Kontent qismiga oʻtish

Abu Avona al-Vositiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Avona Vaddoh ibn Abdulloh al-Vositiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 710-711-yil (hijriy y92-il)
Vafoti milodiy 792-yil (hijriy 176-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi hadis hofizi, tabaʼa tobeʼin

Abu Avona al-Vositiy (arabcha: أبو عوانة الواسطی — Abu Avona Vaddoh ibn Abdulloh al-Vositiy) — hadis hofizi, taba’a tobeʼin.

Asli jurjonlik bo‘lib, oilasi Jur­jonning fathida (milodiy 642-643, hijriy 22-yil) asirga olingan. Abu Avona al-Vositiy qul bo‘lib dunyoga kelgan. Xo‘jayini Yazid ibn Ato al-Yashkuriy mato savdosi bilan shug‘ullangani uchun uning do‘konida sotuvchilik qilgan. Muhaddis Ibn Adiyning aytishicha, xo‘jayini uning yoshligida ozodlikni yoki hadis yozishni tanlashini so‘raganida, Abu Avona hadis yozishni tanlagan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hasan al-Basriy va Ibn Siriyn­larni uchratgan bo‘lsa-da, ulardan hadis rivoyat qilgani manbalarda kelmagan. Hakam ibn Utayba, Asvad ibn Qays, Saʼid ibn Masruq Savriy, Qatoda ibn Di’oma, Amr ibn Dinor, Mansur ibn Mu’tamir, Osim al-Ahval, Aʼmash va boshqa ko‘plab muhaddislardan hadis rivoyat etib, zamonaning peshqadam muhaddisiga aylangan.

Undan Abdulloh ibn Muborak, Abu Dovud at-Tayolisiy, Abdurrahmon ibn al-Mahdiy, Affon ibn Muslim va Saʼid ibn Mansur kabi ko‘plab taniqli muhaddislar hadis rivoyat qilganlar.

U ilgari Vosit (Iroqdagi shaharcha)da istiqomat qilgan, hurriyatga erishganidan so‘ng, Basraga ko‘chib o‘tgan. Yahyo ibn Maʼiyn Abu Avona al-Vositiyning o‘qishni bilsa-da yoza olmaganini, rivoyat qilgan hadislarini boshqalarga yozdirib yodlaganini maʼlum qilgan. Shu’ba ibn Hajjoj, Affon ibn Muslim va Ahmad ibn Hanballarning maʼlumotlariga ko‘ra, Abu Avona al-Vositiyning qo‘li ostidagi kitob­lardan qilgan rivoyatlari yuqori darajada ishonchli bo‘lib, yoddan rivoyat qilganida adashar edi. Shuningdek, manbalarda Affon ibn Muslim, bizning nazdimizda Abu Avonaning hadislari Shu’baning rivoyatidan ko‘ra sahihroq degani, boshqa o‘rinda Shu’baning, agar sizlarga Abu Avona Abu Hurayradan hadis aytsa, uni tasdiqlanglar, degani keltiriladi.

Yahyo ibn Saʼid al-Qatton uning yozma rivoyatlari Shu’ba ibn Hajjojning yoddan aytgan rivoyatlaridan ko‘ra sog‘lom ekanini maʼlum qiladi. U haqida aytilgan so‘zlar uning ishonchli muhaddis bo‘lganini ko‘rsatadi. Rivoyatlari „Kutubi sitta“dan o‘rin olgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. VII, 287-288;
  2. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. VIII, 181;
  3. Al-Buxoriy. At-Tarӣx as-sag‘ӣr. II, 210, 212;
  4. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. IX, 40-41;
  5. Ibn Hibbon. As-Siqāt. VII, 562-563;
  6. Az-Zahabiy. Siyar. VIII, 217 — 222;
  7. Az-Zahabiy. Mӣzān al-i’tidāl. IV, 434-435;
  8. M. Yaşar Kandemir. „Ebû Avâne el-Vâsıtî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 100-101.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.