Kontent qismiga oʻtish

Yor-yor

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yor-yornikoh toʻyi marosimlari jarayonida aytiladigan xalq qoʻshigʻi. Qadim zamonlardan oʻzbek, tojik, uygʻur va turkman xalqlari orasida keng tarqalgan. Ikkilik yoki toʻrtlik shaklidagi termalardan iborat boʻlib, har bandning oxiri, baʼzan oʻrtasida "Yor-yor, aylanaman" kabi soʻzlar qoʻshib aytiladi. Odatda, doira joʻrligida, kelinni kuzatayotgan ayollar tomonidan, Fargʻona vodiysi (Fargʻona, Oʻsh, Xoʻjand) va Zarafshon vohasida kelinnikiga ketayotgan yigitlar tomonidan ham ijro etiladi. Yor-yorda kelinning xususiyatlari, uning hayoti, orzu-istaklari, yaxshi tilak va qutlovlari kuylanadi. Yoryorlarning favqulodda taʼsirchanligi ularda bir vaqtning oʻzida ham mungli yigʻi (ohangida), ham bayramona shodiyonalik (usulda) kayfiyatlari mujassam etilganligidadir. Xalq yor-yorlari taʼsirida yozma adabiyotda ham yor-yorlar yaratilgan. Alisher Navoiyning "Mezon ul-avzon", Boburning "Mufassal" asarlaridagi yor-yor matnlari teranligi va jozibadorligi bilan ajralib turadi. Oʻzbekiston viloyatlari (Buxoro, Fargʻona, Namangan, Surxondaryo, Xorazm va boshqalar) ning yoryorlari oʻziga xos xususiyatlarga ega. Kuylari mungli, jozibali, oʻynoqi, mazmuni lirik, hajv, madhiya ham boʻlishi mumkin. Yor-yorlar turli folkloretnografik ansambllar repertuaridan, oʻzbek bastakor va kompozitorlari ijodidan ham salmoqli oʻrin olgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil