Kontent qismiga oʻtish

Andijon zilzilasi (1902)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Andijon zilzilasi
Andijon zilzilasi (1902) (Oʻzbekiston)
Sana va vaqti 16-dekabr, 1902-yil(1902-12-16)
Miqdori 8,9 Mw
Taʼsir doirasidagi davlatlar (hududlar) Qirgʻiziston bayrogʻi Qirgʻiziston
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Tojikiston bayrogʻi Tojikiston
Qozogʻiston bayrogʻi Qozogʻiston
Talofatlar 4652 kishi halok boʻlgan.

Andijon zilzilasi — Oʻrta Osiyoda sodir boʻlgan kuchli zilzilalardan biri. 1902-yil 16-dekabr (eski hisob boʻyicha 3-dekabr) soat 10da roʻy bergan. Bu zilziladan Andijon shahri va uning atrofidagi qishloqlar katta talafot koʻrgan. Yer ketma-ket uch marta silkinib, birinchisi 8 — 9 ball, 1 — 1,5 minutdan soʻng ikkinchisi 9 balldan ortiq va yana 30 minut oʻtgach, uchinchisi 8 — 9 ball boʻldi. 50 ming kishi yashaydigan Andijon shahri bilan atrof qishloqlarda koʻp joylar vayronaga aylandi. Zilzilada 4652 kishi nobud boʻldi. Zilzila natijasida Andijondan 5 — 6 chaqirim narigacha boʻlgan temir yoʻl izlari egilib qoldi. Andijon stansiyasidagi parovoz va poyezd vagonlari izlaridan chetga surib tashlandi. 16-dekabrdan soʻng ham bir necha oy davomida Andijonda yer qimirlab turdi. Zilzila oqibatida Andijon va uning atrofida eni 10 sm gacha bir necha yoriqlar paydo boʻldi. Ayrim yerlarda yer sathi 70 sm gacha choʻqdi. Andijon zilzilasi Janubiy Fargʻona flek-surasi — uzilish chizigʻi boʻylab sodir boʻlgan. Zilzila markazi Qorayorda (40,7° sh.k. 72,2° shq.u.da) joylashgan.

Zilzilaga qadar shaharning yangi qismida 123 ta, eski qismida 10.000 ta xususiy uylar mavjud boʻlib, ularda 50000 nafar aholi yashagan. Zilzila natijasida eski shahar qismida 9622 ta, yangi shahar qismida esa 123 ta uy vayron boʻldi. Halok boʻlganlarning 433 tasi bolalar edi.

Zilziladan keyingi tiklanish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zilziladan soʻng tiklash ishlari jarayonida Andijon shahrining „yangi qismi“da yashovchi aholi uchun oʻlka maʼmuriyati tomonidan jami 77667 rubl yordam puli ajratildi[1]. Tiklash bilan bir qatorda yangi qurilishlar ham olib borilib, maʼmuriy binolar, uy-joylar, sanoat obyektlari, bank va jamoat joylari, xiyobonlar, bozorlar hamda doʻkonlar barpo etilgan. Eski shaharda esa tiklanish ishlari juda sust olib borilgan. 1910-yilda shaharda 7795 ta xonadon mavjudligi qayd etilgan (shundan 150 tasi ruslarga tegishli boʻlgan)[2]. Shahar aholisi esa 79496 kishini tashkil etgan. 1913-yilga kelib, uning soni 119612 kishiga yetgan. Bunga shaharda sanoat obyektlarining koʻpayishi, temir yoʻllar faoliyati, koʻchib kelgan aholi nufuzining ortishi, mehnat migratsiyasi kabi omillar sabab boʻlgan. Rus quruvchilari asrlar davomida vaqt sinovidan oʻtgan Fargʻona meʼmorchiligining baʼzi uslublarnini toʻgʻri baholab, undan salmoqli tarzda foydalangan. Ular yevropacha uslubidagi binolarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirib qurilganda, peshayvon, ochiq ayvon, sinchlardan foydalanganlar. Sinch binolari esa nafaqat zilzilaga bardoshli, balki juda arzon ham boʻlgan.

1902-yildagi zilziladan keyin Andijonda ishlagan maxsus komissiyaning xulosasiga koʻra eng mustahkam binolar pishiq gʻishtdan qurilgan va sinchli uylar boʻlgan. Yer qimirlashidan qoʻrqqan rus meʼmorlari uylarni yogʻochdan, sinchli qilib qurishni maʼqullaganlar. Ushbu uylarning tomlari yengil tunukalar, farshi taxtali, fasadlari oqlangan, deraza va eshiklarning atrofi yogʻoch oʻymakorligi bilan bezatilgan edi. 1905-yilda zilzila xavfi boʻlgan hududlarda xom gʻishtdan binolarni qurish cheklanib, uylarning balandligi (4,25 metr), devorlarning qalinligi (71 sm), xonalar devorlarining orasi (5,7-6,4 metr) qilib koʻrsatilgan. Uylarning fundamenti yer namligidan yaxshi saqlangan boʻlsa, sinch usulida ikki qavatli uylarni qurishiga ijozat berilgan.

  1. Ежегодник Ферганской области. Том 2. Новый Маргилан, 1903 — 222-bet. Qaraldi: 23-iyun 2023-yil. 
  2. Семенов-Тян-Шанский Вениамин Петрович Берг Лев Семенович Масальский Владислав Иванович Семенов-Тян-Шанский Петр Петрович Ламанский Владимир Иванович. Полное географическое описание нашего отечества. Том 19.. Санкт-Петербург: издание А. Ф. Девриена, 1913 — 709-bet. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil