Kontent qismiga oʻtish

Aysar Ibrohimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Aysar Ibrohimov
Tavalludi 1910-yil 5-may
Vafoti 1989-yil 29-iyun
Toshkent
Kasbi aktyor
Unvoni

Aysar Ibrohimov (1910-yil 5-may, Asaka — 1989-yil 29-iyun, Andijon) — aktyor, qoʻshiqchi. Oʻzbekiston xalq artisti (1970)[1].

Aysar Ibrohimov 1910-yili 5-may kuni Andijon viloyatining Asaka shahrida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Qashqadaryo yaylovlarida qoʻy boʻqib katta boʻlgan. Qashqadaryida toʻliqsiz oʻrta maktabni tamomlab, 1927-yili 17 yoshida otasining talabiga binoan Fargʻona shahridagi tibbiyot bilim yurtiga oʻqishga kirgan[2].

Aysar Ibrohimov havaskorlar toʻgaragida ishtirok etib, qoʻshiq kuylab yurgan. Fargʻonaga Andijon teatr guruhi kelib, sahnada „Farhod va Shirin“ musiqali dramasini namoyish qilishgan. Spektaklda bosh rolni Muhitdin Qoriyoqubov ijro qilgan. Namoyishni tomosha qilgan Aysar Ibrohimov Muhiddin Qoriyoqubovdan ilhomlangan va qoʻshiq kuylashga boʻlgan ishtiyoqi yanada ortgan. Aysar Ibrohimov Navoiyning „Farhod va Shirin“ hamda „Layli va Majnun“ asarlarining koʻp qismlarini yod olgan[2].

Aysar Ibrohimov ijodiy faoliyatini 1929-yili Asakada tashkil qilingan havaskorlar teatrida boshlagan. Mustaqil oʻqib, oʻrgangan. Unga berilgan rollarning katta yoki kichikligiga ahamiyat bermay ularni yaxshi ijro qilishga harakat qilgan[2].

Aysar Ibrohimovning sanʼatdagi qobiliyatini payqagan Ziyod Said, Mannon Uygʻur, Yatim Bobojonov uni Hamza nomidagi akademik drama taetriga taklif qilgan. Aysar Ibrohimov teatr sahnasida „Halima“ spektaklida Neʼmat, „Arshin mol-olan“ spektaklida Asqar obrazlarini ijro etib, muxlislar olqishiga sazovor boʻlgan.

Aysar Ibrohimov 1931 — 1933-yillar Hamza teatri qoshidagi koʻchma Ishchi-yoshlar teatri, Fargʻona teatri, Chust kolxoz-sovxoz teatrida, 1933-yildan Andijon teatrida aktyor boʻlib faoliyat yuritgan.

Andijon teatrida Aysar Ibrohimov Toʻxtasin Jalilov, Rasul Sultonov, Murod Qoʻldoshev, Vahob Azimov, Asad Ismatov singari ustoz-sanʼatkorlar bilan birga faoliyat yuritgan va ular Aysarga asosiy rollarni topshirishgan. Aysar Ibrohimovning Andijon teatridagi ilk roli Shopur obrazida boʻlgan. Sahnada ikki yuzdan ortiq ijobiy va salbiy rollarda oʻynagan. Aysar Ibrohimovning eng koʻzga koʻringan rollaridan biri „Layli va Majnun“ spektaklidagi Majnun roli boʻlgan.

Ifoda vositalari (ovoz, mimika, plastika) dan mohirona foydalanish, obraz yaratishda qahramonlarning ichki dunyosini chuqur ochishga intilish Aysar Ibrohimov ijodiga xos edi.

Aysar Ibrohimovning eng yaxshi rollari: Miller („Makr va muhabbat“), Gʻofir („Boy ila xizmatchi“), Davron ota („Davron ota“), Majnun („Layli va Majnun“), Mavlon („Shohi soʻzana“), Abror („Parvona“), Tribule („Qirolning dil xushi“), Lord Mer („Richard III“), Shushu domla („Inson aziz“) va Aysar Ibrohimov Majnun rolida („Layli va Majnun“)[1].

Aysar Ibrohimov 1989-yili 29-iyunda Andijonda vafot etgan.

Mukofot va unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aysar Ibrohimov 1970-yilda „Oʻzbekiston xalq artisti“ unvoni bilan taqdirlangan.

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 14-iyun 2023-yil.