Kontent qismiga oʻtish

Erkin kurash

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Erkin kurash
Tasvir
Jang sanʼati nomi (JS): Erkin kurash
Asos solingan sanasi: 1882-yil
Asos solingan joy: Eron bayrogʻi Eron
Sport turi guruhi: Jang san'ati
Taniqli davomchilar: Buvaisar Saytiyev, Aleksander Medved, Arsen Fadzayev, Artur Taymazov, Reza Yazdani, Dave Schultz

Erkin kurash - (inglizcha: freestyle wrestling, fransuzcha: lutte libre) yakkakurash sport turlaridan biri. Ikki sportchining bir nechta sport usullari orqali bajaradigan harakatlari orqali bahslashiladi. Yunon-rum kurashidan farqli oʻlaroq bu sport turida sportchini oyoqlaridan ushlab usul qoʻllash mumkin. Erkin kurash zamonaviy Olimpiada Oʻyinlari start olgan 1896-yildan buyon dasturda boʻlib kelgan. Erkin kurashsport turi, ikki kishi (sportchi)ning belgilangan qoidalar asosida gʻoliblik uchun olishuvi. Erkin kurash musobaqalari diametri 9 m (yoki oʻlchami 12x12 m) sport maydonida oʻtkaziladi. Erkaklar 55, 60, 66, 74, 85, 97 va 120 kg, ayollar 48, 52, 57, 63, 70, 78 va 78 kg dan ziyod vazn toifalarida kurashadilar. Musobaqalashish vaqti 2 minutdan 3 davra, davralar orasidagi tanaffus 30 sekunddan. Erkin kurashda siltab tortish, qayirib va aylantirib tashlashga, oyoq qismidan ushlab usullar bajarishga ruxsat etiladi. Bajarilgan usullar 5 (sof gʻalaba), 4 (texnik ustunlik yoki chetlatish), 3, 1 ochko bilan baholanadi. Gʻolib toʻplagan ochkolariga koʻra aniqlanadi. Agar kurashchilardan biri 5 ochkoga mos usul bajarsa, 1, 2-davrada ketmaket gʻolib deb topilsa, raqibidan 6 ochko farq bilan oʻzib ketsa, shuningdek, hakamlar, murabbiylar va shifokorlar qaroriga koʻra ham olishuv muddatidan oldin toʻxtatiladi.

Qadimdan koʻplab xalqlarning milliy kurash turlarida hozirgi Erkin kurashda qoʻllaniladigan usullar boʻlgan (qarang:Kurash). Yunonistonda oʻtkazilgan olimpiada oʻyinlari dasturiga miloddan avvalgi 708 yildan boshlab Erkin kurashga oʻxshash kurash musobaqasi kiritilgan. Erkin kurashning zamonaviy qoidalari 19-asrning 2-yarmida Buyuk Britaniyada ishlab chiqilgan. 1894-yilda AQShning SentLuis shahrida ilk yirik musobaqa tashkil qilingan. Erkin kurash musobaqalari 1904-yildan zamonaviy olimpiada oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan. oʻyinlari va yunonrum kurashi turlarini rivojlantirish maqsadida 1912-yilda Xalqaro havaskor kurashchilar assotsiatsiyasi (FINA) tuzilgan, unga 154 davlat (Oʻzbekiston 1992-yildan) aʼzo. Erkin kurash boʻyicha 1951-yildan erkaklar, 1995-yildan ayollar oʻrtasida jahon chempionatlari oʻtkazib kelinadi.

Oʻzbekistonda Erkin kurash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda Erkin kurash 20-asrning 50-yillaridan ommalasha boshladi. 1956-yildan erkaklar, 2003-yildan ayollar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatlari oʻtkazilayapti. 20-asrning 90-yillaridan "Mustaqillik kubogi" Granpri musobaqasi, yoshlar oʻrtasida jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarning tashkil etilayotgani mamlakatda Oʻzbekistonda Erkin kurashning rivojlanishiga zamin yaratdi. Kursat Ablayev, Georgiy Vanyuxin, Aleksandr Gorelik, Qoʻldosh Asraqulov, Obid Nazirov, Rahmonberdi Ahmedov, Salim Abduvaliyev, Maʼmur Roʻziyev kabi murabbiylar rahbarligida Leonid Shipilev, Arsen Fadzayev, Maxarbek Xadarsev, Ruslan Xinchagov, Ramil Ataulin, Adham Ochilov, Dilshod Mansurov, Magomed Ibragimov, Artur Taymazov singari erkin kurashchilar olimpiada va Osiyo oʻyinlarida, jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa nufuzli musobaqalarda gʻolib chiqishgan. Konstantin Mixaylov, Ravil Biktyakov, Tohir Gʻulomov kabi oʻzbekistonlik hakamlar xalqaro erkin kurash musobaqalarini boshqarishadi. Respublikadagi 715 ta sport maktabi va toʻgarakda 286 murabbiy qoʻl ostida 8780 kishi erkin kurash bilan shugʻullanadi. Ulardan 4807 nafari sport darajasi va unvoniga ega. Oʻzbekiston oʻzi ishtirok etishga muvaffaq boʻlgan 5 ta Yozgi Olimpiada Oʻyinlarida jaʼmi 20 ta medal olgan boʻlsa, shundan 7 tasi (4 ta oltin va uchta kumush) kurashchilari hissasiga toʻgʻri keladi.[1]

  • Galkovskiy A., Kerimov F., Volnaya borba, T., 1987; Kerimov F., Sport kurashi nazariyasi va usuliyati, T., 2001.