Kontent qismiga oʻtish

Dorut Tilovat

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Dorut Tilovat

Dorut Tilovat majmuasi
Muqobil nomlari Dor-ut tilovat
Umumiy maʼlumot
Maqomi majmua
Shahar Shahrisabz
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1370-yil
Qurilishi tugagan 1371-yil
Egasi Davlat himoyasida
Boshqa oʻlchamlari Maydoni 500 m²
Dorut Tilovat

Dorut Tilovat (Qurʼon oʻqiladigan, tilovat qilinadigan joy) — Shahrisabz markazida Dor ussiyodat majmuasi gʻarbida temuriylar xonadoniga mansub qadimiy inshootlar — Shamsuddin Kulol maqbarasi, Gumbazi Sayyidon va shu yerdagi eski madrasa oʻrnida barpo etilgan Koʻk gumbaz masjididan iborat majmua joylashgan.

1437—1438-yillar davomida, Mirzo Ulugʻbekning buyrugʻi bilan temuriyzodalar va ularning oila aʼzolari uchun Shamsiddin Kulol maqbarasining janubiy devorining orqa tomoniga maqbara qurilgan. Shu yerda Sayidlarga tegishli qabrlartoshlarning ham mavjudligi sababli maqbaraning ikkinchi nomi — Gumbazi Sayid, yaʼni Sayidlarning gumbazi nomi paydo boʻlgan[1].

Majmua oʻrta asrlarda Shahrisabzning markazidagi bozordan janubroqda va „Chorsu“ savdo majmuasi yaqinida joylashgan.

Dorut Tilovat majmuasining hozirgi koʻrinishi kvadratni eslatadi va uning umumiy maydoni 500 m² ni tashkil etadi. Mazkur hudud shahar yuzasidan salkam 2.25 metr balandlikda joy olgan[2].

Majmua tarkibidagi inshootlarning ayrimlari Shohi zinda obidalariga oʻxshab ketadi.

Dorut Tilovat majmuasi tarkibida Shamsuddin Kulol maqbarasi, Gumbazi Sayidon maqbarasi va Koʻk gumbaz jom’e masjidi joylashgan.

Shamsuddin kulol maqbarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shamsuddin Kulol maqbarasi majmuaning eng qadimiy inshooti hisoblanadi. Maqbara qurilishi Amir Temurning farmoni bilan 1373-yilda boshlangan. Qurilish ishlari 1374-yilda nihoyalangan. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, bu yerda Shamsuddin Kulol qabristoni va Amirzoda Umarshayx Mirzoning qabri ham mavjud boʻlgan. Bu qabr Shamsuddin kulol va Amir Tarogʻoy maqbarasining qibla tomonida joylashgan. 1376-yilda Amir Temurning katta oʻgʻli Mirzo Jahongir ham shu yerga dafn etilgan. Amir Temur har safar Kesh shahriga tashrif buyurganida, piri Shamsuddin Kulol, otasi Amir Tarogʻoy, oʻgʻli va boshqa qarindoshlari qabrini ziyorat qilgan[3].

Gumbazi Sayidon maqbarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dorut Tilovat majmuasining janubiy qismida Gumbazi sayidon maqbarasi joylashgan. Maqbara devorlari pishiq gʻishtdan 14371438-yillar oraligʻida qurilgan. Maqbara qurilishi Mirzo Ulugʻbek tomonidan amalga oshirilgan.

Koʻk gumbaz jom’e masjidi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shamsuddin kulol va Gumbazi Sayidon maqbaralarining qarama-qarshi tomonida Koʻk gumbaz nomli baland jom’e masjid joylashgan. Masjid Mirzo Ulugʻbek tomonidan otasi Xuroson hukmdori Shohruh Mirzo sharafiga atab qurilgan. Masjid devorlariga suls va kufiy xatlarida turli yozuvlar yozilgan[4].

Majmuadagi Amir Temur tomonidan barpo etilgan maqbaraga 1370-yilda sarkardaning vafot etgan piri Shayx Shamsiddin Kulol, keyinchalik esa uning poyiga otasi Amir Taragʻoy dafn etilgan. Maqbara qurilishi Ulugʻbek hukmronligi davrida nihoyasiga yetgan. Uning qarshisida masjid, janubida yana bir maqbara barpo etilgan. Maqbaradagi yozuvlarda „Bu maqbara ulugʻ olimlarning olimi… (sultonlarning) aʼlosi… qonunchilik va bilimdadin va eʼtiqodda tengi yoʻq oliy hazrat Sulton Ulugʻbek Koʻragoniyning farmoni bilan bunyod etildi, Alloh uning podshohligini va sultonligini uzoq qilsin, 841-yil hijriy“ degan yozuv yozib qoʻyilgan va hozirgacha saqlanib qolingan. Maqbara ichida qoʻshni qabristondan 15—18-asrlarda koʻchirib keltirilgan bir necha sagʻanalar joylashtirilgan. Ularning ayrimlaridagi yozuvlarda termizlik sayyidlarning nomi yozib qoldirilgan.

Hovli tomonga qaratib qurilgan masjid, maqbaralar va Dorut Tilovat madrasasining darsxonasi, hujralari buzilib, uning oʻrniga keyinchalik qurilgan qoʻshimcha xonalar joylashtirilgan. Dorut Tilovat majmuasida 1819-asrlarda qurilgan binolar ham mavjud, biroq ularni badiiy jihatdan Amir Temur va Ulugʻbek davri meʼmorligi bilan qiyos qilib boʻlmaydi.

Arxeologik tadqiqotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1994—1996-yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida jome masjidning ikki tarafidagi gʻishtin ravoqli ayvon qoldiqlari, madrasa, darvozaxona va minoraning poydevor qoldiqlari aniqlandi. Majmuaning tarixiy shaklini tiklash maqsadida masjid ayvonlari, madrasasining bir qismi va minora qayta tiklandi. Koʻk gumbaz va Gumbazi Sayyidonda ham taʼmir ishlari olib borilgan[5].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil




  1. „Dorut Tilovat memorial majmuasi“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
  2. Drevsyanskaya G.; Lunina S.; Usmanova Z.; Sultonov X.. Shahrisabz. Toshkent: Universitet nashriyoti, 1994 — 2-tom-bet. 
  3. Sharafiddin Ali Yazdiy; tarjimon: O.Bo'riyev. Zafarnoma (Movaraunnahr voqealari). Toshkent: Kamalak nashriyoti, 1994-yil — 185-186-bet. 
  4. F.Abduxoliqov; A.Razzoqov; K.Rahimov; A.Hakimov; B.Abduhalimov. Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar Qashqadaryo. Uzbekistan today, 2016-yil — 238-239-bet. ISBN 978-9943-4510-6-3. 
  5. „Dorut Tilovat“ OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil