Kontent qismiga oʻtish

Xon (unvon)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xon — turkiy va moʻgʻul xalqlarida hukmdorlar unvoni. Dastlab qabila sardori, keyinchalik oliy hukmdorni anglatgan. Saljuqiylar va xorazmshohlar davrida X. viloyat, shahar hokimi yoxud darajasiga koʻra amir yoki malik lavozimlariga nisbatan yuqori hisoblangan, ayni paytda, mamlakat boshligʻi sultonga tobe boʻlgan turkiy boshliqni bildirgan. X. arelon, bugʻra singari soʻzlar bilan birikib qoraxoniylar davlati hukmdorlarini anglatgan. Moʻgʻul imperiyasiga asos solgan Temuchin „Chingizxon“ unvonini qabul qilgan. Imperiya hududida tashkil topgan ulus hukmdorlari ham X. deb nomlangan. Chingizxon vafotidan soʻng, saltanat taxtiga oʻtirgan chingiziylarga qoon unvoni berilgan. Moʻgʻul hukmronligi davrida Eronda nomusulmon hukmdorlar X., musulmon hukmdorlar esa, sulton deb atalgan. Temuriylarda Chingizxon sulolasiga daxldor shaxslar X. unvoni bilan yuritilgan. Shayboniylarsa X. hukmdor yoki taxt vorisini, sulton esa shahzodani ifodalagan. Safaviylar davrida X. unvoni viloyat boshliqlari — amirlarga berilgan va ular oʻz rutbalariga koʻra, 3tabaqali zodagonlar sifatida eʼtirof etilgan.

Ayni vaqtda X. Eron va Afgʻonistonning turli koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi qabilalari orasida kabila yoki urugʻ sardori unvoni tarzida shuhrat topgan. Qoʻqon va Xiva xonligi hukmdorlari ham oʻzlarini X. deb atashgan. Bu nom ularning chingiziylar bilan qarindoshlik rishtalari mavjudligiga ham ishora hisoblangan. Qojarlar davlatida (19-asr) turli darajadagi harbiy va maʼmuriy amaldorlar, Hindistondagi musulmon davlatlarida turli martabadagi mansabdorlar ham X. deb yuritilgan.

Bartold V. V., Sochineniya, t.2., ch. 1, M., 1963; Dadabayev X., Obshestvennopoliticheskaya i sotsialnoekonomicheskaya terminologiya v tyurkoyazichnix pamyatnikax XIXIV vv., T., 1991.