Ève Curie
Bu maqola ayni damda Bobonorova Hulkar (munozara) tomonidan faol tahrirlanyapti. Iltimos, mazkur ogohlantirish xabari sahifadan olib tashlanmagunga qadar sahifaga oʻzgartirishlar kiritmay turing. Aks holda, tahrirlar toʻqnashuvi yuz berishi mumkin. Bu sahifa oxirgi marta 13:55, 6-dekabr 2024 (UTC) (15 kun avval) da tahrir qilingan. |
Ève Curie | |
---|---|
1937-yilda Curie | |
Tavalludi |
Ève Denise Curie 6-dekabr, 1904-yil |
Vafoti |
22-oktyabr, 2007-yil AQSH, Nyu York |
Kasbi | Jurnalist, pianinochi |
Ijod qilgan tillari | Fransuz tili va Ingliz tili |
Fuqaroligi |
Fransiya (1904-2007), AQSH (1958-2007) |
Taʼlimi | Collège Sévigné |
Mukofotlari |
National Book Award (1937) Croix de guerre Légion d'Honneur (2005) |
Turmush oʻrtogʻi | Henry Richardson Labouisse (1954-1987) |
Qarindoshlari |
Marie Curie (onasi) Pierre Curie (otasi) Irène Joliot-Curie (opasi) |
Ève Denise Curie Labouisse (Fransuzcha talaffuzi: [ɛv dəniz kyʁi labwis]; 1904-yil 6-dekabr – 2007-yil 22-oktyabr) – fransuz va amerikalik yozuvchi, pianinochi va jurnalist boʻlgan. Ève Curie – Marie Skłodowska-Curie va Pierre Curielarning kichik qizi boʻlgan. Uning opasi Irène Joliot-Curie va opasining turmush oʻrtogʻi Frédéric Joliot-Curie edi. U jurnalistika sohasida oʻz faoliyatini olib borgan va onasining tarjimai holi „Curie xonim“ va urush reportajlari haqidagi „Jangchilar orasida sayohat“ kitobining muallifi hisoblanadi [1][2]. Ève Curie 1960-yildan boshlab UNICEFda ishlay boshladi va rivojlanayotgan davlatlardagi onalar va bolalarga yordam berish uchun oʻzini bagʻishladi. U olima sifatida oʻz karyerasini davom ettirmagan va Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini ham qoʻlga kiritmagan oilasining yagona aʼzosi edi. 1965-yilda uning turmush oʻrtogʻi Henry Richardson Labouisse UNICEF nomidan Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori boʻldi. Shunday qilib, Ève Curie oilasining beshta Nobel mukofoti sovrindorlarining merosini yakunladi.
Bolalik chogʻlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ève Denise Curie 1904-yil 6-dekabrda Fransiyaning poytaxti Parij shahrida tugʻilgan. U olimlar Marie va Pierre Curielarning kichik farzandi edi. Shuningdek, ularning yana bir qizi Irène (1897-yilda tugʻilgan) ham boʻlgan. Ève otasini tanimas edi chunki u 1906-yil baxtsiz hodisa yaʼni ot arava bosib ketishi oqibatida vafot etgan. Bu hodisadan soʻng Marie Curie erining La Sorbonnedagi oʻqituvchilik lavozimini qabul qildi. Uning qaynotasi doktor Eugène Curie xotinining vafotidan soʻng, ularning oilasiga koʻchib keldi va Marie ishda boʻlgan paytlarda nabiralariga bobo gʻamxoʻrlik qilardi. 1910-yil qaynotasi ham vafot etadi. Marie esa qizlar bilan yolgʻiz qolgan va ularni tarbiyalash uchun tarbiyachi ayollar yordam bergan. Garchi, Ève bolaligida onasining yetarlicha eʼtibor qaratmaganini va keyinchalik oʻsmirlik davrida u bilan kuchli hissiy aloqani rivojlantirganini tan olgan boʻlsa ham, Marie ikkala qizining qiziqishlari hamda oʻqishini yaxshilash uchun katta eʼtibor qaratgan [3]. Irène onasining izidan borib taniqli olima boʻlgan boʻlsa-da, Ève koʻproq badiiy va adabiy qiziqishlarini koʻrsatar edi. Irène 1935-yilda turmush oʻrtogʻi Frédéric Joliot-Curie bilan kimyo boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Ève hatto bolaligida ham musiqaga boʻlgan oʻzgacha talantini namoyish qilardi. Ular har qanday ob-havoda ham uzoq vaqt piyoda yurishar va velosipedda sayr qilishar edi. Qizlar yozda suzishga borar edi va onalari Marie Sceaux, Hauts-de-Seineda joylashgan uyining bogʻiga gimnastika uchun kerakli uskunalarni oʻrnatdi. Shuningdek, Ève va Irène tikishni, bogʻbonchilikni va pishirishni ham oʻrganishgan. Qizlar fransuz millatiga mansub va ularning birinchi tili fransuz boʻlsa-da, ular asli kelib chiqishi Polshalik deya tanilgan edilar va polyak tilida gaplashardilar (Ève keyinchalik Amerika fuqaroligini olgan). Ular 1911-yilda Polshaga tashrif buyurgan (oʻsha paytda Avstriya hukmronligi ostida boʻlgan janubiy qismi). Polshaga tashrifi davomida, ular ot minib togʻlarda sayr qilishgan[4].
Yoshlik paytlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ève 1901-yil Atlantika okeani boʻylab birinchi sayohatini boshladi. Bahor kunlarining birida u onasi va opasi bilan birgalikda kema bortida Nyu-York shahriga suzib ketdi. Marie Curie radiy va poloniyni kashf qilgani uchun 2 marta Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan va u yerda tantanali ravishda kutib olingan. Shuningdek, uning qizlari Ève va Irène ham Amerika hamjamiyatida taniqli edi. Bazmlarda nurli va quvnoq boʻlgan Ève matbuot tomonidan „radiy koʻzli qiz“ deb atalgan [5]. Sayohat davomida Ève va Irène onasining tansoqchilari sifatida harakat qilishdi – Marie odatda qidiruv ishlarini va oddiy hayotda yashashni afzal koʻrardi shuning uchun ham unga koʻrsatilgan hurmat oldida oʻzini noqulay his qilardi. Marie va qizlar Amerika Qo’shma Shtatlarida boʻlgan payti prezident Warren G. Harding bilan Vashingtonda ushrashishdi, Niagara sharsharasini koʻrishdi va Grand Canyonni tomosha qilish uchun poyezdda u yerga joʻnab ketishdi. Ular 1921-yil iyun oylarida Parij shahriga qaytib kelishdi. Ève ham opasi Irène singari Parijdagi diniy boʻlmagan Sévigné institutini bitiradi va 1925-yil bakalavirlik darajasini qoʻlga kiritadi. Bu orada u pianino chalish qobiliyatini ham ancha oshirdi va 1925-yil birinchi konsertini berishga muvaffaq boʻldi. Soʻngra u koʻp marotaba sahnaga chiqdi, Fransiya poytaxtida, provintsiyalarda va Belgiyada konsertlar berdi. 1926-yil Irène Frédéric Joliot bilan turmush qurgandan soʻng, Ève onasi bilan Parijda qolib unga gʻamxoʻrlik qildi va Fransiya, Italiya, Belgiya, Shvetsariya boʻylab sayohatlariga hamrohlik qildi. Shuningdek,1932-yil ular Chexoslavakiya prezidenti Tomáš Masarykga Ispaniya davlatiga boʻlgan sayohatiga hamrohlik qilishdi.
Ève onasini yaxshi koʻrishiga qaramay, uning feʼl-atvori onasinikidan butunlay boshqacha edi. U ilm-fanga qiziqmasdi, koʻproq gumanitar fanlarni afzal koʻrardi. Onasidan farqli oʻlaroq, uni har doim nafis hayot oʻziga jalb qilgan. Odatda Marie oddiy qora kiyimlar kiysa, Ève doim bashang kiyinishni, baland poshnali oyoq kiyim kiyishni, pardoz andoz qilishni va ziyofatlarda hammadan ajralib turishni yoqtirardi. Biroq, onasining oʻlimigacha qizlarning ikkalasi ham unga sadoqat bilan gʻamxoʻrlik qilishdi. Aplastik anemiyadan kasallangan Marie 1934-yil 4-iyulda vafot etdi.
Onasining oʻlimidan soʻng
[tahrir | manbasini tahrirlash]Marie Curiening oʻlimidan soʻng, Ève onasiga boʻlgan muhabbatini tarjimayi hol yozish orqali ifodalashga qaror qildi. Shu maqsadda u vaqtincha ijtimoiy hayotdan voz kechdi va Auteuil (Fransiyaning Yvelines departamentida joylashgan kommuna)dagi kichik kvartiraga koʻchib oʻtdi va u yerda onasi Marie tomonidan qoldirilgan hujjatlar va xatlarni toʻpladi va tartibladi. 1935-yil kuzda Polshadagi oilasiga tashrif buyurib, onasining yoshligi, bolaligi haqida maʼlumot izladi. 1937-yilda Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, AQSH va boshqa mamlakatlarda bir vaqtning oʻzida nashr etilgan „Curie xonim“ tarjimayi holi bu ishlarning natijasi edi [6]. „Curie xonim“ bir zumda koʻplab mamlakatlarda mashhur boʻldi, shu jumladan, Amerika Qoʻshma Shtatlarida eng koʻp sotildi. AQShda u Amerika kitob sotuvchilari uyushmasi tomonidan ovoz berilgan badiiy boʻlmagan uchinchi yillik milliy kitob mukofotini qoʻlga kiritdi .[7][8]. 1943-yil u Metro-Goldwyn-Mayer kino kompaniyasi tomonidan film sifatida sahnalashtirildi va bosh rolni Greer Garson oʻynadi. Ève tobora adabiy va publitsistik ishlar bilan shugʻullana boshladi. Onasining tarjimayi holidan tashqari u Candide haftaligida musiqiy sharhlar va Parijning boshqa gazetalarida teatr, musiqa va kino haqidagi maqolalarni nashr ettirdi[4].
Ikkinchi jahon urushi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1939-yilda ikkinchi jahon urushi boshlanganidan soʻng, oʻsha yili Fransiya axborot komissari lavozimiga tayinlangan romannavis va dramaturg Jean Giraudoux oʻz idorasidagi ayollar boʻlimiga Ève Curieni boshliq etib tayinladi. Germaniya Fransiyaga bostirib kirgandan keyin, 1940-yil 11-iyunda Ève Parijni tark etdi. Fransiya taslim boʻlganidan soʻng, u boshqa qochqinlar bilan birga nemis samolyotlariga toʻlib-toshgan kema bortida Angliyaga qochib ketdi. U yerda u Charles de Gaullening erkin fransuz kuchlariga qoʻshildi va natsizmga qarshi faol kurashni boshladi. Buning natijasida, Vichy hukumati uni fransuz hukmronligidan mahrum qildi. 1941-yilda esa uning mol-mulki musodara qilindi. Ève Curie urush yillarining koʻpini Buyuk Britaniyada oʻtkazdi. U yerda Winston Churchill bilan uchrashdi. Amerika Qoʻshma Shtatlarida esa maʼruzalar oʻqidi va amerika gazetalariga maqolalar yozdi (asosan, New York Herald Tribunega). 1940-yilda Ève Eleanor Roosevelt bilan Oq uyda uchrashdi. Ushbu tashrifdan ilhomlangan Ève Curie keyinchalik „Fransuz ayoli va urush“ mavzusida bir qator maʼruzalar oʻqidi. 1940-yilning mayida The Atlantic Monthly jurnali aynan shu nomdagi maqolasini chop etdi.
1941-yilning noyabridan, 1942-yilning apreligacha Ève urush muxbiri sifatida Afrika, Sovet ittifoqi va Osiyoga sayohat qildi. U 1941-yilning dekabr oyida Buyuk Britaniyaning Misr va Liviyaga qarshi hujumining va 1942-yil yanvarda esa Moskvada sovet qarshi hujumining guvohi boʻldi. Ushbu sayohat davomida u Eron shohi Mohammad Reza Pahlavi, Xitoy rahbari, yaponlarga qarshi kurashgan Chiang Kai-shek va Maxatma Gandi bilan uchrashdi. U bir necha marta oʻzining yarim-vatandoshlari – inglizlar tomonida jang qilgan. Sovet Ittifoqida Polsha armiyasini tashkil etgan polyak askarlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega boʻlgan.
Curiening sayohatdagi reportajlari Amerika gazetalarida nashr etildi. 1943-yilda esa ushbu reportajlar Journey Among Warriors nomli kitobda jamlangan. Bu kitob 1944-yilda yozishma boʻyicha Pulitzer mukofotiga nomzod qilib koʻrsatilgan. Biroq oxir-oqibat u Ernie Pylega yutqazgan [4]. 1943-yil kuzida chiqqan „The Russian Review“ jurnalining bir maqolasida Curiening kitobi tanqid qilingan. Sharhlovchi Michael Karpovich Sovet ittifoqida tanishgan va suhbatlashgan odamlar haqida oʻziga xos uslubda yozgan maqolalarini maqtaydi. Shunga qaramay, Karpovichning nazarida Curie ruslarni ishonarli tarzda tasvirlamagan. Ève Jangchilar orasida sayohat nomli asarida yunon pravoslav yepiskopi, taniqli balerina, Qizil armiya generali, zavod ishchilari, mahalliy kommunistik rahbarlar va olimlar haqida yozadi. Karpovichning fikricha, Curiening joʻshqinligi uning kitobidagi mulohazasini ham, qarashlarini ham buzib koʻrsatardi [9].
1944-yilning avgust oyida u oʻz qoʻshinlari bilan Fransiya janubidagi provensiyaga qoʻnishda qatnashadi. Shu yili Ève xizmatlari uchun „Croix de guerre“ ordeni bilan taqdirlanadi.
Urushdan soʻng
[tahrir | manbasini tahrirlash]Fransiya ozodlikka erishgandan soʻng, Ève Curie dastlab 1944-yildan 1949-yilgacha Paris-Presse kunlik jurnalining hammuharriri sifatida ishladi. Biroq, Ève ayni paytda siyosat sohasida ham faol edi. Masalan, u Charles de Gaulle hukumatida ayollar masalalari boʻyicha mas’ul xodim edi. 1948-yil Ève Curie boshqa mashhur yevropa ziyolilari bilan birgalikda Birlashgan Millat NATOning birinchi bosh kotibi, Hastings Lionel Ismayning maxsus maslahatchisi boʻlgan. Ève 1954-yil 19-noyabrda amerikalik siyosatchi va diplomat Henry Richardson Labouisse bilan turmush qurdi. Henry Richardson 1962-yildan 1965-yilgacha AQSHning Gretsiyadagi elchisi boʻlib ishlagan. 1958-yilda esa Ève Curie Amerika fuqaroligini olgan.
UNICEFdagi faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1965-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi U Thant Henry Richardson Labouissega BMTning bolalar jamgʻarmasi YUNICEF ijrochi direktori lavozimini taklif qilganda, u AQSh hukumatidagi ishini tark etdi. Labouisse bu lavozimda 1979-yilgacha ishlagan."YUNICEFning birinchi xonimi" hisoblangan Ève uni har doim qoʻllab quvvatlagan. Ular birgalikda, asosan Uchinchi dunyo mamlakatlarida joylashgan, YUNICEFning yordamidan foydalanayotgan 100 dan ortiq davlatlarga tashrif buyurishgan. 1965-yilda Labouisse rafiqasi hamrohligida oʻz tashkilotiga berilgan Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini qabul qildi[10].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Curie, Ève. Madame Curie, translated by Vincent Sheean, 1, Garden City, New York: Doubleday, Doran and Co., Inc, 1938. Qaraldi: 2016-yil 23-avgust.
- ↑ Curie, Ève. Journey Among Warriors, 1, Garden City, New York: Doubleday, Doran and Co., Inc, 1943. Qaraldi: 2016-yil 21-avgust.
- ↑ Fox, Margalit. „Ève Curie's obituary in New York Times“. The New York Times (2007-yil 25-oktyabr). Qaraldi: 2010-yil 7-mart.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 „Ève Curie's biography“. Answers.com. Qaraldi: 2010-yil 7-mart.
- ↑ „Ève Curie's obituary in The Times“ (2007-yil 26-oktyabr). 2011-yil 14-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 7-mart.
- ↑ „Madame Curie : Eve Curie : Free Download, Borrow, and Streaming“. Internet Archive.
- ↑ „Books and Authors“, The New York Times, 1936-04-12, page BR12. ProQuest Historical Newspapers The New York Times (1851–2007).
- ↑ „Booksellers Give Prize to 'Citadel': Croninʼs Work About Doctors Their Favorite …“, The New York Times 1938-03-02, page 14. ProQuest Historical Newspapers The New York Times (1851–2007).
- ↑ Book Reviews, Russian Review, Volume 3, Number 1, Autumn 1943, pg. 104.
- ↑ Pace, Eric. „Henry Labouisse's obituary in New York Times“. The New York Times (1987-yil 27-mart). Qaraldi: 2010-yil 7-mart.