Buxoro suv taʼminoti muzeyi
Buxoro suv ta'minoti muzeyi | |
---|---|
Asos solingan sanasi | 1990-yil |
Manzili | Buxoro shahar |
Sayti | https://www.bukharamuseums.uz |
Buxoro suv taʼminoti muzeyi — Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Mazkur muzey Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibida 1991-yilda Chashmai Ayyub tarixiy obidasida 80,3 kv.m.dan iborat boʻlgan maydonda tashkil etilgan[1].
Muzey tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Buxoro suv taʼminoti tarixi“ muzeyining ekspozitsiyasi 1991-yilda Chashma Ayub tarixiy obidasida 80,3 kv.m.dan iborat boʻlgan maydonda tashkil topgan. Muzeyda jami 62 eksponat qoʻyilgan boʻlib, shundan 30 tasi asosiy fondni tashkil etadi. 2001-yilning 27-avgustida muzey qayta taʼmirlangan va ochilgan. 2004-yilning aprelida filial sifatida Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi muzeyi tarkibidan ajralib chiqdi. Muzeyning 2014-yilda ekspozitsiyasi yangilangan[1]. 2019-yilning iyun oyida muzeyning ichkari va tashqi qismi kapital taʼmirdan chiqarilgan. Umumiy maydoni — 160 kv.m., ekspozitsiya maydoni — 90 kv.m., maydonda 60 ta fond eksponatlari namoyishga qoʻyilgan. Ekspozitsiya 2 zal, 5 ta asosiy qismdan iborat[2].
Ekspozitsiya boʻlimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ekspozitsiyaning birinchi, yaʼni „XIX asr oxiri — XX asr boshi Buxoro suv taʼminoti tarixi“ boʻlimida soʻnggi oʻrta asrlar davrida Buxoro shahrida suvdan foydalanish tizimi, turli xil ariq va kanallar qurilishi, turli xil xaritalar, charm meshlar, suvni saqlash hamda tashish uchun ishlatilgan sopol va metall buyumlar, hamda foto suratlar orqali ochib berilgan. Ayniqsa, Buxoro shahri hududida ushbu tarixiy davrda joylashgan 114 ta hovuzlar xaritasi, Labi hovuz va Bolo-hovuz meʼmoriy majmualaridagi hovuzlarning fotosuratlari, qadimgi Qashqadaryo va Zarafshon vohasidagi sugʻoriladigan yerlar va ariqlar xaritasi va hokazolar diqqatga sazovordir. Ushbu tarixiy davrda Buxoroda suv bilan taʼminlash va uni taqsimlash tizimi bilan bogʻliq koʻplab mansablar va kasblar mavjud boʻlgan. Masalan, mirob mansabidagi shaxslar amirlik hududidagi suv masalalari va suvni taqsimlashga doir ishlar bilan shugʻullanishgan. Buxoro shahrida „mashkob“ kasbi bilan shugʻullangan insonlar suvni shahardagi xonadonlarga yetkazish bilan kun kechirishgan. Muzey ekspozitsiyasida, suv taʼminoti tarixining ushbu jihatlari turli yoshdagi buxorolik mashkoblarning fotosuratlari, hamda ular tomonidan foydalanilgan charm meshlar orqali aks ettirilgan. Ekspozitsiyaning ikkinchi, yaʼni „BXSR va BSSR davrlarida Buxoroda suv taʼminoti“ boʻlimida 1920—1925-yillarda Buxoroda sunʼiy sugʻorish hamda suv taʼminotini isloh qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar fotosuratlar, sxematik xaritalar hamda maqolalardan nusxalar orqali yoritib beriladi. Xususan, Fayzulla Xoʻjayevning 1925-yilda yer-suv islohoti deklaratsiyasiga imzo chekayotgaligini aks ettiruvchi fotosurat, 1925-yilda tuzilgan eski Buxoro shahri hovuzlari va uning atrofi sxematik xaritasi joy olgan. Shuning bilan birgalikda, 20-yillarda shahar atrofidagi botqoqliklarni quritish jarayoni turli xildagi fotosuratlar orqali aks ettirilgan. Ushbu botqoqliklar 1924-yilda koʻpgina zahkashlarning koʻmilishi natijasida yer osti zax suvlarining yuqoriga chiqishi oqibatida paydo boʻlgan. Uchinchi, yaʼni „1925—1945-yillarda Buxoroda irrigatsiya va melioratsiya ishlari“ boʻlimida ikkinchi jahon urushidan oldingi davrda Buxoro viloyatida irrigatsiya sohasida amalga oshirilgan ishlar, yangi kanal va ariqlarning qazilishi, qishloq xoʻjaligi hamda suvni taqsimlash sohasida yuz bergan muhim oʻzgarishlar turli xildagi fotosuratlar orqali keng tasvirlangan. Xususan, 1927-yilda rus injeneri Vladimir Shuxov tomonidan Buxoroning qadimgi qismida qurilgan 33-metrli suv minorasi fototasviri, Shohrud kanalining 1930-yildagi koʻrinishi, 1939-yilda Vobkentdagi Zandani kanalining qurilishi fotosuratlari ekspozitsiyadan joy olgan. Ekspozitsiyaning „Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda Buxoroda irrigatsiya va melioratsiya ishlari, suv taʼminotidagi oʻzgarishlar“ nomli toʻrtinchi boʻlimida Buxoro vohasida 1945—1991-yillar davomida suv tizimidagi islohotlar hamda ayniqsa qishloq xoʻjaligida paxtaning katta ahamiyatga ega boʻlib qolganligi tufayli yuz bergan oʻzgarishlar aks ettirilgan. Xususan, 1970—1980-yillarga kelib Buxoro viloyatida yana bir nechta yangi kanallar, stansiyalar va suv omborlarining qurilishini tasvirlovchi „Oʻrta choʻl nasos stansiyasi qurilishi“, „Shoʻrkoʻl suv omborining qurilishi“, „Olot yordamchi nasos stansiyasi“, „Toʻdakoʻl nasos stansiyasi“, „Birinchi va ikkinchi Quyi-mozor nasos stansiyasi“, „Xarxoʻr nasos stansiyasi“ kabi suv inshootlarining qurilishini yorituvchi foto tasvirlar ekspozitsiyadan joy olgan. Ayniqsa, Buxoro vohasining suv taʼminotida katta ahamiyatga ega boʻlgan, 180 km. uzunlikdagi Amu-Buxoro kanalining qurilishi, hamda kanal toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar keltirilgan jadval tasviri yordamchi material sifatida foydalanilgan. „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi yillarida Buxoroda suv taʼminoti“ nomli beshinchi boʻlimda Buxoro vohasida irrigatsiya sohasida amalga oshirilgan ishlar, Orol muammosini hal etishga bagʻishlangan chora-tadbirlar fotosuratlar, xaritalar, hamda maʼlumotnoma orqali yoritilgan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Зикриллаев А., Халилов Ж., Бахронов Н. Музей истории водоснабжения Бухары. (рус ва инглиз тилларида). Бухара, 2016 — 28-bet.
- ↑ Арсланова Ф, Алиев Р. Музеи древней Бухары (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). Бухоро нашриёти: Бухоро, 2015 — 96-bet.
- ↑ Ernazarov E. Buxoro davlat meʼmoriy-badiiy muzey-qoʻriqxonasi (ўзбек, рус ва инглиз тилларида). SM Print: Toshkent, 2004 — 223-bet.