Kontent qismiga oʻtish

Doʻrmon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Do‘rmondan yoʻnaltirildi)

Doʻrmon — oʻzbek qavmlaridan biri. Doʻrmon moʻgʻulcha toʻrt demakdir. Toʻrtta urugʻdan tashkil topgani uchun shunday atalgan boʻlishi ehtimol. Doʻrmon qabilasi Abulxayrxon (1428—1468), umuman Oʻzbek ulusida katta nufuzga ega boʻlgan. Doʻrmonlar Oʻzbekiston, Tojikiston va Afgʻoniston hududlariga Dashti Qipchoqdan XVI—XVII-asr davomida kelib oʻrnashgan. Doʻrmonlar Buxoro amirligining siyosiy hayotida faol qatnashib kelgan. Oʻzbekiston hududida doʻrmon qavmi kichik-kichik guruhlarga boʻlinib tarqoq holda yashagan. Bular, asosan, Zarafshon daryosining oʻrta oqimi, Surxondaryo viloyatidagi Qoratogʻ daryosining oʻrta oqimi, Surxon daryosining yuqori oqimlarida, Bobotogʻ etaklarida, Toshkent vohasida, qisman Xorazm viloyatida joylashgan. Doʻrmon qavmining tarkibida oq qoʻyli, uvoq, uch urugʻ, koʻk chelak, noʻgʻay, gurdak, oy tamgʻali va boshqa boʻlinmalari boʻlgan. Markaziy Osiyoda doʻrmon atamasi joy nomlari sifatida saqlanib qolgan (masalan, Toshkent shahri yaqinidagi Doʻrmon qishlogʻi , Shofirkon tumanidagi Doʻrmon qishlogʻi, Karmanadagi Doʻrmon qishlogʻi , Balxdan shimolroqdagi Doʻrmon qishloqlari va boshqalar).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil