Kontent qismiga oʻtish

Abdullabek Musabekov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdullabek Musabekov
Tavalludi 1878-yil
Vafoti 1929-yil
Moskva
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi Oʻqituvchi, muharrir
Faoliyat yillari 1912-1929-yillar
Otasi Musabek boy

Abdullabek Musabekov (1878-yil, Fargʻona — 1929-yil) — davlat va jamoat arbobi. XIX asrning oxiri XX asr boshlaridagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri.

Abdullabek Musabekov 1878-yilda Farg‘ona viloyatining Sumasar qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Musabek boy qirg‘iz chorvadorlaridan bo‘lgan, mingboshi vazifasida ishlagan. Musabekov 15 yoshigacha qishlogʻida yashab, mahalliy maktabda xat-savod chiqargan. Shundan keyin Qo‘qon shahriga kelib, Mullo Qosim qozidan tahsil oladi. Qo‘qondagi Hoji Qobul Eshon madrasasida oʻqiydi. 1912—1913-yillarda yangi usuldagi jadid maktablarida muallimlik qiladi. Qo‘qon va Toshkentda nashrdan etiladigan „Sadoyi Farg‘ona“ va „Sadoyi Turkiston“ gazetalarida turli yoʻnalishdagi maqolalari bilan qatnashib turgan.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdullabek Musabekov "Sho‘roi Islomiya" tashkilotining aʼzosi boʻlgan. „Turk adam Markaziyat“ partiyasining taʼsis qurultoyida ishtirok etgan. Qoʻqon Muxtoriyati hukumatiga rasmiy ravishda aʼzo bo‘lmasa-da, muxtoriyat tadbirlarida faol ishtirok etgan. Aholini Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. 1918-yilning boshida Moskvadan Toshkentga yuborilgan Orif Klebleyev Turkiston Respublikasi Millatlar ishlari qo‘mitasi komissari etib tayinlanadi. Abdullabek Musabekov Maorif syezdida qatnashib, nima uchun qurultoyda mavjud 200 oʻrinning faqatgina 4-5 nafarigina mahalliy millatlar vakillariga tegishliligini aytib norozilik bildiradi[1]. Natijada u qurultoydan keyin Qo‘qonga partiya tashkilotchisi etib yuboriladi. Lekin, Abdullabek Musabekov kompartiyaga aʼzo boʻlishdan bosh tortadi va partiyaga aʼzolarni ko‘paytirish ishlariga aralashmaydi. Asosan oʻlkadagi maorifini rivojlantirish, oʻqituvchilar kurslarini oshirish, maktablar sonini ko‘paytirish yo‘lida mehnat qiladi. 1919-yilda „Talabalar jamiyati“ tashkiloti safida bo‘lgan. 1919-yilda Qo‘qonda Nazir To‘raqulov mas’ul muharrir bo‘lgan „Xalq gazetasi“da tahrir hay’ati aʼzosi bo‘lgan. 1919—1920-yillarda Qosim Sorokin mas’ul muharrir bo‘lgan „Mehnat bayrog‘i“ nashrida ham tahrir hay’ati aʼzosi bo‘lgan.

1921-yili Qo‘qon shahrida xalq sudyasi lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Abdullabek Musabekov 1922—1923-yillarda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi xalq sudida ishlaydi. 1925-yil oʻtkazilgan milliy chegaralanish vaqtida Zarkentdagi xalq sudida ishlab yurgan Abdullabek Musabekov Qirg‘izistonga mehmonga borgani uchun ayblanib lavozimidan olinadi. U shundan so‘ng 8 oy mobaynida hech qayerda ishlamaydi. Biroq, o‘zining xalq orasidagi obro‘si, ilm-maʼrifati tufayli yana O‘zbekiston tumaniga xalq sudyaligiga saylanadi. 1927-yil aprelgacha shu lavozimda ishlagach, yana ishdan olinadi. 1927—1929-yillarda dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

Qatagʻon qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1929-yil 17-dekabrda Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU) tomonidan hibsga olingan. Uni „Milliy Ittihod“ tashkilotiga aʼzolikda ayblaydilar. Oʻzi bu tashkilotga aloqador emasligini aytib, ayblovlarni rad etadi. Avval Toshkent qamoqxonasida, keyin Moskvadagi Butirka qamoqxonasida saqlanadi. RSFSR Jinoyat majmuasi 58-moddasining turli bandlari bilan jazo berilib, otuvga hukm qilinadi[2].

  1. Bahrom IRZOYEV „“Men harbiy odam emas, jadidman” – taraqqiyparvar Abdullabek Musabekov“. oyina.uz. Qaraldi: 21-iyun 2023-yil.
  2. Alinazar Egamnazarov „Istiqlolchilar qatl etilgan joy“. ziyouzcom. Qaraldi: 24-iyun 2023-yil.