Zuhur Kobuliy
Zuhur Kobuliy XVIII asr ikkinchi yarmi — XIX asr boshlarida yashagan koʻzga koʻringan dariyzabon shoirdir.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shoirning toʻliq ismi Mir Zuhuriddin Ahmad boʻlib, sheʼrlarida Zuhur taxallusini qoʻllagan. Uning otasi Mir Saʼduddin Ansoriy (1727-1810) Afgʻoniston, Movarounnahr va Hindistonda tanilgan soʻfiy shayxlaridan boʻlib, naqshbandiya tariqati payravlaridan hisoblangan. Zuhuriddin Ahmad shayxning toʻngʻich farzandi va xalifasi edi. Tabiiyki, u ham otasi izidan borib, ushbu tariqat ruhoniylaridan boʻldi. Shoirning otasi ismiga qoʻshilgan „ansoriy“ soʻzidan maʼlum boʻlishicha uning ajdodlari Arabiston yarim orolidan Afgʻonistonga koʻchib kelgan arablardan boʻlgan. Shoirning oʻzi ham bir sheʼrida bu haqda xabar beradi:
"Mening ajdodim arab ansorlaridandir, Men Muoz Jabaliy naslidanman"
Zuhur Kobuliy ijodi boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasi yoqlagan Ye. A.Polyakova Mir Saʼduddin Ansoriyni roʻshoniylar harakati yoʻlboshchisi Boyazid Ansoriy avlodlaridan, deb fikr bildiradi, ammo A. Mannonov mulohazasiga koʻra, bu juda ham bahsli boʻlib, na Mir Saʼduddin asarlarida, na Zuhur Kobuliy sheʼrlarida bunga ishora qiladigan biror maʼlumot uchramaydi. Bundan tashqari, Boyazid Ansoriy va Mir Saʼduddinning falsafiy qarashlarida ham prinsipal farqlar mavjud.
Zuhuriddin Ahmadning tugʻilgan va vafot etgan yili aniq emas. Bilvosita maʼlumotlarga koʻra u 1750-yillar atrofida tugʻilgan, Ahmadshoh Durroniy podshohligi davrida oʻspirin yoshda boʻlib, uning gʻolibona yurishlari, shon-shavkati guvohi boʻlgan. Keyinchalik, Temurshoh zamonida esa, u muridlar orasida shuhratga ega boʻlgan otasi Mir Saʼduddin xalifasi sifatida ruhoniylar safidan joy olgan va faoliyat koʻrsatgan. Uning oʻzi ham bir sheʼrida bu haqda maʼlumot beradi.
Zuhur Kobuliy otasi vafotidan soʻng, Afgʻonistondagi uzluksiz notinchliklar va iqtisodiy vayronagarchilik zamonida oʻz vatanini tark etib xorijga, Hindistonga ketishga majbur boʻladi, chunki mamlakatda yuz bergan boshboshdoqlik hukumatdorlarning adolatsizligi, zulmi, xalqqa rahnamo boʻlishi kerak boʻlgan shayxlarning riyokorligi sharoitni oʻta murakkablashtirgan, oddiy odamlar hayotini doʻzaxga aylantirgan edi.
Vatandan ayriliqda yashash Zuhur Kobuliy uchun ham ruhiy jihatdan, ham moddiy jihatdan qiyin kechdi. U oʻzining bu davrdagi faqirona ahvolini tasvirlar ekan, „soyam tanimdan ogʻirroq boʻlib qoldi“ degan taʼsirchan iborani ishlatadi. Shuningdek, oʻzining nochor iqtisodiy holatini ifodalash uchun esa, bundan ham taʼsirchan oʻxshatishni ishlatib, „qashshoqligim shu darajaga yetdiki, xuddi sarv daraxtiga oʻxshab yilning toʻrt fasli uchun bitta kiyimda qoldim“ deydi. Shoir bu bilan sarv daraxti qishin-yozin barglarini toʻkmasligini nazarda tutib, u ham bir kiyimda, yana ham aniqroq aytiladigan boʻlsa, sarv kabi yalangʻoch yurganini (axir, sarv -daraxt, daraxt esa kiyim kiymaydi) bayon etadi.
Ijodi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zuhuriddin bolalikda oʻsha davrda rasm boʻlgan bilimlarni oʻzlashtirgach, tabobat va kimyo, hisob va handasani oʻrganadi va bu sohalarda ham yaxshi bilim sohibi boʻlib yetishadi. Ayni paytda u adabiyot ixlosmandlari orasida oʻz sheʼrlari bilan tanila boradi.
Shuni aytish lozimki, Zuhur Kobuliyning bizgacha yetib kelgan sheʼrlar devoni hajman uncha katta emas. Uning nusxalaridan biri 1818-yilda koʻchirilgan qoʻlyozma boʻlib, devon koʻchirilgandan soʻng unga tuzatishlar, qoʻshimcha gʻazallar kiritilgan. U 228 sahifadan iborat, taxminan 2500 bayt sheʼrni oʻz ichiga oladi. Bu qoʻlyozmadan foydalanib shoir ijodi haqida izlanish olib borgan Husayn Noyil qoʻlyozma hajmini nazarda tutgan holda Zuhur Kobuliyning goh-goh sheʼr yozishga ragʻbat qilgani, doimiy ravishda adabiy ijod bilan shugʻullanmaganini taxmin qiladi. Zuhur Kobuliy sheʼriyati boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan E. A. Polyakova bu masalaga oydinlik kiritmadi.
Zuhur Kobuliy ayrim sheʼrlarida oʻzining nochor ahvoli, unga hech kim homiylik qilmagani haqida shikoyat qiladi. Aftidan, bu sheʼrlarning yozilish vaqti Afgʻonistonda notinchlik boshlangani, ilm va adabiyot ahli qoʻllab-quvvatlanmagani, natijada, ular qiyin ahvolga tushib qolgan davrga toʻgʻri keladi.[1]
Manba
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016
- ↑ Rahmon Inomxo'jayev. Dariyzabon adabiyoti (O'zbek), Toshkent, 2016.