Kontent qismiga oʻtish

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abdurrahim ibn Usmon al-Bulg‘oriy O‘ttiz Emaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1754-yil
Vafoti 1835-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi olim

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy (arabcha: عبد الرحيم بن عثمان البلغاري — Abdurrahim ibn Usmon al-Bulg‘oriy O‘ttiz Emaniy, 1754-1835, Tatariston, Timash qishlog‘i) — taniqli tatar olimi.

Uning nisbasi hozirgi Tataristondagi qishloq — „Utiz Iman“ (O‘ttiz eman)dan olingan.

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy Vali Muhammad Eshon (vafoti: 1217/1803-yil), Muhammad ibn Ali ad-Dog‘istoniy (vafoti: 1210/1795-96-yil) va shayx Fayzxon ibn Xizrxon al-Kobuliy (vafoti: 1217/1802-1803-yil)lardan o‘sha davr uchun xos bo‘lgan (tafsir asoslari, hadis, fiqh va boshqa) ilmlarga qo‘shib ilmi holni ham o‘rgangan.

Taʼlimini tugatganidan so‘ng, u Rossiya imperiyasining Islomga qarshi siyosatini tanqid qilgani sababli hokimiyat tomonidan taʼqib qilinadi va taxminan 1875-yilda u yerdan Buxoroga qochib o‘tadi. Buxoroda Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy mashhur shayxlar — Ota Niyoz ibn Miskin al-Xorazmiy, Abdulqayyum ibn Abdulkarim ibn Allohxayrlardan tasavvuf ilmlarida taʼlim olishni davom ettiradi. Shu bilan bir vaqtda u Buxorodagi mashhur Mag‘oki Attori masjidida imomlik qiladi.

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy o‘zining ilk asarlarini aynan Buxoroda yozadi. Ular qatoriga So‘fi Ollohyor (vafoti: 1723-yil)ning turkiyda bitilgan mashhur asari — „Sabot ul-ojiziyn“ga yozilgan arab tilidagi sharhini kiritish mumkin. So‘fi Ollohyorning fors tilidagiMurod ul-­orifiyn“ asariga bitilgan tatar tilidagi sharhi ham o‘sha davrda yozilgan. U naqshbandiyya-mujaddidiyya tariqati asoschisi Ahmad Sirhindiy (vafoti: 1614-yil)ning „Maktubot“ asari bilan ilk bor Buxoroda tanishadi va mazkur asarga keng sharh bitadi. Shu kabi uch jildlik katta sharhni u al-Gʻazzoliy (vafoti: 1197-yil)ning „Ihyā ’ulum ad-dӣn“ asariga ham yozgan.

Shu bilan bir vaqtda, Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy Buxoroning qator madrasalari, kutubxonalarida ishlab, movarounnahrlik mualliflarning hanafiy fiqhiga oid baʼzi asarlariga bir necha sharh va lug‘atlar tuzadi. Masalan, buxorolik faqih Shamsuddin al-Kuhistoniy (vafoti: 1534-yil) asariga atab yozilgan atamalar lug‘ati. U tatar tilidagi sheʼrlarini yozishni ham shu yerda boshlagan. Sheʼrlarining asosiy mavzusi — Buxoroning saroy aʼyonlari, so‘fiy va mu­darrislarining „buzilgan axloqlari“ga qaratilgan tanqid edi. Uning „Tuhfa al-g‘urabā va-l-latāif al-g‘uzā“ nomli sheʼriy to‘plami mashhur bo‘lib, Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy mazkur to‘plamda „Allohni unutib o‘z manfaatini ko‘zlovchi“ soxta eshon va shayxlar, qallob savdogar va ehtiyotsiz mullalarni tanqid qiladi. Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy Movarounnahrning Buxoro va boshqa shaharlarida o‘sha davrdagi konservativ hamda taʼsirsiz diniy taʼlim haqida so‘z yuritar ekan, ularni yanada ko‘proq tanqid qiladi va aksar mahalliy olimlarning adolatsizligi sabab Buxoro va butun mintaqa Islom ilmlari markazi sifatidagi mavqeini yo‘qotganini nadomat bilan tilga oladi.

Shu bilan birga Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy Buxoro va Samarqand kutubxonalariga yuqori baho beradi. U mintaqaning Samarqand, Qarshi, Termiz, Balx, Kobul kabi ko‘plab shaharlariga safar qiladi. Taxminan 1802-yilda u Povoljyega qaytadi, ammo Rossiya imperiyasi hokimiyati bilan o‘rtasidagi ziddiyat sababli Miras qishlog‘iga ketadi. Lekin hokimiyat vakillari uning bu yerda ham tinch yashashiga yo‘l qo‘ymaydi, natijada u tez-tez ko‘chib yurishiga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa-da, u ijodini to‘xtatmaydi va yozishda davom etadi. Uning Movarounnahrda tahsil olgan, Povoljyening mashhur mutakallimlaridan sanalgan — al-Husayn al-Oruviy (vafoti: 1259/1843-yil), Abdunnosir al-Kursaviy (vafoti: 1812-yil) va boshqalar bilan olib borgan mubohasalari haqidagi risolalari ham maʼlumdir. Mazkur asarlardagi bahs mavzusi — xitoy choyini ichish­lik (muboh hukmi berilgan), so‘fiylar etikasi (adab) va marosimlari, jahriy zikrning taʼqiqi, urflar, sayil turlari, Qur’on qorilarini moddiy rag‘batlantirish masalalari, qarindoshlar qabrini ziyorat qilish qoi­dalari, tunga qadar quyosh botmaydigan shimoliy keng­likda ibodat vaqtlarini belgilash va boshqalar haqida bo‘lgan.

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy dindagi „yangilik“ (bid’at) borasida qatʼiy tahlil tarafdori bo‘lib, bu masalalarda o‘ta ehtiyotkorlikka hamda diniy mantiqni saqlab qolishga chaqirar edi.

Islom dunyosi, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘­ri kolonizasiya shakliga (Hindiston, Po­voljye, Kavkaz, Markaziy Osiyoda) hamda himoyachilariga (Buxoro, Xorazm­da) ega xristian dunyosi bilan to‘qnash kelgan bir davrda ulamolar orasida ushbu barcha masalalar bahslarga sabab bo‘lgani oddiy hol edi. Islom ummati qarshisida diniy va milliy qarashlar hamda madaniyatni saqlab qolish masalalari turardi. Bundan tashqari, qator ulamolar zaiflashgan va mustamlakachilik siyo­sati qurboni bo‘lgan musulmon davlatlarining ochiq-oydin inqiroziga guvoh bo‘lgandilar. Shu sababli baʼzi olimlar kabi Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy ham faoliyati davomida hamjihatlik va sabrga chaqirib tursa-da, sunniylikni saqlab qolish ilinjida, „iymonsizlar“ madaniya­tiga ergashish masalasiga o‘ta salbiy munosabatda bo‘lgan.

O‘zining yozishicha, Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy o‘sha davr­da Samarqand yaqinidagi Kafshir qish­log‘ida, Xoja Ahror Valiy mozori qoshida saqlangan (hozirda O‘zbekiston musulmonlari Diniy idorasi muzeyidagi) mashhur „Usmon Qur’oni“ni taʼmirlagan.

Abdurrahim ibn Usmon al-Bulgʻoriy hozirgi Tataristonning Timash qishlog‘ida vafot etib, o‘sha yerga dafn qilingan[1].

  1. Abdurahim ibn Usmon O‘ttiz Emaniy. Kitāb muhimma az-zamān. 12, 14-17 va boshqalar;
  2. Shihobuddin al-Marjoniy. Mustafād al-axbār fӣ ahvāl Qazān va Bulg‘ār. II, 239-24;
  3. R. Fəxretdin. Əser. 303-304, 401;
  4. U. Belyayeva. Istoriya drevney tatarskoy literaturi. — Kazan: 1964, 532-77;
  5. Ә. Shəripov. Gabderəxim Utiz Iməni əl-Bolgari. — Kazan: 1986. 5-7, 17-18, 278-88;
  6. Mixael Kemper. Sufii i ucheniye v Tatarstane i Bashkortostane (1789-1889). Islamskiy diskurs pod russkim gospodstvom. — Kazan: 2008. 250-298.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.