Kontent qismiga oʻtish

Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi taxminan IX asr oxiri
Vafoti 971-yil
Buxoro
Dini islom
Ota-onasi
  • Xoja Sa’d ibn Xoja Zaynulobiddin (otasi)

Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d (taxminan IX asr oxiri — Buxoro – 971-yil) — shayxulislom. Muhammad payg‘ambarning qizi Bibi Fotimaning o‘g‘li imom Husaynning evarasi. Ayrim tarixchi olimlar Xoja Sa’d bilan uning o‘g‘li Abu Bakr Ahmad ibn Sa’dni bir odam deb yozadilar. Bu narsa xatolikka olib keladi. Imom Husayn shajarasida Xoja Sa’d ibn Xoja Zaynulobiddin va Imom Abu Bakr Ahmad ibn Xoja Sa’d deb yozilgan[1].

Badriddin Kashmiriyning „Ravzat ar-Rizvon va hadiqat al-G‘ilmon“ asarida Imom Abu Bakr Ahmad ibn Sa’dning shajarasi quyidagicha keltirilgan:

  1. Ali ibn Abu Tolib.
  2. Imom Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib.
  3. Xoja Zaynulobiddin ibn imom Husayn.
  4. Xoja Sa’d ibn Xoja Zaynulobiddin.
  5. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Xoja Sa’d.
  6. Xoja Zahiriddin ibn imom Abu Bakr Ahmad.
  7. Xoja Mujiddin ibn Xoja Zahiriddin.
  8. Xoja Alouddin ibn Xoja Mujiddin.
  9. Xoja Muzaffar ibn Xoja Alouddin.
  10. Xoja Tohir ibn Xoja Muzaffar.
  11. Xoja Muhammad Islom ibn Xoja Tohir.
  12. Xoja Yahyo ibn Xoja Muhammad Islom.
  13. Ahmad Xoja ibn Xoja Yahyo.
  14. Xoja Faxriddin Islom ibn Ahmad Xoja (Xoja Islom).
  15. Xoja Nosiriddin ibn Xoja Islom (Xoja Sa’d Kalonxoja).

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Imom Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d Buxoroda tug‘ilgan. Xoja Sa’dning merosxo‘ri. Ismoil Somoniyning xos amiri, olim, fozil, zohid Abdulla Sapedmo‘niydan ta’lim olgan. Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d „Mashhur imom“ nomiga sazovor bo‘lgan. Uning shaxsiy fiqh maktabi bo‘lgan. Ko‘pgina olim va shayx-avliyolarga ustozlik qilgan. U ilmiga amal qilish bilan birga mavohid (shogird tarbiyalab avliyolik darajasiga yetkazuvchi) ham bo‘lgan. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d bir qancha kitoblar ham yozib, u tomonidan bitilgan kitoblar Chingizxon bosqini paytida kuydirib yuborilgan.

Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d Abu Bakr Fazlning qiziga uylangan. Undan Xoja Zahiriddin tug‘ilgan. Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning „Tarixi Mullozoda“ („Buxoro mozorlari zikri“) kitobida qayd etilishicha, Xoja Imom Abu Bakr Ahmad ibn Sa’d hijriy 360-yil (milodiy 971-yil)da vafot etgan. U dafn etilgan Buxoro yaqinidagi Sumitan qishlog‘idagi qadimiy qabriston atrofiga Buxoro xoni Abdullaxon ibn Iskandarxon madrasa, masjid, xonaqoh va chorbog‘ bunyod ettirib, me’moriy majmua shakliga keltirgan[2].

  1. Ҳусенов С., Ражабова И. Чор Бакр. Тошкент: Шарқ, 2001 — 13-bet. 
  2. To‘rayev H. Buxoro toponimikasi. Buxoro: Durdona, 2021 — 53-bet.