Alouddin Samarqandi
Alouddin Samarqandi | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | faqih, muhaddis |
Alouddin Samarqandiy (arabcha: علاء الدين سمرقندي — Alouddin Samarqandiy — Toʻliq ismi: Shamsulislom Alouddin Abu Bakr Muhammad Samarqandiy (vafoti 1144-yil)) — faqih va muhaddis.
Alouddin Samarqandiy — faqih olim. Alloma musulmon dunyosi tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, Shamsulislom - islom quyoshi deb atalgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Samarqandda tavallud topgan. Keyinchalik Buxoroga ko‘chib borgan va hayotining aksar qismini u joyda o‘tkazgan. Bir muncha vaqt Balxda yashab, yana Buxoroga qaytgan. Fiqh ilmini Abulmuti’ Makhulning nabirasi Abulmu’in Maymun Makhuliy (vafoti 508/1114-yil) va Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim ibn Muso Sadru-l-islom Abulyusr Pazdaviy (vafoti 493/1099-yil)lardan o‘rganib, o‘sha davrining buyuk allomasi sifatida tan olingan va hanafiy huquqshunosligi taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. Hanafiy mazhabi vakili, Imom Moturidiy izdoshi, moturidiylik taʼlimotining tarqatuvchisi. Asarlari asosan fiqh, tafsir, hadis, usul, aqoid, kalom ilmiga bag‘ishlangan. Alouddin Samarqandiy nomini mashhur qilgan faqat shu asarlar emas, balki, uning fiqh ilmini bilishda otasiga teng kela oladigan, fatvolarga otasi bilan birga muhr qo‘yish huquqiga ega Fotima bint Muhammad ismli sohibjamol qizi ham bo‘lgan. Alouddin Samarqandiy qizi Fotimani yoshligidanoq tarbiyalab, isteʼdodli faqih va olim darajasiga yetkazgan. Fotima fatvo berish vakolatiga ega boʻlib, ushbu sohada otasi bilan hamkorlik qilib kelgan. Alouddin Samarqandiyning shogirdi qoraxoniylar davrining buyuk faqihi imom Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniy ustozining „Tuhfatu-l-fuqaho“ („Faqihlar tuhfasi“) nomli asariga „Badoyi’u -s-sanoi’ fi tartibi-sh-sharoi’“ („Shariat qoidalari bo‘yicha nodir manba“) nomli uch jildlik sharh yozib, o‘z ustoziga taqdim etgan. Alouddin Samarqandiy sharhdan shunchalik mamnun bo‘lganki, qizini ushbu shogirdiga nikohlab bergan. Kelinning mahriga otasi kitobiga yozilgan benazir sharh kifoya qilgan. Shunday qilib, odamlar orasida „Tuhfa“sini sharh etib, qizini oldi", degan gap mashhur boʻlib ketgan. Alouddin Samarqandiyning shogirdlaridan yana biri, ilm ahli orasida eʼtiborli bo‘lgan Ziyouddin Muhammad ibn Husayn ibn Nasr ibn Abdulaziz Navsuxiydir. Muhammad Navsuxiy qoraxoniylar davrida Movarounnahr ilm sohiblarining eng buyuklaridan „Al-hidoya“ asari muallifi Burhoniddin Marg‘inoniyga fiqh va hadis ilmlaridan sabo q bergan ustozidir.[1]
Ilmiy merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Alouddin Samarqandiy fiqhiy masalalarni hal etishda o‘tmish va zamondosh faqihlarning fatvolarini turkumlarga ajratgan, jamlagan. „Sharh al-Jomi’ as-sag‘ir“ („Kichik to‘plam sharhi“), „Sharh al-Jomi’ al-kabir“ („Katta to‘plash sharhi“), „Sharh Muxtasar at-Tahoviy“ („Muxtasar Tahoviy sharhi“) kabi fiqhiy asarlarga sharhlar yozgan. Usul fiqh bo‘yicha „Mizan al-usul fi natoij al-ucul“ („Aqllar o‘lchamida asoslar tarozusi“) hamda „Lubob fi usul al-fiqh“ („Fiqh asoslarining yuragi“) kabi asarlar. Furu’ fiqh bo‘yicha „Tuhfat al-fuqaho“ („Faqihlar tuhfasi“), „Mabsut“ va „az-Ziyodot“ („Qo‘shimchalar“). Tafsir ilmiga oid asari „Sharh at-taʼvilot al-maturidiya fi bayan al-usul ahl sunna va usul at-tavhid“ ("Moturidiyning tavhid va ahli sunna asoslari borasidagi „Taʼvilot“ asari sharhi") deb nomlanadi. Bu asar „Sharh at-Taʼvilot“ („Qur’on taʼvillari sharhi“) nomi bilan ham mashhur.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Alouddin Samarqandiy o‘z davridagi Qur’on sharhi va kalom ilmi bo‘yicha vujudga kelgan muammolarni Imom Moturidiy uslubi asosida hal etishga harakat qilgan. Moturidiyning tafsirini yangi sharhlar bilan boyitib, shu yo‘l bilan hanafiy mazhabini himoya etishga harakat qilgan. Alouddin Samarqandiy tafsirlarida o‘z davridagi mavjud oqimlarga ilmiy raddiyalar berilgan, aqidaviy masalalarga doir oyatlarga esa, sunniylik yo‘nalishiga mos tarzda yechimlar keltirilgan. Shu jihatdan olib qaraganda Alouddin Samarqandiy asarlari tafsirshunoslikning hanafiylik yo‘nalishi bo‘yicha nodir manbalardan hisoblanadi. Asar X-XII asrlarda va undan keyingi davrlardagi tafsir ilmi xususiyatlarini o‘rganish hamda bu borada yangi maʼlumotlarni taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etadi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 545.
- ↑ Maxsudov, Abdullayev, Cho‘tmatov 2022, s. 24.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Maxsudov D, Abdullayev A, Cho‘tmatov J.. Movarounnahrlik o‘n mufassir. Yangi asr avlodi, 2022 — 64-bet. ISBN 978-9943-8593-0-2.