Kontent qismiga oʻtish

Xoja Doniyor maqbarasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Xoʻja Doniyor qabri

Xoja doniyor maqbarasi — Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (20-asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qoʻrgʻonining kunchiqar tomonida, Siyob arigʻi yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Choʻziq (15 m ga yaqin) toʻrtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtogʻi (shim. tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, koʻzasimon kursili guldastalari ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida choʻzinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning "Samariya" asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Kusam ibn Abbosning safdoshlaridan boʻlgan.

Xoʻja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng moʻtabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Xoʻja Doniyor maqbarasini uch din — islom, xristianlik va iudaizm vakillari bir xil darajada aziz va tabarruk deb ziyorat qiladilar. Doniyor, Daniil, Daniel — bu musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi bitta aziz avliyoning nomidir.

Injilda talqin etilishicha, Daniil yahudiy tilidan tarjimasi „Olloh hakam“ maʼnosini bildiradi. Doniyor Iyerusalimda eramizdan avvalgi 603 yilda tugʻilgan boʻlib, shoh Dovud va Sulaymon (Solomon) larning avlodiga mansubdir. Er. avv. 586 yilda Isroil, Bobil shohi Novoxudonosor tomonidan bosib olinganidan soʻng, Doniyor, Bobil (Iroq) ga boshqa zodagonlarning bolalari bilan olib ketiladi. Ular turli xil fanlarni oʻrganishadi. Doniyor eng qobiliyatli yaxudiy yoshlardan hisoblangan. U oʻzining diniy eʼtiqodlari mustahkamligini namoyon qilgan, sharob va may ichishdan, goʻshtli ovqatlardan voz kechib faqat sabzavotlarni isteʼmol qilgan holda diniy qoidalarga rioya qilgan. Shuning uchun uning donishmandligi, dinga taqvodorligi Injilda talqin etilishicha, Ollohning mukofoti deb bayon etiladi. Shoh Novoxudonosorning tushi taʼbirini donishmandlik bilan izohlab bergani uchun uni katta ehsonlar bilan siylaydi va oʻzining yaqin kishilari qatoriga qoʻshadi. Forslar kelishi bilan, shoh Doriy Doniyorni mamlakatni boshqaradigan kishilar qatoriga koʻtardi. Bunday iltifotlar shohga yaqin saroy xodimlarining rashkini keltiradi. Bu kishilar Doniyorga tuhmat uyushtirib, shoh farmoni bilan uni och sherlar chohiga tashlaydilar, lekin hayvonlar unga tegishmaydi ham. Shunda shoh buyrugʻi bilan boʻhtonchilarning oʻzini chuqurlikka tashlashadi va sherlar ularni tilka pora qilishadi.

Afsonaviy avliyo yahudiy asirlarning fors shohi tomonidan ozod etilishigacha boʻlgan davrgacha yashagan, lekin keksayganligi sababli vataniga qayta olmaydi va Suz shahrida hozirgi Mosul (Iroq) shahrida izzat-hurmat bilan koʻmiladi. Shundan avliyoning koʻmilgan joyi toʻgʻrisida tarixchilarning baʼzi chalkashishlari kelib chiqqan. Olimlar oʻrtasida haligacha, qachon va qay tarzda Samarqandda Doniyor paygʻambarning maqbarasi paydo boʻlganligi toʻgʻrisida yagona fikr mavjud emas.

Keng tarqalgan afsonaga muvofiq, buyuk sarkarda Amir Temur oʻzining Kichik Osiyoga (1397-1404) yetti yillik yurishi vaqtida, buyuk sarkarda boʻlishiga qaramay, Suzni zabt eta olmagan. Sohibqiron xudojoʻylardan, shaharni avliyo Daniilning tabarruk xoki asrab keladi deb eshitadi. Shunda Amir Temur qamal qilinganlar bilan ahdlashib, ularning mol-mulkiga tegmaslikka va asirlarni qullikka olib ketmaslikka vaʼda berib, buning evaziga avliyoning bir qism xokini, yaʼni oʻng qoʻlini Samarqandga olib ketishni, toki saltanatini har xil ofatlardan saqlasin deb taklif etadi. Avliyo Samarqandga koʻmilganidan soʻng qabrning bosh tarafidan buloq otilib chiqadi va shahar aholisi, uning atrofidagilar bu suvni tabarruk deb biladilar va undan foydalanadilar. Lekin bu afsona islom dini udum va qoidalariga zid boʻlib chiqadi, yaʼni oʻtganlarni bezovta qilish mumkin emasdir. Haqiqatga yaqini balki, buyuk sarkarda Samarqandga Suzdan bir qism xoklarini olib kelgan boʻlsa kerak va uning buyrugʻi bilan maqbara harbiy yurishning muvaffaqiyatli gʻalabasi nishonasi sifatida qurilgandir.

Amir Temurning tarjimai holi tadqiqotchilraining yozuvlarida ham bu voqea toʻgʻrisida hech qanday maʼlumotlar yoʻq. Baʼzi tarixchilarning taʼkidlashicha, fors tarixchisi Istahriy Movarounnahrga, Temur tugʻilganidan toʻrt yuz yil oldin kelgan va hazrati Doniyor maqbarasi shaharda oʻsha davrda mavjud ekanligini yozadi.

Baʼzi bir tadqiqodchilarning ishonchli asoslariga koʻra esa, Samarqandga hazrati Doniyorning tabarruk xokini islom dinigacha mavjud boʻlgan yahudiylar diniy jamiyati olib kelgan boʻlib, mahalliy otashparastlar bu dindorlarga hurmatda boʻlib, shahar chetida ibodatxona qurishga ruxsat etganlar. Buning tasdigʻi sifatida maqbaraning atrofidagi madaniy qoldiqlar arxeologlar tomonidan er.av. VII-VI asrlarga tegishli boʻlib, Injilda koʻrsatilganidan Doniyor paygʻambarning yashab oʻtgan davriga toʻgʻri keladi. Samarqandga paygʻambarning xokini nasroniylar ham olib kelishlari mumkin edi, chunki maʼlumki, Vizantiya hukmdori Zenon davrida, Doniyorning bir qism xoki Konstantinopolga (hozirgi Istambul) koʻchirilgan edi.

Va nihoyat, shunday mulohaza ham borki, maqbarada haqiqatdan ham Doniyorning — Muhammad Paygʻambarning amakisining oʻgʻli Qusam ibn Abbos safdoshining xoki koʻmilgan. Bu haqda Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxoʻja „Samariya“ kitobida shunday yozadi: „Xoʻja Doniyorning qabri Samarqand shahrining chetida, Afrosiyob qoʻrgʻonining shimoliy devori pastida joylashgan. Maqbaraning yaqinidan Siyob daryosi oqadi. Avom bu qabrni Doniyor paygʻambarning qabri deb biladi, lekin uning qabri Mosul viloyatidadir. Aytishlaricha, bu qabr Qusam ibn Abbos safdoshlaridan birining qabridir. Olloh rahmat qilsin! Qabr Zarafshonning toshlari bilan qoplangan. Aytishlaricha, Xoʻja Doniyor juda taqvodor, xudojoʻy boʻlgan. Qabrning bosh tomonida, Siyob arigʻi yaqinidan Xoʻja Doniyor buloq-chashmasi ham bor. Xalq uni tabarruk bilib ichadilar va choʻmiladilar. Uni koʻp kasallar shifosiga sabab deb biladilar. U kishiga tangrining rahmati boʻlsin!.“

Bu haqda Abul Hakim Samarqandiyning „Qandiya“ kitobida quyidagilarni yozadi:" Samarqandda bir chashma borkim, jannat chashmalaridandur va Obi Rahmat arigʻi yaqinidadur. Tarixchilarning aytishlariga qaraganda, ushbu suv Doniyor Paygʻambar qabrlari bosh tarafidan oqadi va mazkur chashma shifo-salomatlik sababchisidir va bu suvning bir qismi Bogʻi Maydon tomon oqar va Obi Rahmatga qoʻshilur. Yuqorida Doniyor Paygʻambarning qabri boʻlib, ul zot baraka keltiruvchi Paygʻambar hisoblanganlar".

Yana bir Oʻrta Osiyo manbalari bizga Doniyor Paygʻambarning xizmatlari haqida maʼlumot beradi — bu Binoiyning „Tush taʼbiri“ kitobidir. Bunda koʻpgina hikmatli soʻzlar „Doniyor alayhissalom keltiradilarkim“- soʻzi bilan boshlanadi. Maqbaraning shimoliy tomonida 500 yoshlik pista daraxti hamon koʻkarib turibdi. Yarim qurigan bu pista daraxti 1996-yili Moskva va Butun Rossiya patriarxi Aleksiy II tomonidan qabrni ziyorat qilib va daraxtni muqaddaslashtirilganidan soʻng, yana gullab ketishi diqqatga sazovordir. Maqbara ichida dunyodagi eng uzun qabrni koʻramiz, u 18 metr uzunlikka ega. Qabrning balandligi janub tomonida 90 sm, shimol tomonida — 160 sm, shimol tarafi birmuncha kengroq — 2m chunki, bu tomondan toʻrtburchak sagʻona oʻrnatilgan. Sagʻona pishiq gʻisht bilan terilib, qumshuvoq qilingan va qur’oniy yozuvlarga ega boʻlgan marmar panellar bilan bezatilgan. Sagʻonaning qarama-qarshi tomonida, maqbaraning shimolga qaratilgan derazasining tokchasida, hajmi uncha katta boʻlmagan, mahalliy aholi „niyat-toshi“ deb atalgan, arabiy yozuvlarga ega boʻlgan tosh bor. Ziyoratchilar Hazrati Doniyor qabrini bir yoki uch marta niyat qilib aylanadilar va bu toshni koʻtarishga yoki hech boʻlmasa qimirlatishga harakat qiladilar. Qabrning uzunligi toʻgʻrisida bir necha rivoyatlar bor. Ularning birida aytilishicha, olib kelingan turbat-muqaddas hisoblanganligi uchun, yomon niyatli kishilar qoldiqlarni kovlab olib ketishlari mumkin edi. Shuning uchun uzun qabr kovlanib, Paygʻambarning qoldiqlari uning qayerigadir koʻmilgan.

Boshqa mulohazalarga qaraganda (bu ingliz olimi Stounga tegishli) dunyoda oʻsadigan qabrlar bor emish. Va Doniyor Paygʻambarning qabri shu qabrlar sirasiga kiradi. Bu fikrga koʻra, har 100 yilda paygʻambarning suyaklari bir gazga (72 sm) oʻsar ekan, shuning uchun qabr shunday uzunlikka ega ekan. Pirovardida, agar qabrning ikki tomoni aylana shaklida birlashib, yer sharini qamrasa, yer yuzida jannat boʻlar ekan.

Doniyor paygʻambar maqbarasi turli davrlarda turlicha koʻrinishga ega boʻlgan. Chor Rossiyasi davrida nashr etilgan kitobda Doniyor Paygʻambarning 1870-1980-yillardagi gravyura surati aks ettirilgan. Undan shu maʼlum boʻladiki, oʻsha davrlarda Doniyor Paygʻambar qabri usti daryo toshlari bilan terilgan va uning atrofida kichik ayvon va xona (masjid) mavjud boʻlib, qabr atrofida ruhoniy va avliyolarning belgisi boʻlgan oltita tugʻ oʻrnatilgan. Tugʻlar maxsus toshlarga oʻrnatilgan boʻlib, hozirda ham ushbu tugʻlarni ushlab turgan toshlar bor, lekin tugʻlar saqlanmagan. XIX asr oxirlarida ushbu qabr ustida maqbara qurildi. Unga boradigan asosiy yoʻl qadimiy Afrosiyob shaharchasidan boʻlib, maqbaradan sal balandroqda kirish darvozaxona-ayvoni qurilgan. Uning qoldiqlari hanuzgacha saqlanib kelinmoqda va u ham maqbara qurilgan paytda bino etilgan. Hazrati Doniyor qabri ustidagi mavjud boʻlgan maqbara XX asrning boshida Samarqand sovunpazlarining ustozi Mahmud oqsoqol tomonidan bunyod etilgan, chunki Hazrati Doniyor sovunpazlarning piri hisoblanadi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, maqbaraning qurilishida Miroshnichenko ismli rus tadbirkor-savdogar ham oʻz hissasini qoʻshgan.

Maqbarada koʻpgina taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Ziyoratgoh atrofi devor bilan oʻralib, ziyoratgohga chiqish uchun 3 qismli zinapoya qurildi. Shu bilan birgalikda qabr atrofi oniks va qora marmar bilan qoplandi. XX asrning boshlarida olingan bir fotosuratda maqbara olti gumbazli boʻlgan, hozirgi vaqtda esa gumbazlarining soni beshta boʻlib, ular keyinchalik buzilib, qaytatdan tiklangan boʻlishi mumkin. Maqbaraning shimol tomonida imoratning yuqori qismini ikki burchagidan pishiq gʻishtdan terilgan qubbalar bezatadi. Ular yevropacha uslubda qurilgan. Ichki qismida, oʻsha davrda qoʻllaniladigan, qalqonsimon langarlar hamda gumbazlarni koʻtarib turgan ravoqlar ishlatilgan.

2001-yilda majmua atrofida arxeologik qazishlar olib borildi. XIV asrga tegishli masjid qoldiqlari topildi. Masjidning mehrob tokchasi Makka tomoniga qaratilgan. Qariyalarning aytishlaricha, masjit ikkinchi jahon urushi davrida noma’lum sabablarga koʻra buzilgan. Imoratning devorlari choʻpkori uslubida qurilgan boʻlib, tagsinch bolori pishiq gʻishtli asosga yotqizilgan edi. Masjidning shimoliy qismida maydoni 25 kv.m. li ayvoni va masjidga kirish eshigi shu yerdan boʻlgan. Ayvonning shimoli-gʻarbiy burchagida uzunligi 80sm., eni 40sm., qalinligi 20sm. kattalikdagi ikkita toʻgʻri burchakli tosh plitasi topildi. Ular qabr toshlar yasash uchun xomashyo edi. Masjid janubiy devorining tag qismi sinchiklab oʻrganilganda u yerda XVII asrga oid gʻishtlar topildi. Mehrobli devor esa, ancha qadimgi devor oʻrnida, jarlikning yonbagʻrini ushlab turish uchun qurilgan ekan. Bu yerdagi va janubiy devor tagidagi gʻishtlar XIV asr oxiri va XV asr boshlariga oiddir.

Quyiroqda, buloq tomon boradigan yoʻlakda esa, IV- VII asrga va hatto I- II asrlarga oid buyumlar topildi. Islom dinigacha, mahalliy zardushtiylar shunday buloqlar oldida turli diniy marosimlarni bajargan. Bu yerda ham islomgacha boʻlgan davrda muqaddas hisoblangan qandaydir maskan boʻlgan boʻlishi ehtimoldan holi emas. Lekin bu borada hali aniq xulosa chiqarish erta, chunki arxeologik izlanishlarni davom ettirish lozim. Bularning barchasi Hazrati Doniyor paygʻambarning muqaddas majmuasi haqida, bizlarga hali oʻz sirlarini toʻlasincha ochgan emas.

Arxeologik qazish ishlari davom ettirilmoqda va kelgusida maqbara toʻgʻrisida kengroq maʼlumotlar olinadi degan umiddamiz. 1995-yildan boshlab maqbara va uning atrofidagi maydonlarda katta qurilish-taʼmirlash va obodonlash-tirish ishlari olib borildi.

Hozirgi ahvoli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirda maqbara va uning atrofi toʻliq taʼmirlangan. Maqbara yonidan oʻtuvchi anhor atrofi koʻkalamzorlashtirilgan, xorijiy mehmonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.