Kontent qismiga oʻtish

Ajinakamar gʻori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ajinakamar gʻori — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi gʻor. Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy tarmogʻi boʻlgan Yetimtogʻning gʻarbiy yon bagʻrida, 1241 m balandlikda. Gʻor yuqori yura davri ohaktoshlarida hosil boʻlgan. Kirish qismi ravoq shaklida, eni 3,5 m, balandligi 4 m. Gʻor ogʻzida yuqoridan ajralib qulab tushgan balandligi 1,5 m li xarsang mavjud. Kirish qismidan ichkariga tomon gʻor kengayadi, uzunligi 19 m, balandligi 16 m gacha boʻlgan boʻshliqdan iborat. Shipi gumbaz shaklida. Sahnida diametri 2-3 metrli tosh boʻlaklari bor. Birinchi xonaning oxirida gʻor torayib, shu joydan ikkinchi xonaga oʻtiladi. Uning uzunligi 20 m, eni 3-10 m, balandligi 7 m gacha. Bu xona atrofi marmar oniksidan tashkil topgan hosilalar (stalaktit va stalagmit)dan iborat. Suv tomchilari kuzatiladi. Gʻor havosining harorati 16°, kirish qismida 28°. Gʻorning umumiy uzunligi 48 m, umumiy maydoni 339 m2, hajmi 1585 m3.