Xoʻja Ma’oz va Moʻyi Muborak ziyoratgohi (Maqbara, Muy saqlangan yodgorlik binosi, xonaqoh, chillaxona)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Joylashuv Fargʻona viloyati Margʻilon shahri
Meʼmoriy uslubi Markaziy Osiyo me'morchiligi
Ochilish sanasi XIX asr
Xarita

Xoʻja Maʼoz va Moʻyi Muborak ziyoratgohi (Maqbara, Muy saqlangan yodgorlik binosi, xonaqoh, chillaxona) — Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti, diqqatga sazovor joy. Obyekt davri: XIX asr. Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida joylashgan. Obyekt manzili: „Xoʻja Maʼoz“ MFY. Davlat mulki (Fargʻona viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida) „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Xo‘ja Maʼoz ibn Jabal ziyoratgohi Marg‘ilon shahrida joylashgan. Xo‘ja Maʼoz mozorini mahalliy aholi Muhammad payg‘ambar (s.a.v.) ning Maʼoz ibn Jabal ismli faqih va roviy sahobalaridan biri bilan bog‘lik, deb qarashadi.

Maʼoz ibn Jabalning to‘liq ismi Abu Abdurahmon al-Ansoriy al-Xazrajiy al-Jashmiy (640-yili vafot etgan) garchand Movarounnahrga kelmagan bo‘lsa-da, biroq, uning nomi bilan bog‘lik, ziyoratgohlar nafaqat Farg‘ona zaminida, shuningdek Xorazmda ham mavjud bo‘lgan. Marg‘ilondagi uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh aholi orasida „Xo‘ja Mag‘iz“, „Xasti Maʼoz mozori“ deb ham ataladi. Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin kutubxonasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida Xo‘ja Maʼoz ziyoratgohiga doir bir qancha hujjatlar saqlangan bo‘lib, Marg‘ilon uyezdidagi vaqf yerlarlariga solingan mulk solig‘i hujjatlarining ikki joyida: Avval volostini pastki Uchqo‘rg‘on qishlog‘ida va Zarkent volosti,Qirguli qishloq yig‘ini, Suxtepa qishlog‘ida Xazrati Maʼoz ibn Jabal mozori, madrasa, machitining vaqf yerlari borligi qayd qilingan. Hozirda ushbu majmua darvozaxona, maqbara, Mo‘yi muborak ziyoratxonasi va katta yozgi ayvonli masjiddan iborat. Qabristonning ichkari kismida joylashgan „Xo‘ja Mag‘iz“ maqbarasi ushbu majmuaning ilk qurilishi bo‘lib, XV-XVI asrlarga taalluqlidir. Hozirgi vaqtda ushbu binoning dastlabki bezaklari va peshtoqining yuqori qismi nurab tushgan. Ammo shunga qaramay, maqbara o‘ziga xos mahalliy xususiyatlarga ega va nisbatan yaxshi saqlangan imorat sanaladi[3].

Shu mozordagi Chillaxona ham dastlabki inshootlardan. U maqbaradan shimoli-sharq tomonda, 15 metrlar narida joylashgan.

Xo‘ja Maʼoz ibn Jabal ziyoratgohining janubiy tomonida „Mo‘yi muborak“ ziyoratxonasi bor. 1848-yilda Marg‘ilon shahrida elaton urug‘iga mansub qipchoq O‘tamboy parvonachi hokimlik qilib turgan kezlari u „Mo‘yi Muborak“ni taʼmirlash ishlariga katta eʼtibor beradi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]