Kontent qismiga oʻtish

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bahouddin majmuasidan yoʻnaltirildi)
Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi
Muqobil nomlari Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi majmua
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XVI asr
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1
Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasishayx Bahouddin Naqshband mozori yonidagi hazira — ansambl (Buxoro viloyati, XVI asr). Buxoro viloyati Kogon tumani Qasri Orifon qishlogʻidagi meʼmoriy yodgorlik. Ushbu meʼmoriy yodgorlikka Buxoro xoni shayboniy Abdulazizxon tomonidan 1544-yilda asos solingan[1]. Bahouddin majmuasi daxmalar (Daxmai shohon va Bahouddin daxmasi), maqbara, 2 masjid, saqoxona, hovuz, quduq, minora, madrasa va Abdulazizxon xonaqohidan iborat. Bahouddin Naqshband Buxorodagi yetti pirlarning yettinchi vakili hisoblanadi.

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi Buxoro shahrining shimoli-sharqida 10 km uzoqlikda joylashgan boʻlib, koʻp asrlar davomida shakllangan. Mazkur majmua dastlab Bahouddin Naqshband vafot etganidan soʻng paydo boʻlgan. Shoʻrolar davrida bu yerda mozorni ziyorat qilish man qilingan. Bahouddin Nqashbandning toʻliq ismi Bahouddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad al-Buxoriy boʻlib, 1318 —1389-yillarda yashagan. U „Shohi Naqshband“ va „Xojayi Buzruk“ kabi nomlar bilan mashhur boʻlgan. Bahouddin Naqshband yettinchi pir sifatida tanilgan[2]. Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi kichik gumbazli chortoq darvozaxonadan boshlanadi. 2003-yil „Bobi Islom“ yaʼni Islom darvozasida xattot Habibulloh Solih tomonidan suls xatida „Raʼd“ surasining 28 oyati bitilgan[2]. Darvozaning muqarnas qismida nastaʼliq xatida ustalarning ismlari va imorat qurilgan yil yozib qoldirilgan[3]. Majmuadagi chillaxona darvozasiga nastaʼliq xatiga ruboiy yozib qoʻyilgan[4]. Majmuadagi mozor Abdulazizxon buyrugʻi bilan tartibga solinib, hazira barpo etilgan. 1544—1545-yillarda majmuaning eng katta binosi — xonaqoh qurilgan. Xonaqoh hujralarida esa unda nastaʼliq xatida sheʼrlar yozib qoldirilgan[5]. Yodgorlik majmuasida minora boʻlib, unda nastaʼliq xatida 1885-yil deb bitilgan[6]. Darvozadan oʻtgach, oʻngda kichkina masjid, chap tomonda ziyoratchilar uchun turli binolar boʻlganligi maʼlum. Yoʻl davomida chapda xonlar mozori — Daxmai shohon joylashgan. Daxmai shohon toʻgʻri toʻrtburchak tarhli, balandligi 2.5 m, usti kulrang marmar bilan qoplangan. Unda marmar oʻymakorligi, xattotlik sanʼatining ajoyib namunalari mavjud. Marmarlarga tokchalar, ustunchalar, sharafalar, sarv surati va boshqa bezaklar oʻyilgan; naqshlar baʼzida yozuvlar bilan aralash uchraydi. Daxmai shohondan oʻtgan yoʻlak nafis bezatilgan peshtoqqa olib keladi (peshtoqning ikki tabaqali eshigiga „bagʻdodi“ va „guli nav“ usulida naqshlar oʻyilgan). Peshtoqning eshigidan oʻtilgach, oʻngda gumbazli maqbara bor (unga kim dafn qilinganligi nomaʼlum). Chapda — kiraverishda 6 ustunli (soddagina), oldi ayvonli Muzaffarxon masjidi joylashgan. Masjid yoniga 2 ustunli Hakim qushbegi masjidi tushgan (masjid mehrobida ajoyib mujassamotli namoyon bor). Uning janubida naqshdor, shimolida naqshsiz ayvonlar bor. Bahouddin daxmasi marmar qoplangan kattagina murabba tarhli supa boʻlib, atrofi chiroyli marmar panjara bilan oʻralgan. Undan sal nari, shimolida tomonlari 9,5 m keladigan aylana zinali marmar hovuz, uning shimoliy tomonida kichikroq, koʻrkam chortoq saqoxona bor. Bahouddin daxmasi bilan hovuz oraligʻida quduq, uning yonidagi chiroyli shiypondan qadimda ziyoratchilarga turli shaklli idishlarda „muqaddas“ suv ulashilgan. Haqim qushbegi masjidining shimolida koʻrimsizgina bir minora, undan narida hovlidagi hovuzdan 3 baravar katta boshqa hovuz bor. Hovlining tashqarisi (shimoli-gʻarbi)da turtburchak supa ustida xonaqoh (eni 37 m, boʻyi 40 m li) qad koʻtargan. Markazida atrofi peshtoq ravoqli ayvonlar bilan oʻralgan masjid, uning toʻrida chorzamin uslubida ishlangan qirma naqshli mehrob mavjud. Imoratning har ikki tomonida simmetrik qurilgan ikki qavatli kattakichik hujralar boʻlgan. Bahouddin majmuasi ga undan 0,5 km shimoli-sharqda joylashgan „Qasri Orifon“ masjidi ham kiradi; uning yonida pastakkina minora bor. Masjid 3 tarafdan ayvoy bilan oʻralgan; shipi naqsh tushirilgan hovuzaklik. Bahouddin majmuasi XVI asr meʼmorligining yangicha ansambl tuzishda erishilgan yutuqdaridan namuna boʻlib, qoʻsh binoli simmetrik ansambllardan farq qiladi. Buxoro shahridan 10 km shimoliy-sharqdagi Qasri Orifon qishlogʻida joylashgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohi besh yuz yil mobaynida shakllandi. Uning ilk tarixi toʻgʻrisida maʼlumot juda oz. Bahouddin Naqshband qabrlari oldidagi dastlabki binolar, taxminan hazrat vafotlaridan keyin paydo boʻlgan. Meʼmoriy-arxeologik tadqiqotlar davrida ilk binolarning qoldiqlari va asoslari topildi. Bahouddin Naqshband vafotlaridan koʻp oʻtmay hazrat maqbaralarining gʻarbiy tomonida qabriston paydo boʻlib, unda hazratning murid-muhlislari dafn qilina boshlagan. Keyinchalik bu yerda Buxoroning hukmron sulola vakillari dafn qilinadigan,,Dahmai shohonʼ’(,,Shohlar xilxonasi’’) tashkil topgan. Bahouddin Naqshband xaziralarining gʻarbida joylashgan shayboniylar va ashtarxoniylar daxmalari yaʼni ,,Dahmai shohonʼ’ kata qiziqish uygʻotadi. XV asr oxirida Bahouddin Naqshbandning qabrlari ustiga daxma qurilib, u marmar qoplama va oʻlchamlari boʻyicha bir-biriga mos keladigan goʻzal naqshinkor marmar panjara bilan bezatilgan. XVI asr birinchi yarmida shayboniy Abdulazizxon (1540—1551) buyrugʻI bilan Bahouddin Naqshband qabrlari atrofida xazira bilan oʻrab olindi, uning shimoliy-gʻarbiy burchagida esa hijriy 951 (milodiy 1544) yillarda xonaqoh barpo etiladi. Bahouddin Naqshband ziyoratgohida saqlanib qolgan tarixiy meʼmoriy obidalardan yana biri bu saqoxona. Bu inshoot XIX asr oxirlari va XX asr boshlarida qurilgan boʻlib, xazratning xaziralari shimoliy tomonida kichik hovuzning yonida chordaralik, chortoq shakl, usti gumbazli kichik koʻshk joylashgan. Bunday kichik chortoqlar saqoxona nomi bilan maʼlum boʻlib, unda ichimlik toza suv saqlangan. Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasining oʻziga xos tomonlarini aytib oʻtadigan boʻlsak, XX asr boshlarigacha ziyoratgoh hududiga ziyoratchilar kirishi gʻarb tomondan, ketma-ket keladigan uch darvoza ichidan oʻtib kelib, ziyorat etganlar.

Taʼmirlash ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasida 1993, 2003 va 2010-yilda taʼmirlash ishlari olib borilgan. Ushbu majmuada 2004-yilda tasavvuf muzeyi va ilmiy markazi faoliyatini boshlagan[2]. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi oʻtkazilib (1993) majmua qayta taʼmirlandi, qoʻshimcha binolar bunyod etildi. Bahouddin Naqshband dahmasi oldiga 2009-yilda xattot Abdulgʻafur Razzaqov va „Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi“ jamgʻarmasi tashabbusi bilan bitik qoʻyilgan[7].

  1. Ражабов 2016, s. 191.
  2. 2,0 2,1 2,2 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 252.
  3. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 255.
  4. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 257.
  5. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 266.
  6. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 263.
  7. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 261.
  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Каримова Г., лойиҳа муаллифи, таржима ва изоҳлар муҳаррирлари Б. Бобожонов, К. Рахимов. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2011 — 564-bet. ISBN 978-9943-01-716-0. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Zohidov P. Sh., Bahouddin Naqshband hazirasi. T., 1994.