Yayra Abdullayeva
Yayra Umarovna Abdullayeva | |
---|---|
Tavalludi |
14-avgust 1930-yil |
Vafoti |
14-may 2019-yil (88 yoshda) Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Mukofotlari |
Yayra Umarovna Abdullayeva (14-avgust 1930-yil – 14-may 2019-yil) – aktrisa, 1964-yili Oʻzbekiston xalq artisti unvonini qoʻlga kiritgan. Yayra Abdullayeva raqqosa Lizaxonim Petrosovaning qizi. Tamaraxonimning jiyani.
Hayoti va ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yayra Abdullayeva 1930-yil 14-avgustda Andijon viloyatida dunyoga kelgan. Yayra Abdullayeva Toshkent sanʼat institutida tahsil olgan va institutni 1950-yili tamomlagan. 1945-yilda Gavhar Rahimova rahbarligidagi front konsert brigadasida ilk ijodiy faoliyatini boshlagan. 1950-yildan Hamza teatrida faoliyat koʻrsatgan.
Yayra Abdullayeva „Boy ila xizmatchi“ filmidagi Gulbahor roli bilan 1953-yildan boshlab oʻzbek kino sanʼatida oʻz faoliyatini boshladi, birin-ketin „Opa singil Rahmonovalar“ (1954-yil), „Stadionda uchrashamiz“ (1956-yil), „Hamza“ (1960-yil), „Vijdon amri bilan“ (1967-yil) kabi filmlarda suratga tushgan. U kinoda yaratgan Gulbahor, Dildor, Raʼno, Saodat va boshqa obrazlari muxlislari tomonidan olqishlarga sazovor bo'lgan.
Hafiza (Abdulla Qahhor, „Shohi soʻzana“), Guli (Uygʻun, I. Sulton, „Alisher Navoiy“), Katerina (A. Ostrovskiy, „Momaqaldiroq“), Gulbahor (Hamza, „Boy ila xizmatchi“), Gulnor (Oybek, „Qutlugʻ qon“), Turgʻunoy (I. Sulton, „Nomaʼlum kishi“), Xemnolini (R. Tagor asari asosida, „Gang daryosining qizi“) kabi obrazlarida turli toifadagi xotin-qizlar hayoti, ularning qismati, jasorati va oliyjanobligini mujassamlantirdi. Key (M. Kaoru, „Oʻgʻirlangan umr“) obrazi Abdullayeva ijodining choʻqqisi boʻlib, u yapon ayolining mashaqqatli hayot yoʻlini, taqdirini psixologik teranlik va izchillik bilan ochib berdi. Regana (U. Shekspir, „Qirol Lir“), Mariya Styuart (F. Shiller, „Mariya Styuart“) obrazlari bilan psixologik va fojiaviy rollari bilan ham tanildi. Aktrisa tomonidan yaratilgan Persiya („Yuliy Sezar“), Antigona („Antigona“), Anita („Gʻariblar“), Nodirabegim (shu nomli asar), Mamayeva („Har toʻkisda bir ayb“), Gavharshodbegim („Mirzo Ulugʻbek“), Siyonxonim („Jonimni ol, jonginam“) va boshqa yetuk obrazlarni ijro qilgan. Yayra Abdullayeva Nodirabegim (T. Toʻla, „Nodirabegim“) obrazi Abdullayeva ijrosida ulugʻvor, olijanob malika va otashin ijodkor sifatida namoyon boʻldi. Ra'no Abdullayevaning kinodagi asosiy rollari: Gulbahor („Boy ila xizmatchi“), Dildor („Opa-singil Rahmonovalar“), Raʼno („Stadionda uchrashamiz“), Saodat („Hamza“), Xatira („Vijdon amri bilan“) va boshqalar.
Radiospektakllarda
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yayra Abdullayeva faoliyati davomida ovoz, imo-ishora, kinoya va boshqa ifoda vositalaridan yorqin foydalangan. Respublika radiosidagi „Teatr mikrofon oldida“, „Bir aktyor teatri“ kabi eshittirishlarda faol qatnashgan aktrisa qator radiospektakllarda ham rollar ijro etgan. Evripidning „Medeya“, Sh. R.Rashidovning „Kashmir qoʻshigʻi“, „Qudratli toʻlqin“, A. S. Pushkinning „Dubrovskiy“ asarlari asosida tayyorlangan radiospektakllarda Medeya, Bahor, Mariya obrazlarini ijro etdi. Ibsenning „Nora“ asari asosida tayyorlangan radiospektaklda ham postanovkachi rejissyor, ham aktyor sifatida qatnashgan.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yayra Abdullayva Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). „Doʻstlik“ hamda „El-yurt hurmati“ ordeni bilan taqdirlangan (1998)[1]. William Shakespearening „Qirol Lir“ tragediyasida yaratgan Regina obrazi uchun 1967-yilda Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻldi[2].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva 2019-yil 14-mayda 89 yoshida Toshkent shahrida vafot etgan. Aktrisa Tibbiyot bosh boshqarmasiga qarashli 1-markaziy klinik shifoxonasining jonlantirish boʻlimida hayotdan koʻz yumgan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ "Abdullayeva Yayra Umarovna" OʻzME. A-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „ЯЙРА АБДУЛЛАЕВА“ (2020-yil 15-dekabr). 2023-yil 6-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 6-iyun.
- ↑ „O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva olamdan o‘tdi“ (2019-yil 14-may). Qaraldi: 2023-yil 6-iyun.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 14-avgustda tugʻilganlar
- 1930-yilda tugʻilganlar
- Andijonda tugʻilganlar
- 14-mayda vafot etganlar
- 2019-yilda vafot etganlar
- Toshkentda vafot etganlar
- Oʻzbekiston xalq artistlari
- Doʻstlik ordeni sohiblari
- El-yurt hurmati ordeni sohiblari
- Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureatlari
- Oʻzbekistonlik aktrisalar
- Toshkent sanʼat instituti bitiruvchilari