Buxoro-Samarqand musiqa uslubi
Buxoro-Samarqand musiqa uslubi — Buxoro va Samarqand shaharlari va viloyatlari hududlarida qaror topgan muayyan musiqiy anʼanalar majmui.
Qadimdan madaniyat maskanlari boʻlmish bu vohalarda xalq qoʻshiq va cholgʻu kuylari, mumtoz musiqa ijodiyoti namunalari keng oʻrin tutadi. Ayniqsa, professional musiqa yoʻnalishlarining xilmaxilligi va ular musiqa voqeligida keng yoyilganligi bilan ajralib turadi. Oʻziga xos jihatlaridan yana biri — mazkur hududdagi oʻzbek va tojik xalq musiqa anʼanalarining oʻzaro yaqinligi, jumladan xalq qoʻshiqchiligida ikki (oʻzbek-tojik) tillilik anʼanasining namoyon boʻlishi (yaʼni, ayrim xalq qoʻshiklari, qoʻshiq turkumlari ayni vaqtning oʻzida ham oʻzbek, ham tojik tillarida aytilishi)dir. Ikki tillilik anʼanasi shu sarhadda yashab faoliyat kursatgan koʻpgina shoirlar (xususan, Mujrim Obid, Abdullo Mulham Buxoriy, Fitrati Zardoʻzi Samarqandiy va boshqalar) ijodida ham oʻz aksini topgan.
Qadimdan diniy maʼrifat, maʼnaviyat oʻchoqlari sifatida tanilgan Buxoro va Samarqand shaharlarida kitobxonlik, gʻazalxonlik, qissaxonlik, qalandarxonlik, maddohlik kabi oʻquv yoʻllari keng rivoj topgan. Turli yigʻin, toʻy va bayramlarda mavrigixonlar va sozanda dastalari tomonidan ijro etilayotgan raqs qoʻshiqlar turkumlari alohida oʻrin tutadi. Ommaviy qoʻshiq janrlaridan erkaklarning qarsak (beshqarsak) oʻyin-qoʻshiqlari mashhur.
Cholgʻu ijrochiligi ham boy anʼanalarga ega. Bayram sayillari, musiqa tomoshalarida surnay, nogʻora, karnay ansamblari asosiy oʻrin tutgan boʻlsa, turli yigʻin-majlislarda gʻijjak, buxoro (afgʻon) rubobi, dutor, nay, ayniqsa tanbur va boshqa sozlar ijrochiligi keng tarqalgan. Shuningdek, tanbur, nay va doira sozlaridan iborat boʻlgan cholgʻu ansambli ham anʼanaviy tuye olgan.
Professional musiqa yoʻnalishlarida maqom va hofizlik sanʼatlari asosiy oʻrinda turadi. Xususan, 18-asr oʻrtalarida Buxoro saroy madaniyatida Shashmaqom turkumi shakllangan boʻlib, keyinchalik Xorazm maqomlari hamda Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari shakllanishiga taʼsir oʻtkazgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |