Kontent qismiga oʻtish

Yatim Bobojonov

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Yatim Bobojonov (asli ismi Fozil) (1904 Toshkent 1959.26.12) — teatr arbobi, aktyor, rejissyor va pedagog. Oʻzbekiston xalq artisti (1943). Oʻzbek teatri asoschilaridan. Saxna faoliyatini 1920-yil teatr truppasi (Toshkent) da kichik rollarni ijro etishdan boshlagan. Moskva oʻzbek drama studiyasida (1924—27) K. Stanislavskiyning ilgʻor sahna uslubi, Ye. Vaxtangov rejissurasini oʻrgangan, 1927-yildan Hamza teatrida aktyor va rejissyor Hajviy va harakterli rollarni mahorat bilan ijro etgan: Tartalye (K. Gotssi, "Malikai Turandot", 1927), Brigella (K. Goldoni, "Ikki boyga bir malay", 1927) va boshqa 1931—32 yillarda Buxoro teatri va unga vaqtincha qoʻshilgan Respublika yosh tomoshabinlar teatri badiiy rahbari. Rejissyorlik faoliyatini shu teatrda "Niqob yirtildi" (Z. Fatxulin) pyesasini sahnalashtirishdan boshlagan. 1934-yil Hamza teatrida "Tormor" (Komil Yashin) spektaklini sahnalashtirgan. Spektakl hayotiyligi, ommaviy sahnalarning mukammalligi, yuksak ijro saviyasi bilan ajralib turadi. B. ijodida Hamza dramalari va uning obrazini yaratish alohida oʻrin tutgan. "Xolisxon" (1940), "Hamza" (Komil Yashin, A. Umariy, 1949), ayniqsa, "Boy ila xizmatchi" (1939) spektakli B. rejissyorlik ijodining choʻqqisi, Hamza teatrining esa katta yutugʻi boʻldi. B. oʻz rollari va spektakllarida xalqhayotini atroflicha aks ettirdi, qahramonlari harakteri va ruhiy holatlarini chuqur ochishga erishdi. B. teatr sanʼatining tarbiyaviy roliga alohida ahamiyat bergan, spektakllari chuqur gʻoyaviy mazmun va aniq maqsadga ega boʻlgan. B. Yangiyoʻl (1943—46), Toshsovet (1946—48) teatrlarida badiiy rahbar boʻlib ishlagan, shu teatrlarda "Tohir va Zuhra" (S. Abdulla asari; T. Jalilov musiqasi), "Muqanna" (H. Olimjon). "Xoʻja Nasriddin" (V. Vitkovich, Gʻ. Gʻulom), "Oftobxon" (Komil Yashin; X. Toʻxtasinov) va boshqa spektakllarni qoʻygan. Sh. Burhonov, O. Xoʻjayev, N. Rahimov, O. Jalilov, M. Gʻofurov, A. Boltayev, F. Rahmatova va boshqalarning aktyor sifatida shakllanishida xizmati katta. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida dare bergan (195056).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil