Xolmuhammad Oxundiy
Xolmuammad Oxundiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1892-yil Margʻilon shahri |
Vafoti | 1938-yil |
Xolmuhammad Oxundiy (1892—1938) — davlat va jamoat arbobi. Xolmuhammad Oxundiy 1892-yil Margʻilon shahrida tavallud topgan. Xolmuhammad Margʻilondagi dastlabki maktabda tahsil oladi. Keyinchalik rus-tuzem maktabida rus tilini oʻrganadi.
Yoshi 18 ga to'lganda Marg'ilon rus-tuzem maktabiga qorovul bo'lib ishga kirgan. Bu yerda bir yil ishlaydi.
Xolmuhammad Oxundiy 1910-yilda Margʻilondagi Zinger kompaniyasida oddiy ishchi sifatida faoliyat koʻrsatadi va 1915-yilgacha bu yerda ishlaydi. 1913-yildan u Margʻilondagi toshkentlik Qudratilla hoji tomonidan ochilgan jadid maktabida oʻqishni davom ettiradi. 1914-yil ushbu maktabda Hamza Hakimzoda Niyoziyning taklif qilinishi maktabning obroʻsini oshirib yuborgan. Xolmuhammad Oxundiy 1914-yilning 12-yanvarida Asaka rus-tuzem maktabiga, 1915-yili esa Shahrixon rus-tuzem maktabiga o'qituvchi sifatida qabul qilingan. U faoliyati davomida fabrikada ishlab, nemis tilini ham oʻrganadi. Ustozi Hamza Hakimzoda Niyoziyning taʼsiri ostida dastlabki sheʼrlarini yozadi. Xolmuhammad Oxundiy 1917-yili Turkiston muxtoriyatini jon jahdi bilan qoʻllab-quvvatlaydi[1]. U 1918-yilda Margʻilonda soʻl eserlar partiyasiga, shu yilning yozida esa kompartiyaga aʼzo boʻladi. U avval Fargʻona maorif boshqarmasida ishlaydi va keyinchalik Toshkentga keladi.
O'zining ma'lumoti yetarli emasligi va yaxshi o'qituvchi bo'lishi uchun yana o'z ustida ishlab, o'qishni davom ettirmoqchi bo'ladi. Shu bois Inspeksiyaga raport berib vazifasidan ozod qilinishini, taʼlim olishni davom ettirishni soʻragan. Iltimos qondirilgan. Rus-tuzem maktabi oʻquv rejasidagi bilim hajmi etarli emasligini anglab, bilimini oshirish maqsadida Toshkentga keladi. Uni Eski shaharda bitta musulmon maktab ochishga taklif etishadi. Bu ishni bajaradi, juda ham oz miqdorda oylik oladi. Baribir oʻqishni davom ettirmoqchi boʻladi. Bu vaqtda Toshkentda Lobanko tomonidan ochilgan yillik bilim beruvchi xususiy kurslar boʻlgan, unga kirib oʻqiydi. Fevral inqilobi tufayli Xolmuhammad Oxundiyda ijtimoiy ishlarda xizmat qilish ishtiyoqi ortadi. Margʻilonga qaytib kelib yangi usuldagi maktablar oʻqituvchilarini hamda yosh oʻzbeklarni toʻplab biror tashkilot tuzishga kirishadi. Lekin biror ishga erisholmaydi. Chunki Muvaqqat hukumatning Margʻilondagi jamoat xavfsizlik komiteti eng reaksion yoʻl tutayotgan edi.
1919-yildan 1925-yilgacha maorif sohasidagi tashkiliy ishlarda faol bo'ladi. U Xudoyorxon o'g'illari va nabiralari obro'sini ko'tarishga, ularni boshqaruvga jalb etishga uringanlar —Xudoyorxonchilikka qarshi ko'p chiqishlar qilgan. Muxtoriyat e'lon qilinganidan so'ng jamoat ishlaridan ketib o'qituvchilik ishini davom ettiradi. Biroq 1918-yil terlama kasaliga chalinib, shahar dumasi tarqatilganini sovet hukumatiga saylov bo'layotganini uyida eshitadi. So'ng sog'ayib, saylovda qatnashadi, ijroqo'mga saylanadi. Marg'ilon soveti ijroiya komiteti mas'ul kotibi bo'lib saylanadi. Shu vaqtda bosmachilar yetakchisi Madaminbekka qarshi kurash olib borgani ham qayd etilgan[2].
Xolmuhammad Oxundiy 1920—1925-yillarda Margʻilon shahar vaqf boʻlimining mudiri sifatida faoliyat koʻrsatadi. U 1923-yili oʻzining nomidan 50 soʻm, vaqf hisobidan esa 1000 soʻm toʻplab Germaniyada tahsil olayotgan talabalarga mablagʻ ajrtadi. U 1925—1929-yillar Maorif xalq kommisarligi tizimida faoliyat olib boradi. 1925-yil Majid Qodiriy rahbarligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Majid Qodiriy bilan birgalikda Parij sanʼat koʻrgazmasiga boradi. U 1925—1926-yillarda Toshkentdan ketib, „Fargʻona“ gazetasining muharriri boʻladi. 1929-yil Moskvada jurnalistika sohasida tahsil oladi. 1932-yil Xolmuhammad Oxundiy Oʻzbekiston SSga qaytib, OʻzSSR KP Marksizm-leninizm institutida muharrir sifatida ishlaydi. 1938-yil 7-fevralda uning uyida tintuv oʻtkaziladi. 1938-yil 4 oktabr sud qarori bilan otib tashlanadi[3]. Xolmuhammad Oxundiy KPSSning XX syezdidan soʻng reabilitatsiya qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet.
- ↑ Rustambek Shamsiddinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari. 1-kitob. Toshkent, „Sharq“ 2012 — 80-bet. ISBN 9789943004818.
- ↑ Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.