Kontent qismiga oʻtish

Huquqshunoslik

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Yurisprudensiyadan yoʻnaltirildi)

Huquqshunoslik, yurisprudensiya – huquqiy ijtimoiy normalarning alohida tizimi sifatida, huquqning alohida tarmoqlarini, davlat va huquq tarixini, davlat va umuman siyosiy tizimning faoliyatini oʻrganuvchi fan. Huquqshunoslik – eng qadimgi ijtimoiy fanlardan biri. Uning tarixan vujudga kelishi huquqning paydo boʻlishi va rivojlanishi bilan bogʻliqdir. Yunon falsafasidayoq huquqshunoslikning eng muhim nazariy muammolari oʻrtaga tashlangan, rim huquqshunoslari esa huquqiy tushuncha va tuzilmalarni ishlab chiqqan edilar, bu tushuncha va tuzilmalar hozirgi davrda ham oʻz ahamiyatini saqlab qolgan. Huquq muammolari hozirgi demokratik jamiyatda va huquqiy davlatda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi, huquqshunoslik tuzilish jihatdan bir qancha tarmoqlarga boʻlingan: davlat huquqi, fuqarolik huquqi, jinoyat huquqi, xalqaro huquq, davlat va huquq tarixi, siyosiy bilimlar tarixi. Davlat va huquq mohiyatini, huquqshunoslikning boshqa umumiy masalalarini oʻrganuvchi umumiy davlat va huquq nazariyasi fani alohida oʻrinda turadi.

Huquqshunoslik umumiy nazariy fangina boʻlib qolmay, shu bilan birga amaliy fan ham hisoblanadi. Sud tibbiyoti, sud psixiatriyasi, kriminalistika, kriminologiya, (yuridik psixologiya) va boshqa yurisprudensiyaning amaliy turi hisoblanadi.

Huquqshunoslik fani inson dunyoqarashi, uning huquq va davlat toʻgʻrisidagi tasavvuri, tushuncha va bilimlari shakllanishida muhim rol oʻynaydi. Huquqshunoslikning gʻoyaviy taʼsiri insonning huquqiy madaniyati rivojlanishiga, huquq talablarini qadrlab, unga rioya etishiga yordam qiladi. Bu bilan jamiyatda huquqiy axloq va huquq-tartibot qaror topishiga imkon yaratadi.


Huquq jamiyat hayotining turli sohalari — iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy sohaga, madaniy-ma’naviy munosabatlarga ta’sir etadi va shu tariqa iqtisodiy, siyosiy va tarbiyaviy funksiyalarni bajaradi. Yuridik nuqtai nazardan bu funksiyalarni 2 turga: regulyativ (tartibga soluvchi) va negativ (qo‘riqlovchi) funksiyalarga ajratish mumkin. Huquqning regulyativ funksiyasi jamiyat a’zolari yurish-turishi va xulq-atvorining ijobiy, barchaga maqbul qoidalarini o‘rnatishdan, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy asosga qo‘yishdan, insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy aloqalarni uyg‘unlashtirish va barqarorlashtirishdan iborat. Huquqning negativ funksiyasi uning ijtimoiy vazifasi bilan belgilangan huquqiy ta’sir etish yo‘nalishi bo‘lib, u umumiy ahamiyatga molik iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va b. ijtimoiy munosabatlarni muhofaza etishga, ularning daxlsizligini ta’minlashga va shu bilan birga, jamiyatga yot, zararli munosabatlarni siqib chiqarishga qaratiladi. Huquqning bu funksiyasiga xos xususiyatlar uni davlatning Huquqni muhofaza etish faoliyati bilan qiyoslaganda aniq namoyon bo‘ladi. Tegishli davlat idoralari Huquq sohiblari tomonidan qonun talablari qat’iy bajarilishini ta’minlaydi, jamiyatda qonuniylik muhitini vujudga keltiradi. Bu ish Huquq buzilishlari faktini aniqlash, ularni tergov qilish va aybdorlarni yuridik javobgarlikka tortish bilan ta’minlanadi.

Huquqning nazariy masalalarini G‘arbda, jumladan,Yevropa da ijtimoiy fan soha olimlari, ayniqsa huquqshunoslari teran va izchil yoritib kelmoqdalar. Mustaqillik tufayli O‘zbekistonda ham bu boradagi urinishlar va sa’yharakatlar, izlanish va tadqiqot ishlari birmuncha kuchaydi. O‘zbek huquqshunoslik fani vujudga keldi. Bu fan namoyandalari milliy davlatchilik tarixini, huquq va davlat umumnazariy masalalarini o‘rganish borasida milliy qadriyatlarni, ilmiy merosni zamonaviy umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilmoqdalar. Bu sohaga milliy istiqlolni mustahkamlash ishining bir qismi sifatida qaramoqdalar.





== Havolalar == https://toshkent-vil.adliya.uz/uz/news/detail.php?ID=54936