sifatida odatda arablar himoyachisi va ashaddiy musulmon, arab qabilalarining ideallarining ifodachisi namoyon bo‘ladi. Bunda an’anaviy fazilatlar (kuch, jasurlik, saxiylik, donishmandlik, qabilaga va islomga sodiqlik) haddan tashqari ko‘pirtiriladi. Barcha romanlarda ideal arab jangchisi gavdalanadi, ammo u har qanday individual jihatlardan mahrum bo‘ladi. Qahramonni atrofdagi odamlardan yuksaklikka ko‘tarish uchun unga odatda, an’anaviy fazilatlardan tashqari, yana aslzodalik xislati qo‘shiladi. Deyarli har doim qahramon – adolatsizliklar, ko‘rolmaydigan va ayyor odamlar fitnalarining qurbonidir. Biroq u quroli va donoligi bilan dushmanlarni yengadi, o‘zining halol nomini tiklaydi, aybsiz jabrlanganlarni himoya qiladi va tug‘ilganidan o‘ziga tegishli bo‘lgan jamiyatdagi yuksak mavqeini qaytarib oladi.

«Abu Zaydning hayoti» asarida ham, Beybars haqidagi romanda ham islomning kuchli ta’siri seziladi. Biroq agar ilgariroq chiqqan Abu Zayd haqidagi epopeyada hali eski urug‘-qabilachilik mafkurasi elementlari kuchli bo‘lsa, kechroq yozilgan Beybars haqidagi romanda kechki o‘rta asr uchun xos bo‘lgan mutaassib musulmon dunyoqarashi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. «Antaraning hayoti» qahramonlarining diniy bag‘rikengligidan bu yerda iz ham qolmagan. Beybars haqidagi roman nasroniylarga qarshi pafos bilan yo‘g‘rilgan: islomni qabul qilishni istamayotgan nasroniylar va boshqa personajlar unda eng qora bo‘yoqlarda tasvirlangan.

«Beybars»ning oddiy musulmon konsepsiyasi sodda didaktika bilan kechadi. Beybars har narsada Allohga tavakkal qiladi. U sulton as-Solihni faqat Qur’onni buzgan holda may ichgani uchun qoralaydi, ammo u chin ko‘ngildan tavba qilgan zahoti uni kechirib yuboradi. Beybars kamtarin va adolatli, masalan, u do‘stlari unga maslahat berganidek, Ayubiylar hukmdorlarini taxtdan ag‘darish va Misr taxtini egallashga qaror qilmaydi, balki taxt unga «qonuniy» asoslarda topshirilishini kutadi va hokazo.

«Zul-Ximmaning hayoti»[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshqa bir xalq epopeyasi – «Zul-Ximmaning hayoti» («Sirat zil-Ximma») yanada islomiy xususiyatga ega. Uning nomi qahramonning nomidan kelib chiqqan. Asarda IX asrdan boshlab nasroniylarga qarshi olib borilgan urushlar haqida hikoya qilinadi. Bunda asar qahramoni Zul-Ximma ismli ayol bu urushlarda kofirlarni yakson qiluvchi islom armiyasining yo‘lboshchisi sifatida namoyon bo‘ladi.

Xalq romanlarining tuzilishi ancha bir xil tusga ega. Asarlarning asosiy mazmunini odatda haqiqiy tarixiy shaxsning hayoti tashkil qiladi. Unga turli epizodlar va chekinishlar kiritiladi. Ammo xalq romanlarida tasvirlangan voqealar odatda tarixiy haqiqatdan yiroqdir. Hattoki qahramoni nisbatan kechki davrda yashagan «Beybarsning hayoti» asarida ham eng umumiy faktlarnigina ishonchli deb hisoblash mumkin. Syujet rivojlangani sayin Beybars haqidagi hikoya borgan sari fantastik tus ola boshlaydi. Romanda boshqa asarlarda, masalan, «Ming bir kecha»da yoki fors romanlarida uchraydigan har xil folklor motivlar paydo bo‘ladi. Biroq to‘qimalarning ko‘pligi o‘rta asrdagi Qohiraning hayotini jonli va haqqoniy aks ettiruvchi romanning madaniy-tarixiy ahamiyatini aslo kamaytirmaydi.

Qadimgi afsonaviy yoki yarim afsonaviy qahramonlarga bag‘ishlangan xalq romanlarida folklor motivlar muhim o‘rin egallaydi. Masalan, «Sayf ibn zi-Yazanning hayoti» romanining qahramoni, islomgacha bo‘lgan Janubiy Arabiston himyariy hukmdorlaridan biri, g‘aroyib sarguzashtlarda ishtirok etadi; bu yerda sehrgarlar va afsungarlar uchraydi, yuqorida keltirilgan Abu Zayd fantastik yurishlarda ishtirok etadi va hokazo.

Xalq romanlaridagi hikoyalar dialogli jonli sahnalarga to‘la. Bu esa tadqiqotchilarga ularda drama kurtaklarini ko‘rish imkonini bergan. Ayni vaqtda dialoglar kalamburlarga to‘liq bo‘lib, komik xususiyatga ega. Nasriy matn she’riy kiritmalar bilan bo‘linadi. Ularda odatda arab mumtoz she’riyatining o‘lchamlariga amal qilinmaydi. Dastlab ular klassik vazn qoidalariga rioya etilgan holda yozilgan, ammo vaqt o‘tishi bilan o‘quvchilar yoki xattotlar shu she’rlarning tuzilishini ularga og‘zaki nutq elementlarini qo‘shib o‘zgartirib yuborgan deb hisoblanadi. Bu she’riy kiritmalar tuzilishiga ko‘ra yakunlangan (ular payg‘ambarga salovot aytish bilan boshlanadi va yakunlanadi hamda qandaydir voqeani tavsiflaydi). Xalq romanlaridagi qo‘polroq kalamburlar va sodda yumor shaharliklarga ma’qul kelgan. Romanlarning xalqchil tili, ularda Misr leksikasi va so‘zlashuv shakllaridan foydalanilganligi ushbu asarlarni aholining keng qatlamlari uchun tushunarli qilgan. Bu esa syujetning qiziqarliligi bilan bir qatorda, ularga xalq ichidagi keng mashhurlik bag‘ishlagan.

Turklar hukmronligi davri arab xalqlari tarixida eng qorong‘u davrlardan bo‘lgan. Usmon imperiyasi arab viloyatlarining madaniyati shunchalik tanazzulga uchragan ediki, misrlik tarixchi al-Jabartiy (XVIII asr oxiri – XIX asr boshi) so‘zlariga qaraganda, arab mamlakatlarida hatto musulmon ruhoniylarining eng yuqori tabaqasi hisoblangan al-Azxar orasida ham ma’lumotli odamni topish qiyin bo‘lgan. Shunga qaramay, arab adabiy an’anasi hech qachon batamom uzilmagan. Bu esa XIX asrda arab adabiyoti tug‘ilishi davriga yaxshi ta’sir ko‘rsatgan. Arablarning siyosiy va madaniy jihatdan yuksala boshlashi XIX asrning dastlabki yillariga to‘g‘ri keladi va misrliklar Bonapart armiyasining hujumi davrida kurashishiga to‘g‘ri kelgan jang bilan bog‘laydilar. Shu paytdan boshlab arab mamlakatlarida mustaqillik uchun olib borilgan uzoq muddatli kurash boshlanadi. Bu davrda shakllangan yangi adabiyot esa zamon bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ayni vaqtda ko‘p asrlik adabiy an’analarga tayandi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mumtoz arab adabiyoti, Muallif: M.Ziyavuddinova