Abu Bakr ash-Shofeʼiy
Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim al-Bazzoz ash-Shofe’iy al-Bag‘dodiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 873-874-yil (hijriy 260-yil) |
Vafoti |
milodiy 965-yil (hijriy 354-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis, faqih. |
Abu Bakr ash-Shofeʼiy (arabcha: أبو بكر الشافعي — Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim al-Bazzoz ash-Shofeʼiy al-Bag‘dodiy) — muhaddis va faqih.
Hayoti va faolyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dajla yaqinidagi Jabbul shaharchasida tug‘ilgan. „Al-Bazzoz“ laqabini kiyim tijorati bilan shug‘ullangani uchun olgan. Abu Bakr ash-Shofeʼiy hadis o‘rganishni o‘n olti yoshida boshlagan. Misr, Damashq, al-Jazira kabi ilm markazlariga safar qilib, Abu Qiloba ar-Raqoshiy, Muhammad ibn Maslama, Horis ibn Abu Usoma, Ibn Abu-d-Dunyo, Abu Muslim al-Kajjiy, Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal va boshqa mashhur ustozlardan taʼlim olgan. Keyinchalik Bag‘dodda qolib hadis rivoyati bilan mashg‘ul bo‘lgan. Buvayhiylar bu yerda sahobalarning fazilati haqida so‘z yuritishni taʼqiqlab, masjid eshiklariga ular haqida haqoratomuz yozuvlarni ostirganida Abu Bakr ash-Shofeʼiy bu taʼqiqlovga eʼtibor bermay, shahar masjidida sahobalarning fazilatiga doir suhbatlar o‘tkazgan va hadislar yozdirgan. Bu suhbatlarni undan ad-Doraqutniy, Ibn Shohiyn, Abu Abdulloh ibn Manda, Ibn Shozon al-Bag‘dodiy va Abu Ishoq al-Isfaroyiniy kabi olimlar tinglaganlar. Abu Bakr ash-Shofeʼiy o‘tkazgan imlo majlislarida shogirdlariga hadis rivoyat qilgan. Ad-Doraqutniy davr muhaddislari orasida undan ko‘ra ishonchli kimsa bo‘lmaganini zikr qilgan. Shamsuddin az-Zahabiy esa, uning hadisda hujjat bo‘lganini maʼlum qilgan. Ilmiy faoliyat barobarida tijorat bilan ham shug‘ullangani uchun turli shaharlarga safar qilgan. Abu Bakr ash-Shofeʼiy Bag‘dodda vafot etgan va Ahmad ibn Hanbal qabri yoniga dafn qilingan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Al-Favāid“. Ustozlaridan oliy isnod bilan rivoyat qilingan hadislarni o‘z ichiga olgan asar.
- „Musnad Mӯsā al-Kāzim bin Jaʼfar bin Muhammad“. Asarning qo‘lyozma nusxasi Suriyadagi „Dor al-kutub az-Zohiriyya“ kutubxonasida saqlanmoqda[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. — Qohira: 1349/ 1931. V, 456-458;
- Az-Zahabiy. Siyar. — Bayrut: 1401-1405/1981-1985. XVI, 39-44;
- Az-Zahabiy. Duval al-islām. — Bayrut: 1405/1985. 196-197;
- As-Suyutiy. Tabaqāt al-huffāz. — Bayrut: 1403/1983. 361;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. X, 194;
- Selman Başaran. „Ebû Bekir eş-Şâfiî“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 112-113;
- Brockelmann. GAL. Suppl., — Leiden: 1937-42. I, 274;
- Sezgin. GAS. — Leiden: 1967-84. I, 191.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |