Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo
Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti | milodiy 772-yil (hijriy 155-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Islomga qarshi faoliyat olib borgan shaxs |
Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo (arabcha: عبد الكريم بن أبي العوجاء — Islomga qarshi faoliyat olib borgan shaxs.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abbosiylar davrida Yamanda voliylik qilgan Maʼn ibn Zoidaning tog‘asi bo‘lgan. Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo avval Basrada yashagan. U yerda Hasan al-Basriyga shogird tushgani aytiladi. Basraning bir guruh mu’tazila kalomchilariga qo‘shilib, botil eʼtiqodi sababli Kufaga surgun qilingan. U yerda dunyoning abadiyligi, tanosuhning haqligi kabi Islom diniga zid bo‘lgan fikrlarni tarqatadi, Alloh taolo haqida ahli sunna eʼtiqodiga zid bir qancha hadis to‘qiydi. Uning moniylik tarafdori bo‘lgani, xalifalik borasida shialar fikrlarini maʼqullagani, ramazon va hayit namozini aniqlashda Jaʼfari Sodiqning oyga qarash o‘rniga hisoblash usulini qo‘llaganini aytib, o‘zi o‘ylab topgan hisob tarzini shialarga qabul qildirishga uringani rivoyat qilingan. Oqibatda Kufa voliysi Muhammad ibn Sulaymon uni qamoqqa oldiradi. Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo voliyga uch kunga qo‘yib yuborishi evaziga yuz ming dirham pora berishni taklif qiladi. Voliy g‘azablanib, uni qatl qilishga farmon beradi. Abdulkarim ibn Abu-l-Avjo o‘lishi muqarrarligini tushungach, Islom dinida halolni harom, haromni halol qiluvchi to‘rt mingta hadis to‘qiganini aytadi. Uning baʼzi tarafdorlari Xalifa Mansurga murojaat qilib, uni ozod qilishga ko‘ndirishadi. Biroq voliyning farmoni bajarib bo‘lingani bois uni qutqarib qolisholmaydi. Abdulkarim ibn Abu-l-Avjoning qatl qilinganidan g‘azablangan xalifa voliyni o‘z vazifasidan bo‘shatmoqchi bo‘ladi, ammo o‘ldirilgan kishining zindiq ekanini bilgach, fikridan qaytadi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- At-Tabariy. Tarӣx. — Qohira: 1960-70. VIII, 47-48;
- Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Leyden: 1851-76. IV, 7;
- Az-Zahabiy. Mӣzān al-i’tidāl. — Qohira: 1963. II, 644.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |