Kontent qismiga oʻtish

Kofirqal’a (Toyloq tumani)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Kofirqal’a
Manzilgoh Samarqand, O'zbekiston
Turi Qalʼa
Hudud 16 gektar

Kofirqal’a — Samarqand shahri yaqinida, Afrosiyobdan 30 km janubi-sharqda, shu nomdagi aholi punkti yaqinida joylashgan V-VIII asrlarga oid qadimiy Soʻgʻd qal’asi va shaharchasi xarobalari[1]. Kofirqal’a Soʻgʻdning muhim shahar markazlaridan biri boʻlgan[2]. U taxminan 4 metr balandlikdagi paxsov platformasida qurilgan va tashqi devorlar bilan himoyalanmagan. Qal’aning oʻrta qismini egallagan yuqori qavatidan deyarli hech narsa saqlanib qolmagan. Samarqanddagi Kofirqal’a yodgorligida O’zbek-Yaponiya  arxeologlari tomonidan 2001-yildan buyon  arxeologik-qazishma ishlarini amalga oshirib kelinmoqda[3].

Arxeologlarning fikriga koʻra Soʻgʻd qal’asi quruvchilarning uch oʻlchovli shakllarning uygʻun va ancha murakkab kombinatsiyasi asosida monumental markazlashtirilgan turar-joyning ifodali tasvirini yaratish istagini namoyish etadi[4]. Shahar VIII asr boshlarida arablar tomonidan vayron qilingan[manba kerak].

Kofirqal‘a shahrining umumiy maydoni 16 gektar. Shahar markazida ark saroyi joylashgan bo‘lib, arkning balandligi 25 metrga teng. Maydoni kvadrat shaklida bo‘lib, 76×76 metr. Ark atrofi chuquqr qazilgan xandaq bilan o‘ralgan. Undan sal nariroqda mudofaa istehkomi bunyod etilgan. Shahriston to‘rtburchak shaklda bo‘lgan. Rabotning katta qismi hozirda ekin yerlariga aylantirib yuborilgan[5].

Obyektdagi arxeologik qazishmalar asosan ark qo‘rg‘onida olib borilgan. Hududdan tepalik ustida bino qilingan qalin paxsa devor bilan aylantirib o‘ralgan yirik inshoot ochilgan. Kirish qismida ikki qavatli darvoza o‘rnatilgan. Tashqi tomonida minora joylashgan bo‘lib, u mudofaa istehkomi hisoblangan. Bu yerda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida aholisining yashashi, xo‘jalik va qurilish faoliyati bilan bog'liq bir nechta madaniy qatlamlar ochilgan. Yodgorlik hududidan 753-yilga oid abbosiylar sulolasining oltin tangasi topilgan. Bu arablar boshqaruvi davrida Abu Muslim boshchiligida ta‘mirlash ishlari olib borganligiga yaqqol misoldir. Oltin tangadan tashqari 806-yilda 131 ta kumush tangalar ham topilgan[6].

Inshootning keyingi qatlamlaridan topilgan yog‘och qoldiqlari Kofirqal‘aning 712—738-yillar orasida yondirib yuborilganligidan dalolat beradi. Shu madaniy qatlamdan Samarqand ixshidi Turgarning ikkita mis tangasi topilgan.

Shuningdek qazishmalar natijasida erkak va ayol tasviri tushirilgan idishlar ham topilgan. Sopol buyumlar bo‘laklari orasida oshxona buyumlari ham uchrab, bular asosan, ko‘za, kosa, likopchadir.

2018-yilda Samarqand viloyatida joylashgan Kofirqal’a yodgorligining ilk o‘rta asrlardagi to‘liq tarixi aniqlandi[7].

  1. Arxeologi raskopali v Samarkande kartinu VIII veka s neizvestnim ritualom zoroastrizma — podrobno.uz, 18-dekabrya 2017.
  2. „Кафыр-кала открывает тайны“. Mytashkent.uz. Qaraldi: 2019-yil 13-avgust.
  3. „Arxeologiya kafedrasi“. Qaraldi: 2023-yil 6-sentyabr.
  4. Хмельницкий 2000.
  5. Berdimurodov A „Kofirqal’a – Sug‘d hukmdorlarining qarorgohi“ (oʻzbekcha). uza.uz (2022-yil 18-iyun). Qaraldi: 6-sentabr 2023-yil.
  6. Qulmatov Sh. Samarqand yodgorliklari. Самарканд “Имом Бухорий халкаро маркази” 2017 — 230-bet. ISBN 978-5-9943-4783-8-1. 
  7. Safarov I „Yangi yulduzdan – Kofirqal’agacha. O‘zbek olimlarning so‘nggi o‘n yillikdagi eng muhim 10 kashfiyot va ixtirolari“ (oʻzbekcha). kun.uz (2022-yil 17-fevral). Qaraldi: 6-sentabr 2023-yil.
  • Xmelnitskiy S. G. Mejdu Kushanami i Arabami. Arxitektura Sredney Azii V—VIII vv. — Berlin—Riga : GAMAJUN, 2000. — 288 p.