Hakim Samarqandiy
Hakim Samarqandiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Vafoti | 953-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Muhaddis, Faqih, Mutakallim, Voiz |
Hakim Samarqandiy(arabcha: حكيم سمرقندي — Hakim Samarqandiy — Toʻliq ismi: Abulqosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Zayd Hakim Samarqandiy (vafoti 953-yil)) — Muhaddis, faqih, mutakallim va voiz.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hakim Samarqandiy Shayxulislom nomi bilan mashhur boʻlib, u o‘z zamonasining mashhur hadisshunosi, fiqhshunosi, mutakallimi va voizi sifatida butun musulmon olamida tanilgan. Uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida maʼlumotlar keltirilgan arab tilidagi manbalarda olimning tavvallud yilii haqida hech qanday sana ko‘rsatilmagan. Ammo uning vafot haqida barcha yozma manbalarda 342/953 milodiy yili qayd etilib, Samarqandning mashhur Chokardiza qabristoniga dafn etilganligi taʼkidlanadi. Maʼlumki, milodiy IX-X asrlar Movarounnahr o‘lkasida diniy va dunyoviy ilmlar gullab yashnagan davr boʻlib, bu mintaqadan ko‘plab allomalar yetishib chiqan. Binobarin, ilm-fan taraqqiy qilgan ayni shu davrda Samarqanda Hakim Samarqandiy tavallud topgan. Yozma manbalarda ko‘rsatilishicha, yoshligidan ilm-maʼrifatga katta qiziqish bilan intilgan Hakim o‘sha davrning ko‘plab taniqli olimlaridan saboq oladi. Jumladan, uning ustozlaridan o‘sha zamonda katta shuhrat qozongan buyuk allomalardan Abulhasan Ali Rustug‘foniy, Muhammad ibn Fazl Balxiy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Bakr Varroq, Muhammad ibn Huzaym Qallos, Abu Nasr Iyodiy, Abdulloh ibn Sahl Roziylarni ko‘rsatish mumkin. U mazkur olimlardan tafsir, hadis, ayniqsa, fiqh va kalom ilmlaridan har tomonlama chuqur taʼlim olgan va o‘z davrining yirik olimi darajasiga yetishgan. Taniqli olmon tadqiqotchisi Ulrix Rudolf o‘zining „Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti“ nomli kitobida alloma haqida ko‘p maʼlumotlar keltiradi. Uning yozishicha, o‘sha davr hukmdorlaridan Ismoil ibn Ahmad (892-907-yilda hukmronlik qilgan) Samarqand, Buxoro va Movarounnahrning shaharlaridan olimlarni chorlab, ularni aqidaviy masalalarni to‘g‘ri talqin qiladigan mukammal, yagona qoidalar majmuasini yaratishga daʼvat etgan. Bu tom maʼnoda foydali maʼnaviy, maʼrifiy dastursimon majmuani tasnif etishdan ko‘zlangan maqsad mintaqada ildiz otishga ulgurib, muborak islom dini mazmun-mohiyatini buzib talqin qiladigan turli oqim va toifalarni bartaraf qilish edi. Amalda esa bu bir paytning o‘zida hanafiya taʼlimoti ham ulamolar, ham hokimlarning ikki yoqlama nufuziga tayangani ulanoq katta ahamiyat kasb etishi kafolatlangan qatʼiy qoidalar majmuiga ham ega bo‘lmoq lozim, degan gap edi. Shunga ko‘ra, yig‘ilgan olimlar tomonidan bunday qoidalar majmuasini yaratish zimmasiga yuklatilgan shaxs ham shunga munosib ravishda umumxalq tomonidan tan olingan nufuzli olim bo‘lmog‘i lozimligi tabiiy talab edi. Bu o‘ta sharafli va ayni vaqtda katta mas’uliyatli vazifa Hakim Samarqandiy zimmasiga yuklandi. Chunki u ko‘pgina diniy masalalarning chuqur bilimdoni, bid’atga qarshi murosasiz kurashchi sifatida katta hurmatga sazovor, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilgan taniqli olim boʻlib, buni uning fiqh sohasida egallab turgan lavozimi ham tasdiqlardi. Zero, u o‘zining ona shahri Samarqandda uzoq yillar bosh qozi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Nasaflik alloma Abulmu’in Nasafiy (1027-1114-yillar) „Tabsiratu-l-adilla fi usuli-d-din ala tariyq-l-imom Abu Mansur Moturidiy“ („Din usullarini Imom Abu Mansur Moturidiy yo‘liga binoan dalillar bilan ko‘rsatish“) nomli yirik asarida yozishicha, u Hakim Samarqandiy Samarqandda bosh qozi lavozimida turgan paytda, yaʼni 944-yilda vafot etgan. ustozi Imom Moturidiyning qabri ustiga „Bu qabr o‘z aql-zakovati va tafakkuri bilan ko‘plab ilmlarning yuksak cho‘qqisini zabt etgan, u ilmlarning dunyo bo‘ylab tarqalishida butun kuch-quvvati va salohiyatini ayamay sarflagan, dinu diyonat sohasidagi asari unga mislsiz shonu shavkat keltirgan, umri bo‘yi insonlarga ilmning lazzatli mevasini ulashgan allomaning qabridir“, degan bitikni yozishlarini amr qilgan.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hakim Samarqandiyga yuklatilgan vazifa fiqh yoki tasavvuf sohalaridan ko‘ra mohiyat eʼtibori bilan ko‘proq ilohiyot masalalariga tegishli edi. U hanafiyya taʼlimotining asosiy xususiyatlarini aks ettirgan hamda barcha uchun birdek tushunarli, ommabop bo‘lgan qoidalar majmuasini yaratmog‘i lozim edi. Uning bu yo‘nalishdagi saʼy-harakatlarining mahsuli sifatida yuzaga kelgan asar, keyinroq, qisqacha „Kitobu-s-savodi-l-aʼzam“ nomi bilan mashhur boʻlib, to‘lig‘icha „Radd ala ashobi-l-ahvo al-musammo kitobu-s-savodi-l-aʼzam ala mazhabi-l-imom Abu Hanifa“ deb ataladi. Olimning mazkur asari o‘sha asrning o‘zidayoq [[fors tili]]ga o‘girilib, keng ko‘lamda o‘qiladigan hamda darslik sifatida foydalaniladigan qimmatli manbalardan biriga aylangan. Shuningdek, uning dastlabki arabcha matni usmonli turklar davrida kitobat etilgan boʻlib, bulardan tashqari, uning Qohira (1837-yil), Istanbul (1870, 1886, 1894-yillar) nashrlari ham mavjud. Hozirgi zamon turk tiliga qilingan tarjimasi Oyini Afandi Bulg‘oriy tomonidan 1842-yilda Buloqda nashr etilgan. Asar 1887-yilda Qozonda ham nashr etilib, 1881-yilda tatar tiliga qilingan tarjimasi ham chp etilgan. Shuningdek, „As-savodu-l-aʼzam“ A. Habibiy tomonidan forsga ham tarjima qilinib, 1969-yilda Tehronda nashrdan chiqqan. Bundan qariyb 30-yil muqaddam esa tadqiqotchi F. O. A. Umar tomonidan Edinburgda doktorlik dissertasiyasi sifatida tadqiq etilib, ingliz tiliga ham tarjima qilingan. Yuqorida qayd etilgandek, Hakim Samarqandiy yashagan davrlarda musulmon olamining turli tomonlarida, shu jumladan, Movarounnahr o‘lkasida ham turli xil oqim va firqalar paydo bo‘ladi. Ular islom dinini buzib talqin qilib, noto‘g‘ri aqidalar tarqatishar, buning natijasida, ko‘p musulmonlar hidoyat yo‘lidan og‘ib, haqiqiy islomiy aqidalaridan uzoqlashib qolgan edilar. Adashganni ham zalolat yo‘liga boshlagan turli firqa va oqimlarning noto‘g‘ri, zararli qarashlariga qarshi, buyuk imom Abu Mansur Moturidiy bilan birgalikda, u zotning safdoshi va shogirdi Hakim Samarqandiy tarqala boshlagan buzuq oqimlarga keskin zarba beradilar. Hakim Samarqandiyning shoh asari „As-savodu-l- aʼzam“ boʻlib, u IX- X asrning tutash davridagi Movarounnahr hanafiylarining kalom ilmiga oid bo‘lgan nodir asar hisoblanadi. Hakim Samarqandiyning mazkur asari 62 masalaga bo‘lingan. Lekin K. Brokkelmanning „Arab adabiyoti tarixi“ kitobi (1-jild, 174-6.)da bu asarning nomi „As-sualu-l-aʼzam“ („Buyuk savol“) deb ko‘rsatilgan. Abu Mansur Moturidiy va Hakim Samarqandiylar Samarqanddagi ko‘plab madrasalarni o‘z qo‘liga olgan islomga qarshi kishilar deb sanalgan mu’tazaliy va karromiylarga qarshi kurash olib borgan. Hakim Samarqandiy ilmiy-maʼnaviy merosida „As-savodu-l-aʼzam“ bilan bir qatorda „Al-eʼtiqod“ nomli asari ham boʻlib, bu asar ham hozirgi vaqtgacha butun dunyo olimu ulamolarining diqqat markazida boʻlib kelmoqda.[1]
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]“As-savodu-l-a’zam” va “Al-e’tiqod”.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 586-588.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |