Kontent qismiga oʻtish

Diyor Imomxoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Diyor Abrorovich Imomxoʻjayev
Имомхўжаев Диёр Аброрович
Tavalludi 22-sentyabr 1989-yil (1989-09-22) (35 yosh)
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (2011)
Jakarta milliy universiteti (2015)
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (2021)
Bolalari 2
Otasi Abror Imomxoʻjayev
Veb-sayti Rasmiy sayti
Xushnud Khudoyberdiyev, Diyor Imomxoʻjayev va Muhrim Aʼzamxoʻjayev

Imomxoʻjayev Diyor Abrorovich (1989-yil 22-sentyabr Toshkent shahrida tugʻilgan) — Oʻzbekistonlik futbol mutaxassisi, futbol sharhlovchisi, Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori (2020-yil 1-iyun sanasidan hozirgacha). Mashhur sport sharhlovchisi va futbol hakami Axbor Imomxoʻjayevning nabirasi.

1996-2005-yillarda Toshkent shahridagi 320-maktabda taʼlim oldi. 2007—2011-yillar davomida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti bakalavr yoʻnalishida tahsil oldi. 2018-yilda Oʻzbekiston Professional futbol ligasida bosh direktor maslahatchisi sifatida ish boshladi va shu yil ikkinchi mutaxassislik uchun Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Futbol fakultetiga oʻqishga kirdi. 2021-yil futbol mutaxassisi sifatida mazkur oliygohni tamomladi.

Jurnalistikaga qiziqish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Diyor Imomxoʻjayevning otasi Abror Imomxoʻjayev (Axbor Imomxoʻjayevning katta oʻgʻli, sport sharhlovchisi Zafar Imomxoʻjayevning akasi) uzoq yillar davomida Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat olib borgan va 2000-yillarda „Yoshlar“ telekanali qoshida yangi ochilgan sport studiyasiga rahbarlik qilgan. Shu davrda Abror Imomxoʻjayev bilan birga mashhur futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov ham studiyada mehnat qilgan. Uning muallifligidagi „Futbol+“ koʻrsatuvi va shu koʻrsatuvga manba boʻlib xizmat qiluvchi mashhur rossiyalik sharhlovchi Georgiy Cherdansev muallifligidagi „Yevropeyskaya futbolnaya nedelya“ koʻrsatuvi Diyor Imomxoʻjayevning futbol jurnalistikasiga qiziqib qolishida katta turtki boʻlgan. Shuningdek, Abror Imomxoʻjayev, Xayrulla Hamidov, Avaz Berdiqulov kabi ijodkorlar 2001—2002-yillar davomida „Futbol“ gazetasida birga faoliyat olib borishdi. Yosh futbol muxlisi gazetaning birorta ham sonini qoldirmasdan oʻqib borardi. Shu tariqa unda futbol jurnalistikasi yoʻnalishida ikkita kumir paydo boʻldi: Xayrulla Hamidov va Avaz Berdiqulov.

2005-yilda „Navroʻz“ radiostansiyasiga ovoz rejissori boʻlib ishga kirdi. Bu vaqtga kelib Xayrulla Hamidov shu radioda diniy-maʼrifiy dasturlarga mualliflik qilar, qoʻshimchasiga Avaz Berdiqulov, Ikrom Ulugʻboyevlar bilan hamkorlikda „Odamlar orasida“ gazetasini chop etardi. Diyor Imomxoʻjayevning ilk maqolalari Xayrulla Hamidov sabab aynan shu nashrda koʻrinish bergan[1][2].

2010-yillarga qadar uff.uz sayti Oʻzbekiston futbolida muhim oʻrin tutardi. Keyinchalik bu sayt „Chempion“, „Stadion“ kabi nashrlar faoliyat olib borishiga asos boʻlib xizmat qildi. Shuhrat Shokirjonov, Qahramon Aslanov, Muhrim Aʼzamxoʻjayev, Xushnud Xudoyberdiyev kabi oʻz sohasining usta kishilari bilan Diyor Imomxoʻjayev shu nashrlarda tanishdi.

Kasbiy faoliyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yil „Navroʻz“ radiosiga ovoz rejissori boʻlib ishga kirgan Diyor, 2008-yildan boshlab efirga ham chiqa boshladi. Axbor Imomxoʻjayev oʻzi mualliflik qilgan „Futbol chorrahalari“ mualliflik eshittirishini jonli efirda nabirasiga topshirdi. Haftaning har yakshanba kunlari futbolga bagʻishlangan 1 soatlik eshittirishdan tashqari, keyinchalik kuniga ikki mahal sport yangiliklarini ham efirga olib chiqdi. Parallel ravishda Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsilini davom ettirdi.

2011-yilda mashhur nashr kun.uz saytiga asos solinishida Diyor Imomxoʻjayev bevosita ishtirok etdi. Jahon tillari universitetining 5 nafar talabasi Muhrim Aʼzamxoʻjayev („Daryo“ nashri bosh muharriri) boshchiligida „Kun“ nashriga asos solishdi[3].

Aynan shu yili Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot kotibi, Osiyo futbol konfederatsiyasi mutaxassisi Sanjar Rizayev Muhrim Aʼzamxoʻjayev va Diyor Imomxoʻjayevni Oʻzbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmatiga taklif qildi. Ammo yarim yildan keyin, 2011-yilning sentyabr oyida Diyor Jakarta milliy universitetiga 1 yillik grantga ega boʻldi va Indoneziyaga yoʻl oldi.

2013-yilda „Sport“ teleradiokanalida ish boshladi. Zafar Imomxoʻjayevning „Futbol sharhi“ mualliflik koʻrsatuvida faoliyat olib bordi. 2015-yilda oʻzining „Sokker-klub“ mualliflik dasturini efirga olib chiqdi va shu loyiha sabab, Milliy teleradiokompaniya bilan xayrlashishiga toʻgʻri keldi.

2015-yilda „Lokomotiv“ futbol klubi matbuot xizmatidan ish taklif etildi. 2 oylik faoliyatdan keyin, Muhrim Aʼzamxoʻjayev taklifi bilan „Daryo“ internet nashriga oʻtdi. 2016-yildan boshlab parallel ravishda Championat.asia nashri bilan ham hamkorlik qildi. Shuningdek, 2016-2020-yillar oraligʻida „UzReport“ va „Futbol-TV“ telekanalida Angliya Premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Yevropa Chempionlar ligasi hamda Yevropa ligasi kabi musobaqalarni sharhlab bordi[4].

2018-yilda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Oʻzbekiston Professional futbol ligasi direktori maslahatchisi sifatida Diyor Imomxoʻjayevni ishga taklif qildi. 2019-yildan boshlab u bosh direktor oʻrinbosari sifatida ishlay boshladi. 2020-yilning 1-iyun sanasidan eʼtiboran OʻFA prezidenti Abdusalom Azizov taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Professional futbol ligasi bosh direktoriga aylandi.

Diyor Imomxoʻjayev Telegram tarmogʻida oʻz kanaliga ega boʻlib, futbol va kasbiy faoliyati doirasidagi chiqishlarini shu kontent orqali amalga oshiradi. Hozirgacha mazkur kanal OAV uchun tashkilot rahbari pozitsiyasining birinchi manbasi boʻlib xizmat qiladi[5].