Kontent qismiga oʻtish

Yobuxona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yobuxona — Buxoro viloyati, Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi aholi pukti nomi[1]. Toponim ikki qismdan iborat: yobu+xona, Yobu (jobu) — oʻzbek urugʻi. Yobu qozoqlar tarkibida ham boʻlgan, tarqoq holda Zarafshonning oʻrta va quyi oqimi (Payariq, Pastdargʻom, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Gʻijduvon)da, Qarshi choʻlida istiqomat qilgan. Chorvachilik hamda dehqonchilik bilan Yobu avlodlari oʻzbek xalqi tarkibiga singib ketgan. Bu qishloqda yobu urugʻiga mansub kishilar istiqomat qilgani uchun ham shunday nomlangan. Yobu turkiy etnonim boʻlib, oʻzbek qabilalarining birining nomi. Manbalarda yobu, yovu, yovi, jobili, jobu shakllarida uchraydi. Buxoro xoni Ubaydullaxon qalabiga mansub quyidagi tuyuq yobularning Soʻgʻddagi mavqeyi haqidadir: Soʻgʻd ichida ulturarlar yobular Yobularning mingan oti yobilar. Yobularning ilkidin el tinmadi, Yobular tursin bu elda, yo bular. Turkiylarning oliy hukmdorlik unvonlaridan biri yobgʻu (yabgʻu) deb nomlangan. Oʻrxun-Yenisey yodgorliklarida ham „yangʻu“ terminini uchratish mumkin. Qadimiy turklarda bu unvon qabila boshligʻi yoki qabilalar ittifoqi boshligʻiga berilgan. Markaziy Osiyoning qadimiy xalqlaridan biri boʻlgan qarluq xonlari ham yabgʻu deb nomlangan. Yobular oʻzbeklar orasida kichik guruhni (1926-yil maʼlumotlariga koʻra 4 mingga yaqin kishi)ni tashkil etgan. Yobular bilan bogʻliq qishloq nomlari Buxoro, Samarqand va boshqa viloyatlarda koʻp uchraydi. Paxtachi tumanidagi Eshmatjobi, Buxoro tumanidagi Yobuxona, Konimex tumanidagi Yobiariq kabi qishloqlar shular jumlasidandir. Yobuxona Buxoro tumanining Rabotiqalmoq mahalla fuqarolar yigʻiniga tegishli aholi punkti hisoblanadi[2].


  1. Rajabov Q, Hayitov Sh, Sodiqov F. Buxoro tuman tarixi (qisqacha ma’lumotnoma). Toshkent: Tafakkur, 2015 — 52-bet. 
  2. Adizova N. Buxoro tumani toponimlari. Toshkent: Navro’z, 2020 — 115-bet.