Yozuv mashinkasi
Yozuv mashinkasi, harf bosish mashinasi — harf, raqam va b. belgilarning standart tasvirlarini qogʻozga navbatmanavbat tushirib, matn, jadval va b.ni bosish uchun moʻljallangan qurilma. Klaviaturali bosish mexanizmi Yo. m.ning asosiy elementa hisoblanadi. Klaviatura uchlariga bosiladigan belgilar (harf, raqam va b.)ning boʻrtma tasviri tushirilgan richagga yoki uchlarida bosish belgilari joylashtirilgan segmentli (diskli) shrift eltgichlarga birlashtirilgan. Bundan tashqari, Yo. m.ga valikli karetka, karetkani harakatlantirish mexanizmi, lenta tortish mexanizmi, karetkani bosish mexanizmiga nisbatan avtomatik oʻrnatadigan tabulyator kiradi. Bosish mexanizmini harakatlantirish usuliga koʻra, Yo. m. mexanik va elektr xillarga; vazifasiga koʻra, qoʻlda olib yuriladigan (portativ), idorada ishlatiladigan va maxsus xillarga boʻlinadi. Kompyuterlar paydo boʻlgandan soʻng Yo. m.ga ehtiyoj bir oz susaydi. Yo. m.ni yaratishga urinish 16-asrda boshlangan, birinchi patentni ingliz ixtirochisi G. Mill 1714 yilda olgan, 19-asr oxirlariga kelib ommaviy tarzda ishlab chiqarila boshlangan (AQSH). [1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |