Oq masjid (meʼmoriy yodgorlik)
Oq masjid | |
---|---|
Oq masjid | |
Joylashuvi |
Pahlavon qori koʻchasi Xiva shahri Xorazm viloyati Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′38″N 60°21′47″E / 41.3773°N 60.363073°E |
Konfessiya | islom |
Turi | masjid |
Arxitektura uslubi | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Meʼmor |
Nurmuhammad Odina Qalandar oʻgʻli Qalandar Saidmuhammad oʻgʻli |
Asoschi | Abulgʻozixon |
Ilk eslanishi | 1657-yil |
Asosiy sanalar | 1842-yil |
Qurilish boshlanishi | 1657-yil |
Qurilish yakunlanishi | 1842-yil |
Holati | davlat himoyasida |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Oq masjid (meʼmoriy yodgorlik) |
Oq masjid – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (18— 19-asrlar). Masjid Butunjahon merosi obyekti boʻlgan Ichan qal’a tarkibiga kiradi va uning sharqiy qismidagi Polvon darvoza yaqinida joylashgan[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oq masjidning poydevori 1657-yili Shayboniylar sulolasi vakili boʻlgan Xiva xoni Anushaxon davrida qoʻyilgan. Xiva hukmdori Abulgʻozixon bu masjidni xuddi Anushaxon hammomi singari uni Buxoro amirining qoʻlidan qutqargan oʻninchi farzandi Anushaxon sharafiga barpo etishni boshlaydi. Abulgʻozi davrida bunyod etilgan hammomlardan tushgan daromadlar Oq masjidni moliyalashtirishga sarflanadi.
Binoning oʻzi esa ikki asrdan soʻng, 1838—1842-yillarda Xiva xonligining Qoʻngʻirotlar sulolasi hukmdorlari tomonidan qurib tugatiladi[2]. Xuddi shu davrga kelib majmua atrofidagi barcha binolar asosan bitgan boʻlib, endi ustalarning vazifasi qolgan kichik bir sahnda kichikroq bino qurishlari kerak edi.
Bu binoning meʼmorchiligi maydonning mahobatini tasvirlashi, yaqinidagi uy-joy imoratlaridan katta tafovut etmaydigan boʻlishi kerak edi, xivalik ustalar va meʼmorlar bu vazifani aʼlo darjada bajarganlar. Haji kichikroq boʻlishiga qaramay, Oq masjid oʻrta asr Xiva meʼmorchiligining munosib namunalaridan biridir.
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Masjidning tashqi qiyofasi, uch tomondan aylantirib oʻrab olingan soya-salqinli ayvoni, bir gumbazli binoning uch eshigi masjidning jamoat yigʻilish joyi ekanligini anglatadi[3]. Yaʼni uch tomoni ayvonli, bir xonali guzar masjidi. Pishgan gʻishtdan qurilgan. Masjidning zali uchburchak nayzali gumbazga ega va uch galereya hamda mehrob mavjud – bular Makka shahriga ishora etuvchi maxsus tokchalardir. Devorlariga arabcha jumlalar bilan qoʻshilib ketgan geometrik naqshlar bilan bezak berilgan. Oq masjid har doim namoz oʻqiladigan oddiy masjid boʻlgani sababli nafis bezaklarsiz qurilgan. Faqat deraza va eshiklariga yogʻoch oʻymakorligi bilan bezak berilgan. Bu bezaklar sababli masjid klassik dekorativ koʻrinishga ega. Tar-hi 25,5x 13,5 m. Xonaqoh(6,3x6,3 m)ning gumbazi chorsi asosga oʻrnatilgan. Gumbazi va asosi uzokdan oppoq boʻlib koʻrinadi (nomi ham shundan). Xonaqox. ichiga ishlangan chuqur ravoklar hisobiga keng koʻrinadi. Jan. devorida meh-rob bor. Gumbaz osti bagʻallari 4 pogʻo-nali muqarnaslar bilan toʻldirilgan. Panjaralar va 3 eshik girih naqshlar bilan oʻziga xos uslubda bezatilgan. Eshiklardagi yozuvlarda xivalik yogʻoch oʻymakorligi ustalarining nomlari ham tilga olingan (naqshlarni ota-bola Nurmuhammad Odina Qalandar oʻgʻli va Qalandar Saidmuhammad oʻgʻli bezagan). Eshiklardagi islimiy naqshlar bir xil uslubda ishlangan. Shimol tomonga yoʻnalgan eshik orqasidagi devorda turli xil yozuvlarga oʻxshash naqshlar zoʻrgʻa koʻrinadi[4]. Yogochustunlar oddiy, fa-qat ustunlarning yuqori qismi xotam-kori piliklardan terib bezatilgan. Oq masjid (meʼmoriy yodgorlik) taʼmirlangan, ayvon sufasi tiklangan, tomi va devorlari tuzatilgan[5].
1956—1960-yillarda masjid qayta taʼmirlangan boʻlib, hozirgi kungacha oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Ак-мечеть и Джума-мечеть в Хиве“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 15-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Xiva – o‘tmishga ochilgan vaqt darvozasi“. Qaraldi: 15-oktabr 2023-yil.
- ↑ Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 73-bet.
- ↑ „Oq masjid“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 15-oktabr 2023-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Vikiomborda Oq masjid (meʼmoriy yodgorlik) haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |