Kontent qismiga oʻtish

Epikur

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Epikur (Έπίκουρος)
Tavalludi miloddan avvalgi 341, Afina shahri Samos oroli
Vafoti miloddan avvalgi 270, Afina
Fuqaroligi Qadimgi afina
Otasi Neocles[1]
Onasi Chaerestrate

Epikur (miloddan avvalgi 341-yil — miloddan avvalgi 270-yil, Afina shahri Samos oroli) — yunon faylasufi.

Epikurning ota-onasi Neokl va Xerestrat Afina fuqarosi boʻlgan. Epikurning yoshlik davri yunon klassik davrining soʻnggi yillariga toʻgʻri keladi[2]. Aflotun Epikur tugʻilishidan yetti yil oldin vafot etgan va Epikur Aleksandr Makedonskiy Ellespontdan Forslarning davlatiga oʻtganida yetti yoshda edi[3].

Miloddan avvalgi 306-yildan Afina shahrida yashagan, oʻzining ismi bilan atalgan falsafa maktabiga asos solgan. Epikur 300 dan ortiq asar muallifi hisoblanadi. Lekin uning bir nechta xati, aforizmlari va esdaliklarigina saqlanib qolgan. Epikur falsafani fizika (tabiat toʻgʻrisidagi taʼlimot), kanonika (bilish toʻgʻrisidagi taʼlimot, unda sensualizmga amal qilgan) va etika kabi turlarga boʻlgan. Epikur fizikada Demokritning atomistika taʼlimotiga ergashadi. Ushbu taʼlimot orqali son-sanoqsiz olamlar orasidagi fazolarda yashayotgan befarq xudolarni mavjud deb biladi, lekin ularning koinot va odamlarning hayotiga aralashuvini inkor etadi. U Platonning „gʻoyalar dunyosi“, Aristotelning „birinchi turtki“ va boshqalarning gʻayritabiiy kuchlar haqidagi gʻoyalariga qoʻshilmaydi, olam son-sanoqsiz, cheksiz, doimiy harakatda va oʻzgarishda deb hisoblaydi.

Epikur kanonikaga doir qarashlarida dunyoni ilmiy tomonlama bilish mumkinligini eʼtirof etadi. Epikur kanonikaning maqsadi haqiqatni bilish, haqiqat mezonlarini topish va aniqlashda deb tushungan. Epikur etikasida adolat, doʻstlik, donishmandlik tushunchalari muhim oʻrin egallaydi. Adolat tushunchasini oʻzgaga zarar yetkazmaslik va undan zarar koʻrmaslik deb biladi. Epikurning fikricha, doʻstlikning asosida insonning shaxsiy ehtiyoji yotadi. Epikurning shiori „Odamlardan yiroq boʻlib yasha“ degan fikr boʻlgan. Epikur azob-uqubatlarning boʻlmasligi, tanning sogʻlomligi va ruhning betashvishligi (ataraksiya)ni hayotning maqsadi deb bilgan. Epikurning fikricha, olamni bilish qoʻrquvdan, oʻlim dahshatidan, irim-sirimlar va boshqa shunga oʻxshash narsalardan xalos qiladi deb oʻylagan. Epikurning ishlari haqida, asosan, shogirdlari, zamondosh faylasuflar va asarlari axborot beradi.

Epikur uchun falsafa sohasining vazifasi aponia deb atalmish baxtli, sokin, ogʻriq va qoʻrquvdan xoli hayotga erishishdir. Epikurning fikriga koʻra lazzat va ogʻriq orqali yaxshi-yomonni aniqlash mumkin.

Epikur oʻzining fizika va kosmologiya haqidagi koʻp maʼlumotlarini Demokritdan (miloddan avvalgi 460-370-yillarda) olgan. Demokrit singari, Epikur ham koinot cheksiz va abadiy ekanligini va barcha materiya atomlar deb ataladigan juda kichik, koʻrinmas zarralardan iborat ekanligini oʻrgatgan. Tabiatdagi barcha hodisalar atomlarning boʻsh fazoda harakatlanishi va oʻzaro taʼsiri natijasi ekanligini taʼkidlagan.

Miloddan avvalgi 311-yilda Epikur oʻttiz yoshga toʻlganida Mitilinida dars bera boshlaydi[4][5]. Lekin Epikur taʼlimoti Mitilinida nizolarni keltirib chiqaradi va u ketishga majbur boʻladi. Epikur Afinaga qaytishdan oldin Lampsakusda maktab tashkil etdi. Epikur Miloddan avvalgi 306-yildan to oʻlimigacha shu yerda qoldi[6]. Lampsakusda Epikur oʻziga tegishli boʻlgan joyda bogʻ nomi bilan atalgan „Bogʻ“ (kῆπos) maktabiga asos soldi va u joy maktabning yigʻilish joyi boʻlib xizmat qildi. Bogʻ shunchaki maktab emas edi. Maktab „muayyan hayot tarzida oʻxshash fikrlovchi va intiluvchan amaliyotchilar jamoasi“ edi. Epikurning maktabi qadimgi yunon falsafiy maktablari ichida ayollarni istisno tariqasida qabul qilmagan emas, balki qonunan qabul qilgan birinchi maktab boʻlgan va Epikurning tarjimai holida Diogen Laertius, Leontion va Nikidion kabi qiz talabalar roʻyxati keltirilib qoʻyilgan[7].

  1. (unspecified title)
  2. DeWitt 1954, ss. 8–9.
  3. DeWitt 1954, s. 8.
  4. DeWitt 1954, s. 11.
  5. Wasson 2016.
  6. Barnes 1986, s. 367.
  7. Diogenes Laërtius, Lives of the Eminent Philosophers, Book X, Section 7