Kontent qismiga oʻtish

Abdullo Mirzo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abdullo Mirzo (1433–1451) – Movarounnahr hukmdori (1450–1451). Temuriylar sulolasi aʼzosi.

Abdullo Mirzo
Temuriylar imperiyasi amiri
Saltanat 1450-yil 9-may – 1451-yil 22-iyun
Oʻtmishdoshi Mirzo Abdullatif
Davomchisi Abu Said
Tugʻilishi

Mirzo Abdullo ibn Ibrohim Mirzo ibn Shoxruh Mirzo
1433-yil, Sheroz, Fors
Temuriylar imperiyasi

Vafoti

1451-yil, 22-iyun (17 yosh)
Sheroz qishlogʻi, Samarqand, Temuriylar imperiyasi

Turmush oʻrtogʻi Mirzo Ulugʻbekning qizlaridan biri
Uy Temuriylar
Otasi Ibrohim Mirzo
Onasi Ruqiya Sultonbegim
Dini Islom

Ulugʻbekning ukasi Ibrohim Mirzoning kenja oʻgʻli. Otasi vafotidan soʻng, Fors viloyatiga hokim qilib tayinlangan. Biroq u hali yosh boʻlgani sababli davlat ishlarini onasi Ruqiya begim bilan otabegi Shamsuddin Sheroziy boshqargan.

1447-yil amakivachchasi Sulton Muhammad Mirzo Fors viloyatini bosib olgach, Hirotga qochib kelgan. 1448-yil esa amakisi Ulugʻbekning xizmatiga kirib, uning qiziga uylangan. Abdullatifdan keyin 1450-yil may oyida Samarqandda Movarounnahr taxtiga oʻtirgan.

Ammo bu davrda Buxoroda Abu Said Mirzo hukmdor qilib koʻtatilgan edi. Mirzo Abdullo va Abu Said Mirzo oʻrtasida Samarqand yaqinida boʻlgan jangda Abu Said yengilib, Sabron va Yassiga qochadi. Ayni paytda Xuroson hukmdor Alouddavla ham Movarounnahrga hujum qilishga tayyorgarlik koʻra boshlaydi, ammo Mirzo Abdullo u bilan sulh tuzib, urushning oldini oladi.

Abu Said Mirzo koʻchmanchi Oʻzbeklar hukmdori Abulxayrxondan yordam olishga muvaffaq boʻladi. Yozga kelib Abulxayrxon va Abu Saidning birlashgan qoʻshini Toshkent, Chinoz va Jizzax orqali Samarqandga yurish qiladi. 1451-yil 22-iyunda, Samarqand yaqinidagi Sheroz qishlogʻining Bulungʻur anhori yaqinida boʻlgan jangda Mirzo Abdulloh yengiladi va halok boʻladi. Uning hukmronligi davrida Mirzo Ulugʻbekning jasadi topilib, Goʻri Amir maqbarasiga dafn qilingan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil