Kontent qismiga oʻtish

Tom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tombinoning ustini yopib turuvchi qismi. Devorlar va binoning ichini yogʻinsochindan asraydi. Yuk koʻtaruvchi (ferma, sarrov, stropila, xari va boshqalar) hamda tunuka, shifer, tol singari yopuvchi qismlardan iborat. Shakliga koʻra, tomlar bir nishabli, ikki nishabli, toʻrt nishabli, koʻp nishabli, shatr (qubba) shaklli, chordoqli yoki chordoqsiz (yassi), baland chordoqli mansarda koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Eni keng sanoat binolarida tabiiy yoritish va havo almashtirish maqsadlarida tom oʻrtasiga fonar (oynavand tuynuk) ishlanadi. Bundan tashqari tomlarning gumbazli, piramidasimon, konussimon va qobiqsimon xillari ham boʻladi.

Tomlarning turlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odatda tomlar ikki turga ajratiladi: nishabli tomlar va yassi tomlar, ular bir-biridan yer sathiga nisbatan nishablik darajasi bilan farq qiladi. Ikkala turdagi tomlar oʻzining qadim arxitektura anʼanalariga ega. Nishabli tomlar asosan yomgʻirli iqlim sharoitlarida qoʻllangan. Yassi tomlar – anchagina quruq iqlimda, yomgʻir onda-sonda yogʻadigan, qor muammosi esa deyarli mavjud boʻlmagan joylarda foydalaniladi.

Gidroizolyatsiya tizimlari takomillashgani natijasida, 20 asrda yassi tomlandan yomgirli iqlimga ega boʻlgan hududlarda ham foydalanila boshlangan.[1]

Nishabli tomlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Binoning nishabli tomi quyidagi unsurlardan tashkil topadi: nishab deb ataluvchi qiya tekisliklar, ularning asosini stropil toʻsinlari va obreshyotkalar tashkil qiladi. Tom nishabligining asosiy vazifasi – suv va qorni yoʻnaltirib yuborish. Kuchli qor va yogʻingarchilik boʻlib turadigan hududlar aholisi tikka nishabli tomlar barpo etishni afzal koʻradilar. Bunday tomlar qimmatroq boʻladi, chunki ularni qurish uchun qoʻshimcha materiallar talab etiladi, buning ustiga bunday tomlarni taʼmirlash ham murakkabroq boʻladi.

Yassi tomlar deb odatda nishablik darajasi 3%gacha boʻlgan tomlarni aytadilar. Biroz nishablik suvni samarali tarzda ketkazish uchun zarurdir.[2] Yassi tomlarda odatda chordoq boʻlmaydi, lekin ulardan ayvon (terrasa) sifatida foydalansa boʻladi. Shuningdek yassi tomlarda oʻsimliklar eksa boʻladi. Yassi tomlar bilan bogʻliq eng katta muammo - bunday tomlar yuqori darajada harorat oʻzgarishlari taʼsiriga duchor boʻlishidir.

Oʻrta Osiyoda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gumbazli tomlar Oʻrta Osiyoda qadimdan keng tarqalgan. Bular hozir ham quriladi.

Oʻzbekistonda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda oddiy uy-joylar qadimda, asosan, yassi tomli boʻlib, uy devoriga toʻsinlar tashlab, ularning ustiga toqi (vassa) terilgan, ustiga boʻyra, qamish yoki poxol toʻshalgan, tuproq solib tekislangan, keyin somonli loy bilan suvalgan. Ayrim joylarda hozir ham shunday tomlar bor. Aksar turar joy binolari nishabli qilinadi. Oldin stropila ishlab olinib, ustiga yopish materiali (tunuka, shifer va boshqalar) qoplanadi.

Yopish materiallarining xossalari va hududning iqlimiy sharoitiga qarab tomning nishabi har xil (tunuka, tol va ruberoidlar uchun pastroq; asbotsement, cherepitsa va shiferlarda — tikroq) olinadi. Bir nishabli tomlar, asosan, yordamchi xoʻjalik binolariga quriladi. Ikki nishabli tomlar eng keng tarqalgan. Koʻp nishabli tom eng murakkab hisoblanadi.

Oʻzbekiston hududida mansardali (chordoqli qismi xonaga moslangan) uylar kam quriladi, uy-joy masalasi tanqis boʻlgan hollarda ularning ahamiyati katta.