Xo'ja Ilg'or ota qabristoni
Xo'ja Ilg'or ota qabristoni | |
---|---|
Joylashuv | Yakkabog' tumani, Qashqadaryo |
Turi | Qabriston |
Xarita |
Xoʻja Ilgʻor ota qabristoni — Qashqadaryo viloyati Yakkabog' tumanida joylashgan qabriston va ziyoratgoh. 2004-yilda taʼmirlangan.
Qabriston haqida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xoʻja Ilgʻor qishlogʻidan gʻarb tarafda qishloq bilan bir nomda Xoʻja Ilgʻor tepaligi qabriston hududi tarkibidadir. Tepalik doirasimon shaklga ega. Uning yon atrofi xuddi tepalikning oʻzi singari qabrtoshlarga toʻla. Butun qabriston toʻgʻri burchakli koʻrinishni hosil qilgan. Uning maydoni taxminan 2-2,5 ga dan iborat[1].
Hozirda Yakkabogʻ tumani hududiga qarashli Xoʻja Ilgʻor ota qabristoni paydo boʻlishi 717-yilda Xoʻja ilgʻor otaning vafot etishi va shu yerda dafn etilishi bilan bogʻlanadi. Asl ismi Xoʻja Muhammad al-Qosim boʻlgan bu inson Xoʻja Ilgʻor ota nomi bilan tanilgan. Qabristonga kunlik tashriflar soni oʻrtacha 80—100 kishini tashkil etadi. Bu koʻrsatgich diniy bayramlar kunlarida yanada oshib ketadi. Qurbon hayiti va Ramazon hayiti bayramlarida oʻrtacha 800-1000 ta atrofida ziyoratchilar tashrif buyurishadi. Shuningdek bu kunlarda, qabriston atrofida koʻchma bozorlar faoliyat koʻrsatadi[2].
Chillabuloq
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maqbara poyida Chillabuloq nomi bilan mashhur chashmaga koʻzingiz tushishi mumkin. Aytishlaricha, Xoʻja Ilgʻor jangda ogʻir yaralangach, „meni tuyamga ortinglar va u qayerda toʻxtasa, oʻsha yerda dafn qilinglar“, deb vasiyat qiladi. U kishining tuyasi shu qishloqqa kelib toʻxtagach, uni yuvish uchun suv zarur boʻladi. Shunda uni qilichini yerga sanchishadi va ushbu buloq hosil boʻladi, deyilar ekan rivoyatlarda. Chillabuloq suvi isteʼmol uchun yaroqsiz, biroq undan teridagi turli kasalliklar va yaralarni davolashda foydalanashar ekan.
Polvon tosh
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amir Temur koʻtarib mashq qilgan, deb ishoniladigan ogʻirligi 100 kilogrammga yaqin boʻlgan polvon tosh ham topilgan. Polvon tosh qabristonga kiraverishda, oʻng tarafda, 700 yillik tut daraxti tagida joylashgan. Ziyoratga kelgan yigitlar ushbu toshni koʻtarib kuchlarini sinab koʻrishadi[3].
Xoʻja Ilgʻor qishlogʻi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bir necha yuz yillik tarixga ega, Amir Temur tavallud topgan qishloq. Qishloq tarixi VI—VII asrlarga borib taqaladi. Dastavval Kesh hududi boʻlgan qishloq, hozirda Yakkabogʻ tumani tarkibiga kiradi. Soʻnggi yillarda, qishloqqa katta eʼtibor berib kelinmoqda. 2018-yil qishloqda Amir Temur tavalludining 682 yilligi keng nishonlangan. Ayni paytda 6 gektarlik „Amir Temur“ bogʻi barpo etilmoqda. Kelgusida ushbu bogʻning bir qismida Amir Temur muzeyi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Qashqadaryo viloyati islomiy qadamjolari“. Uzbekistan Travel. Qaraldi: 3-avgust 2023-yil.
- ↑ Imamova, Navbahor „Xo'ja Ilg'or, Amir Temur tug'ilgan qishloqda“. YouTube. Amerika Ovozi. Qaraldi: 3-avgust 2023-yil.
- ↑ Shokirjonov, Shuhrat „Amir Temur tavallud topgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida nimalar bo‘layapti? - Fotoreportaj“. Kun uz. Qaraldi: 3-avgust 2023-yil.