Yogʻochli sardoba
Yogʻochli sardoba | |
---|---|
Yogʻochli sardoba. Old tomondan koʻrinishi. | |
Eski nomlari | Xudoysera sardobasi |
Muqobil nomlari | Ogʻoch sardoba |
Umumiy maʼlumot | |
Turi | Sardoba |
Manzili | Gumbaz qishlogʻi |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 40°19′28″N 68°06′38″E / 40.324454°N 68.110663°E |
Qurilishi boshlangan | XVI asrning 2-yarmi |
Qurilishi tugagan | 1580-yil yoki 1590-yil |
Egasi | Davlat mulki |
Balandligi | |
Balandligi | 8 metr |
Tomi | Gumbazsimon |
Oʻlchamlari | |
Diametr | 27 |
Texnik holati | |
Material | Pishgan gʻisht |
Qavatlar soni | 1 |
Binoning ichki maydoni | ≈47,1 m² |
Tashqi videofayllar | |
---|---|
Yogʻochli sardoba suratga olingan qisqa videolavha va unga atab yozilgan sheʼr. | |
Сардоба — древнее хранилище воды. Исторические памятники Узбекистана. |
Yogʻochli sardoba (Ogʻoch sardoba, Xudoysera sardobasi) — Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Gumbaz qishlogʻida, Toshkent—Samarqand—Buxoro shaharlarini bog‘lovchi M39 avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. U, shuningdek, Mirzachoʻlda mavjud boʻlgan 3 ta sardobadan biri va viloyatda shu turdagi yagona inshootdir .
Yogʻochli sardoba oʻrta asrlarda „Xudoysera“ deb ham atalgan. Hozirda unga nisbatan „Ogʻoch“ nomi ham qoʻllanadi
.Sardoba XVI asrda oʻzbek hukmdori Abdullaxon (1557—1598) davrida bunyod etilgan boʻlib , uning Amir Temur (1370—1405) davrida qurilishi bilan bogʻliq rivoyat bizgacha yetib kelgan .
Tarixiy yodgorlik Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan. U Sirdaryo viloyatidagi 4 ta ekoturizm obyektlaridan biri hamdir .
Sardobaning atrofida sizoq suvlar koʻtarilib ketishi oqibatida hovuz suvi hozirda istemolga yaroqsiz holatga kelib qolgan
.Nomlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Sardoba“ soʻzi forschadan olingan boʻlib, „muzdek suv“ degan maʼnoni anglatadi. Yogʻochli sardoba oʻrta asrlarda Xudoysera deb ham atalgan. Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatida unga nisbatan Ogʻoch atamasi qoʻllangan[1].
Joylashgan oʻrni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston va uning atrofida 44 ta sardoba boʻlib, ularning 29 tasi Qarshi choʻlida, 3 tasi Mirzachoʻlda, yana 3 tasi Toshkent — Fargʻona oʻrtasidagi qadimgi savdo yoʻlida hamda bittasi Karmana yaqinida Malikchoʻlda joylashgan[2].
Tarixda Mirzachoʻlni kesib oʻtuvchi bir nechta karvon yoʻllari boʻlgan. Yogoʻchli sardoba shu yoʻllardan birining yoqasida joylashgan boʻlib, Mirzasardobadan 30 km janubda, Jizzaxdan 35 km shimolda oʻrnashgan. Hozirda bu joy Oʻzbekistonning Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Gumbaz qishlogʻi hududiga toʻgʻri keladi[1].
Tadqiqotchilarning fikricha, Mirzachoʻldagi sardobalarning barpo etilishi Amir Temur va Abdullaxonning bunyodkorlik faoliyati bilan bogʻliqdir[3].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yog‘ochli sardoba haqidagi ilk maʼlumotlar Hofiz Tanish al-Buxoriyning „Abdullanoma“ asarida keltirilgan. Unga koʻra oʻzbek xoni Abdullaxon (1557—1598) „Toshkentga harbiy yurishi chog‘ida shu hududda hordiq chiqarish uchun to‘xtab, suvsizlikdan qiynalgan askarlari uchun karvonsaroy va sardoba qurishni buyuradi“[4].
Manbalarga koʻra Yog‘ochli sardoba XVI asrning 2-yarmida (1580-yilda[5] yoki 1585—1590-yillarda[6]) bunyod etilgan. Taxminlarga koʻra, uning gʻishtlari Samarqand shahrida[7] yoki hozirgi Gʻallaorol tumani hududida quyilib, pishirilib, olib kelingan[8].
Yon-atrofdagi suvlar insonlar tomonidan qazilgan irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar oʻrnatilgan boʻlib, ular bir-birlari bilan halqasimon tarnov orqali bogʻlangan[9].
Tarixiy manbalarga asosan ichki hovuzlar 2 ta boʻlgan. Bu hovuzlarda quduq boʻlib doimiy muzday suv bilan taʼminlanib turilgan. Keyinchalik 1 ta hovuz yopilib ketgan va hozirda 1 ta hovuz qolgan[7]. Sardoba hovuzi loyqalanib, inshootni ishdan chiqarmasligi uchun uning oldida kattagina suv tindirgich — ochiq hovuz qurilgan. Atrofdan oqib kelgan qor va yomgʻir suvlari avval suv tindirgichda toʻplanib, undan loyqa hovuz tubiga choʻkkan, soʻngra toza suv sardobaga quyilgan. Suv tindirgichga chorva mollari kirib, ifloslamasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan oʻralgan[8].
XX asr tarixchilarining yozishicha, sardoba yaqinida karvonsaroy bilan birga bogʻ-rogʻlar boʻlgan. XIX asr tarixchilarining yozishicha, sardobaga kirish qismidagi oʻziga xos yoʻlakning tepasida xizmatchilar va qoʻriqchilar uchun maxsus xona boʻlgan. Unga inshoot tashqarisida qurilgan zinapoya orqali chiqilgan[8].
SSSR davrida sardoba ichida „yеvropaliklar“ tomonidan quduq qazilgan. Ushbu quduqning dеvorlari yogʻoch bilan oʻralgan[10].
Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligida bir necha marta tamirlash ishlari olib borilgan. 2001-yil tarixiy yodgorlikning atrofi toʻliq oʻralgan, oldi qismiga choʻyan panjaralar oʻrnatilgan va kirish qismiga darvoza oʻrnatib kirish yoʻlaklarini va tarixiy yodgorlik atrofida yassi toshlar yotqizilib, yoʻlaklar qilingan[7].
Tarixiy yodgorlikning ayvon qismiga ganchli darvoza qurilgan va ichki qismi toʻliq tamirlanib maxsus yoritgichlar oʻrnatilgan hamda sardobaning atrofiga koʻchatlar va gullar ekilgan[7]. Lekin, keyinchalik uning rekonstruksiyasi toʻxtatib qoʻyilgan[11].
2019-yilda sardoba xarobaga aylanib, achinarli holatga kelib qolgan. Obidaning atrofi temir panjaralar bilan to‘sib qoʻyilgan, darvozasi mato bilan bog‘lab qo‘yilgan. Tevarak-atrofi chiqindilar bilan to‘la, yonidagi ikkita binoning qurilishi ham yakuniga yetmagan (2019). Yog‘ochli sardoba joylashgan hududda turistlar uchun deyarli sharoit yo‘q edi[4]. Sardoba 2019-yil tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1].
2021-yilda qabul qilingan Xalq deputatlari Sardoba tumani kengashi qarorining mazmuniga koʻra, tumanning bir nechta mansabdor shaxslariga tarixiy yodgorlikni turistik marshrutga kiritish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, tasdiqlash va ijrosini taʼminlash maqsadida navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritish vazifalari yuklatilgan. Yaʼni, ular navbatdagi sessiyada tashkiliy-amaliy taklif berishlari kerak boʻlgan[11].
Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi atrofida sizoq suvlar koʻtarilib ketishi oqibatida hovuz suvlari hozirda istemolga yaroqsiz holatga kelib qolgan[7]. U hozirda Sirdaryo viloyatidagi 4 ta ekoturizm obyektlaridan biridir[12].
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi tomonlari 75 metrdan kvadrat holida toʻsilgan va umumiy maydoni 5625 kvadrat metrni tashkil qiladi. Ikki yon tomoni va orqa qismi 3 mertlik balandlikdagi beton toʻsiqlar bilan oʻralgan, oldi qismi choʻyan bezakli toʻsiqlar bilan oʻralgan[7].
Oʻralgan umumiy maydonning oʻrtasida Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi joylashgan. Tarixiy yodgorlik diametri 27 metr aylana holda qurilgan, balandligi 8 metr va oldi kirish qismiga 5 metr uzunlikda, 3 metr balandlikda ayvon qurilgan[7].
Sardobaga kirish qismi inshootning shimolida joylashgan. Kirish darvozasining eni 3 metr, balandligi 2,8 metr[8]. Kirish arksimon bo‘lib, undan g‘ishtli zinapoyalar orqali sardoba ichkarisiga kiriladi[4].
Yogʻochli sardoba tarixiy yodgorligi ichki qismining oʻrtasida hovuz joylashgan boʻlgan[7]. Uning chuqurligi 10—15 metr, diametri 12—16 metrni tashkil etgan[8]. Uning oʻrnida XX asrda qazilgan quduq saqlanib qolgan. Ushbu quduqning dеvorlari yogʻoch bilan oʻralgan[10]
Inshootning g‘ishtlari kvadrat shaklda bo‘lib, qalinligi 5—5,5 sm, yuzi esa 25, 26 va 27 sm2 ga teng pishiq gʻishtlardan qurilgan[13]. Devorining qalinligi quyi qismida 1,5 metrni tashkil etsa, yuqoriga qarab yupqalashib boradi va eng yuqori qismida uning qalinligi bir g‘isht ko‘rinishiga keladi[4]. Inshoot gumbazining ichki diametri 15 metr, balandligi 12 metr[14]. Gumbazning uch tomoniga, yerdan 2 metr balandlikda, bir nechta ravoqsimon ventilyatsiyalovchi darchalar yoki tuynuklar va tepasiga bitta moʻri ishlangan. Havoni yangilab turuvchi moʻri va darchalar inshoot ichidagi havoni tozalab, unga salqinlik berib turgan[8].
Qurilishi bilan bogʻliq rivoyat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bir rivoyatga koʻra Yogʻochli sardoba Amir Temur buyrugʻi bilan qurilgan ekan, uning bunyod etilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallarini (gʻisht va boshqalarni) yonma-yon turgan odamlar qoʻlma-qoʻl qilib, Samarqanddan keltirishgan, sardoba hovuzi esa Amir Temur farmoni bilan qurilgan, Sirdaryodan suv oluvchi Oʻrinboyariq tashlamasi yordamida toʻldirilgan ekan[8].
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Yogʻochli Sardoba (2023)
-
Yogʻochli Sardoba (ichki koʻrinishi, 2023)
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
- ↑ Muhammedov 2014, s. 56.
- ↑ Oʻzbekiston tarixi telekanali / Koʻhna manzillar. Koʻhna sardoba tarixi. YouTubeda
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 „Xarobaga aylangan sardoba“. Kun.uz (25-aprel 2022-yil). Qaraldi: 1-yanvar 2023-yil.
- ↑ „„Yogʻochli sardoba“ turistik maskanga aylanadi“. Sirdaryo.uz (9-noyabr 2021-yil). Qaraldi: 1-yanvar 2023-yil.
- ↑ 1585—1590-yillarda qad rostlagan „Yog‘ochli sardoba“ tarixiy-meʼmoriy suv saqlagich inshooti. YouTubeda
- ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 7,5 7,6 7,7 Shoisoyev, Arziyev 2019, s. 52—55.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 8,5 8,6 „Koʻhna sardoba tarixi“. Soglom.uz (18-mart 2017-yil). Qaraldi: 1-yanvar 2023-yil.
- ↑ Qudratov 2002, s. 22—24.
- ↑ 10,0 10,1 „Sirdaryo viloyatining tarixiy-geografik joylashuvi“. I2s.uz. Qaraldi: 1-yanvar 2023-yil.
- ↑ 11,0 11,1 „Xalq deputatlari Sardoba tumani kengashining VI-41-76-9-127-K/21 sonli qarori“. E-qaror.gov.uz (8-noyabr 2021-yil). Qaraldi: 1-yanvar 2023-yil.
- ↑ Tobirov 2021, s. 47.
- ↑ Tobirov 2021, s. ?.
- ↑ М. Е. Массон. Проблема изучения цистерн-сардоба. Издание Комитета наук при СНК УзССР, 1935 — 22-bet. ISBN 28600603. Qaraldi: 14-noyabr 2023-yil.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Muhammedov A., Begmatov I. Suv xoʻjaligi va melioratsiyaga kirish, 2014 — 168-bet.
- Qudratov S. Sardobalar oʻlkasi (Sirdaryo qadimda va oʻrta asrlarda). Toshkent: Fan, 2001 — 28-bet.
- Tobirov O. Turizm va uni Sirdaryo viloyatida rivojlanishining geografik jihatari, 2021 — 28-bet. Shoisoyev I. K. Mirzachoʻl Buyuk ipak yoʻli chorrahasida // Arxitektura. Qurilish. Dizayn.. — Toshkent: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, 2019. — № 3. Архивировано 1 yanvar 2023 года.
- Shoisoyev I. K., Arziyev D. A. Oʻzbekistonda turizm sohasini yanada rivojlantirish masalalari (Sirdaryo viloyati misolida) // Arxitektura. Qurilish. Dizayn.. — Toshkent: Toshkent arxitektura-qurilish instituti, 2019. — № 3. Архивировано 1 yanvar 2023 года.