Kontent qismiga oʻtish

Yahyo ibn Abdulg'affor Keshiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yahyo ibn Abdulgʻaffor Keshiy katta roviy va muhaddislardan boʻlgan. Muhaddis asosan Kesh va Samarqandda yashab movarounnahrlik muhaddislardan taʼlim olgan va hadis rivoyat qilib koʻplab shogirdlar chiqargan. Islom tarixi va maʼnaviy meroslar haqida keltirilgan manbalarda Yahyo ibn Abdulgʻaffor Keshiyning mashhur „Sunna“ deb nomlangan asari borligi keltirilib, bundan boshqa asarlari ham mavjud boʻlgani haqida maʼlumotlar berilgan. Muhaddis yashagan davr Movarounnahr shaharlari ichida Samarqand shahri ilm-maʼrifat hamda fan-madaniyat rivojlangan shaharlar qatorida sanalgan. Movarounnahr va boshqa diyorlardagi muhaddis, allomalar oʻrtasida ilmiy amaliy aloqalar keng rivojlangan. Jumladan, muhaddislar Yahyo ibn Abdulgʻaffor Keshiy va Abdulhamid Keshiylar oʻrtasida ham ilm-maʼrifat yoʻlida juda ham yaqin birodarlik, ustoz shogirdlik aloqalari boʻlgan. Tarixchi Gʻunjorning „Tarixi Buxoro“ asarida shunday maʼlumot keltirib oʻtilgan boʻlib, bu qimmatli maʼlumotdan ikki muhaddisning ham vafoti bilan bogʻliq boʻlgan xabarga aniqlik kiritish mumkin boʻladi. Uning maʼlumotiga koʻra: "Bizga Ahmad ibn Abu Homid Baholiy, Hafs ibn Burxosh Keshiy[1] dan xabar berdiki, Yahyo ibn Abdulgʻafur (Qodir) degan shayximiz bor edi. Bir kuni u kishi qattiq betob boʻlib qoldi. U kishining ziyoratiga „Musnadi Abd“ asari sohibi Abdulhamid Keshiy keldilar. Ikkalasi oʻrtasida kuchli ilohiy muhabbat, Alloh yoʻlida oʻzaro yaqinlik bor edi. Abdulhamid Keshiy kelib, Yahyo ibn Abdulgʻafurni ziyorat qilib, uning holini koʻrdi-da, uning haqqiga duo qilib, yigʻlab yubordi. Ikki muhaddis diydorlashib boʻlishgach, Abdulhamid Keshiy duoda davom etib: „Ey! Allohim oʻzing rahm qil! meni bu solih bandangdan ortda qoldirmagin“ deb duo qildi. Shu kuni Yahyo ibn Abdulgʻafur vafot etdi. Ertasi kuni ertalab Abdulhamid Keshiy ham toʻsatdan xastalikka uchramay vafot topdi, ikki shayxning janoza namozi bir kunda oʻqilib, bir kunda dafn etildi"[2]. Ikki muhaddisning hayotda ilm-maʼrifat va ezgu ishlarda hamroh boʻlganligi ularni oxirat safariga ham birga borishlariga sabab boʻlib, Allohning nazdida ularning duolari ijobat boʻlgan. Yahyo ibn Abdulgʻaffor Keshiy 249/863 yili Keshda vafot etgan.

  1. Ҳафс ибн Бурхош Кеший, Абдулҳамид Кешийдан ҳадис ривоят қилган ва унинг шогирди бўлган.
  2. Шамсуддин Заҳабий. Тарих ал-Ислом. – Байрут. 1302 ҳ. – Ж. 4. – Б.425.