Eski Tuyatortar kanali
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Eski tuyatortar kanali, Tuyatortar kanali – Zarafshon daryosidan chiqarilgan qadimgi kanal. Mirzachoʻlni sugʻorish uchun qazilgan dastlabki kanallardan biri. Zarafshon daryosining suvini Sangzor daryosiga quyadi. Zarafshondagi „Birinchi May“ toʻgʻonidan boshlanadi. Eski Tuyatortar kanali milod boshlarida qazilgan, 6—8-asrlarda oʻzaro urushlar natijasida va arablar istilosi davrida vayron boʻlgan. 16-asrda Buxoro xoni Abdullaxon II davrida qayta tiklangan va keyinchalik Sirdaryo (Karay va Mirzarabot)gacha yetkazilgan. 1912-yilda Samarqand general-gubernatori tomonidan qisman qayta tiklangan. Shoʻrolar davrida kanal qayta qazildi. Uzunligi 108,2 km, suv oʻtkazish imkoniyati 50 m³/sek. Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi 34 ming ga dan ortiq ekin maydonlari sugʻoriladi. 1987-yilda kanal trassasida Qorovultepa suv ombori qurilgan. Hozirgi kunda Tuyatortar kanalining chuqurligi 2-3 m, kengligi 7-8 m. Kanal suvi Bahor va yoz faslida loyqalashib, katta sigʻimdagi suvni hosil qiladi, kuz va qish fasliga kelib suv hajmi kamayadi va tiniy boshlaydi. Shunnigdek, ushbu kanal Baxmal tumanidagi bir qancha qishloqlarning, xususan Doʻsmat, Gulbuloq MFY, Changal, Shodmon MFY, Alami MFY kabi qishloqlar uchun asosiy sugʻorish manbai bòlib xizmat qiladi. Bu kanal yaqinidagi qishloqlarda tabiiy ofatlar ham kuzatilgan, xususan 2012-yil 10-11-may kunlari kanal suvining toshishi natijasida, Gulbuloq MFYda 20ga yaqin odamlarning uylariga zarar yetgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |