Kontent qismiga oʻtish

Sabron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sabron, Savron — Turkiston shahrining shimolida mavjud boʻlgan qad. shahar va viloyat. Maxmud Koshgʻariyning yozishicha, Sabron yirik turk qabilasioʻgʻuzlar qoʻlida boʻlgan. Sabron X asrda kuchli chegara qalʼa hisoblangan. Maqdisiyning yozishicha, u 7 qator devor bilan oʻralgan. XI asrdan shahar bir necha asr oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, chunki Chingizxon yurishlari haqidagi asarlarda Sabron umuman tilga olinmaydi. Yoqut Hamaviy (XIII asr) ham uning ajamlar (arab boʻlmagan xalqlar), yaʼni turkiy xalqlar shahri boʻlganligini taʼkidlaydi. Sabron oʻtuzlar hududi bilan qoʻshni turkiy qabila — kimaklar (qipchoqlarning bir toifasi) yeri chegarasida joylashgan boʻlib, baland devorlar bilan ihota qilingan. 1065-yil Sabron saljuqiy sultonlardan boʻlgan Alp Arslon tomonidan zabt etilgan. XIII asrda Joʻji ulusining sharqiy kismi — Oq Oʻrdaga tobe boʻlgan. Amir Temurning Oltin Oʻrdaga qilgan yurishlari davrida qattiq shikastlangan.

Shayboniylar davrida muhim strategik qalʼa hisoblangan. XVI asrga kelib baland devor va chuqur xandaklar bilan oʻralgan mustahkam qalʼa sifatida qayd etilgan. Mashhur avliyo Mir Arab Sabronlik boʻlgan. 200 ta hind qullari kavlagan, dunyoda tengi yoʻq 2 ta koriz qurdirgan. Sabrondan 1 farsax narida boʻlgan korizning boshlanishi ustiga qalʼa qurilgan. Suv, hoʻkiz bilan aylantirilgan chigʻir orqali yuqoriga olib chiqilgan. 1582-yil Abdullaxon II shaharni egallagan, kanal qazish, dehqonchilik ishlarini yana yoʻlga qoʻygan, lekin S. oz fursatdan soʻng qozokdar hukmronligiga oʻtgan. Rossiya imperiyasining bosqini paytida qalʼa sifatida mavjud boʻlmagan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil