Kontent qismiga oʻtish

Abu Muqotil Samarqandiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Muqotil Samarqandiy
Tavalludi
Samarqand
Vafoti 823 yil
Istiqomat joylari Samarqand, Kufa
Sohasi faqih
Dini Islom

Abu Muqotil Samarqandiy (arabcha: أبو مقتيل سمرقندي — Abu Muqotil Samarqandiy — Toʻliq ismi: Abulmuqotil Hafs ibn Salm Fazoriy Samarqandiy (vafoti 823-yil)) — Muhaddis, mutakallim va faqih.

Hayoti va Faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Muqotil Samarqandiy Samarqandda hadis ilmining ilk davrda rivojlanishiga asos solgan muhaddis, Movarounnahrda faoliyat olib borgan dastlabki mutakallim va faqih olimlardan biridir. Tavalud topgan sanasi to‘g‘risida maʼlumotlar yetib kelmagan. Alloma 208/823-yil Samarqandda vafot etgan. Abu Muqotil Samarqandiy haqida qomusiy adabiyotlarda juda kam maʼlumotlar uchraydi. Uning ilmiy merosi, yozgan asarlari haqida ham maʼlumotlar kam. Manbalarda Abu Muqotil Samarqandiy faqih Abu Hanifa bilan uchrashgani va undan dars olgani haqidagi xabarlar keladi. Abu Muqotil Samarqandiy Kufada Abu Hanifadan fiqh, aqida ilmlarini o‘rgangan va Samarqandga qaytgach, ustozining g‘oyalarini tarqatgan.[1] X asrda Samarqandda „Dor al-Juzjoniya“ maktabi Abu Hanifaning aqidaviy qarashlarining keng tarqalishida muhim ahamiyat kasb etgan ilmiy markaz hisoblangan. X asrning oʻrtalarigacha ahli raʼy yoʻnalishida, undan soʻng asxob al-hadis yoʻnalishida faoliyat koʻrsatgan ushbu markazda Abu Mansur Moturidiy, Hakim Samarqandiy kabi olimlar yetishib chiqqan va mingga yaqin talabalarga saboq bergan. Ushbu maktab tarixiga nazar tashlasak, uni taxminan IX asrda Abu Muqotil Samarqandiy barpo etgan. Keyinroq Abu Sulaymon Juzjoniy va Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq ibn Subayh Juzjoniy tomonidan rivojlantirilgan. Abu Muqotil Hafs Samarqandiy (vaf. 823 y.) movarounnahrlik ulamolar orasida bevosita Abu Hanifaning oʻzidan tahsil olgan yagona olim hisoblangan. U Kufada Abu Hanifadan fiqh, aqida ilmlarini oʻrgangan va Samarqandga qaytgach, ustozining gʻoyalarini tarqatgan. Abu Muqotil Abu Hanifaning aqoid ilmiga oid „al-Olim va-l-mutaallim“ asarini undan rivoyat qilgan hamda Samarqandda ushbu risolaga asoslangan holda hanafiya aqidasidan saboq bergan. „al-Olim va-l-mutaallim“ asari 1972-yili Suriyaning Halab shahrida tadqiqotchi Abdulvahhob al-Hindiy tomonidan nashr qilingan. Abu Muqotil Samarqandiyning keyinchalik islom olamida ahli sunna va-l-jamoa aqidasi sifatida eʼtirof etilgan moturidiya taʼlimoti asoschisi Abu Mansur Moturidiyni hanafiya aqidasidan xabardor qilishda oʻrni katta boʻlgan. Moturidiy dastlabki aqidaviy bilimlarini aynan Abu Muqotildan „al-Olim va-l-mutaallim“ asari orqali oʻzlashtirgan. Muhammad Kardariyning „Manoqib Abi Hanifa“ asarida taʼkidlanishicha, Ma’mun Xurosonda ekanligida aqidaviy bir muhim masala boʻyicha qizgʻin bahsmunozara kelib chiqqan. Shunda xalifa koʻzga koʻringan xurosonlik barcha olimlarni toʻplashga buyruq bergan. Lekin ushbu masalani xurosonlik bironta olim yechib bera olmagan. Yigʻilganlar ushbu masalaga faqatgina Abu Hanifa Noʻmon ibn Sobit yoki uning shogirdi Abu Muqotil Samarqandiy javob bera olishi mumkinligini aytishgan. Shundan soʻng bu masalani Abu Muqotil yechib berishi taʼkidlangan. Afsuski, manbalarda bu qanday masala ekani haqida zikr etilmagan. Ibn Hajar Asqaloniy oʻzining „Lison al-miyzon“ nomli asarida bayon qilishicha, ushbu voqeadan soʻng Abu Muqotilning Xuroson mintaqasida ham shuhrati oshib ketgan. Koʻplab manbalarda yozilishicha, ulamolar mana shu tarixiy voqeani dalil keltirib hanafiya taʼlimotining Samarqandga kirib kelishi bevosita aynan Abu Muqotil Samarqandiy orqali sodir boʻlganiga ishora qilganlar. Aksariyat zamonaviy tadqiqotchilar Abu Hanifaning aqidaviy fikrlarini Xuroson va Movarounnahrda keng tarqalishida Abu Muti’ Balxiyni asosiy sababchi qilib taʼkidlaganlar. Bunda ular Abu Muti’ Balxiyning Abu Hanifadan rivoyat qilgan „al-Fiqh al-absat“ risolasini dalil sifatida keltirganlar. Baʼzi tarixiy manbalarda taʼkidlanishicha ham, Balxda hanafiya aqidasining tarqalishida ushbu asar muhim ahamiyat kasb etgan. „Al-Fihq al-absat“ asarining ahamiyatli jihati shundaki, unda „imon“ mavzusiga oid fikr yuritilganda, imonning shartlari yengil tarzda bayon qilib berilgan. Aslida esa, Abu Muti’ Balxiy Abu Hanifaning „al-Olim va-l-mutaallim“ asarini Abu Muqotil Samarqandiydan rivoyat qilib, Abu Hanifaning aqidaviy mavzularda bergan javoblarini „al-Fihq al-absat“ asarida jamlagan. [2]

  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 541-542.
  2. Yurtimiz allomalari, mas’ul muharrir U. Uvatov. -"Nihol", Toshkent, 2014. 6-bet, ISBN 978-9943-23-095-8