Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Marjona06/qumloq

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ko’p bolali temirchi-hunarmand oilasida tug’ilib o’sgan Zulfiya, yoshligidanoq she’riyatni ajib bir iste’dod, she’r yozish qobiliyatini esa ona-tabiat tomonidan berilgan in’om, deb bildi. Zulfiya otasini xotirlab gapirar ekan, u o’z misolida, ishiga bo’lgan sadoqati, “mehnatga bo’lgan shijoati” orqali mehnatga qanday munosabatda bo’lish kerakligini o’rgatganini aytadi. Lekin Bedil, Navoiy, Fuzuliyning she’rlarini Zulfiya ilk bor onasidan eshitdi. Uning onasi ochiqko’ngil, shoirona qalb egasi, shu bilan birga tabiat, gullar va she’rlarni sevadigan ayol edi. Zulfiya o’zidagi she’r bitish qobiliyatini payqaganidan keyin, boshqalar uning bu qiziqishi haqida bilib qolishlari va kulishlaridan qo’rqib, uni hech kimga bildirmay yurgan.

“…Nogahon men o’y-fikrlarim oddiy so’z va iboralar bilan emas, she’riy tarzda namoyon bo’layotganini seza boshladim… Men ichimda yangrayotgan she’rlarni avval qayerda eshitganimni eslashga harakat qilar edim. Avvaliga bu she’rlarni o’zim bitganimga ishona olmadim. Bu juda ajablanarli va hattoki qo’rqinchli edi”… Pedagogika bilim yurtida tahsil olayotgan o’n besh yoshli Zulfiya kelajakda uning she’rlari dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilinishini bilganmikan?

Kunlarning birida, Zulfiya hali tahsil olayotgan kezlari bilim yurtining majlislar zalida O’zbekistonning shoir va yozuvchilari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Ijodkor mehmonlar orasida G’afur G’ulom, Mirtemir, Uyg’un, Izzat Sulton, Hamid Olimjonlar bor edi. Ulardan biri Zulfiyaning taqdiriga ota, turmush o’rtoq, ustoz, maslahatchi, yo’ldosh va do’st sifatida bitilgan edi. Qolganlari bilan esa o’zining hayot va ijod yo’lida ko’p marotaba uchrashgan.

Zulfiya G’afur G’ulom va Nikolay Tixonov bilan

Nikolay Tixonov Zulfiya haqida shunday der edi:

Uning sheriyati hayotga muhabbat, ozodlik ruhi, buyuk hayotiy kechinmalar, barcha eng yaxshi insoniy tuyg’ularga to’la. U xalqchillik qa’ridan kelgan. Zulfiya o’zining ezgu so’zlarini aytishga muvaffaq bo’ldi va uni jonlantira oldi hamda hayotning betakror nuri bilan porladi, unda hayot tuyg'ular yaxlitligida, achchiq haqiqatida, maftunkor lirikasi va qo'shig'ida aks etdi. Shoiraning so’zlari ona yurtining shahar va qishloqlarida va hattoki uning sarhadlaridan chetda ham yangrar edi. Hindiston, Misr, Vyetnam kabi Sharq mamlakatlarida hamma uning she’rlarining kuydiruvchi alangasini yaratgan qalbini tinglar edi. Uning o’zi esa yangi tong kabi do’stlarining yo’lini yoritib turuvchi Sharq ayolidir…”

Boshqirdiston xalq shoiri Mustay Karim Zulfiya ijodini juda ifodali ta’riflagan:

Men Zulfiyaning ijodi haqida, bu ijod yaratilgan zamin va uning dastlabki tuprog’i haqida o'ylayman. Men uchun o'tmish va hozirgi kunni yaqinlashtirgan Alisher Navoiy va Zaxiriddin Boburning o’chmas sahifalariga murojaat qilar ekanman, soatlab mulohaza yuritardim va ilhomlanish daqiqalarini his etaman. Men Abdulla Qodiriy va Muso Oybekning dil rozlari va o’gitlarini chuqur o'rganaman, G'afur G'ulom va Hamid Olimjon satrlarining mag’zini chaqaman. U yerdaligimda karnay ovozi meni beixtiyor o’ziga rom etdi, surnayning samimiy ohangidan voqif bo’ldim, ba’zan xushchaqchaq, ba’zan esa mungli qo'shiq tingladim, osmono’par minoralarni zavqlanib, tomosha qildim. Yer va osmon ranglari, qadimgi donishmandlik va o’tmish sadolari, baland gumbazlar, ariqlarda oqib o’tuvchi suvlar, doimiy mehnat va doimiy harakat – bularning barchasi O’zbekistondir. Shu bois men: “Zulfiya, she’riyatning sehrli dunyosiga Siz qayerdan keldingiz?”, deb so’ramayaman”.

Zulfiyaning ismi Rasul Gamzatovning xotirasida ham bir umr saqlanib qoldi:

“…Zulfiya ismini men ilk bor Adabiyot institutida o’qiyotgan kezlarimda eshitganman,- deb eslaydi shoir. She’riyatga xos bahoriy bu ism meni hayajonga soldi, bunday ismni men avval hech eshitmagan edim. Men darhol bu ismni she’rlarimdan biriga kiritishni rejalashtirdim… Keyinchalik menga Zulfiyaning qanday shoira va qanday inson ekanligi haqida gapirib berishar edi. Ismi chiroyli-yu, ammo o’zi ismiga munosib bo’lmaydigan insonlar qancha. Shunday qilib, Zulfiya haqida bilimga ega bo’lganimda, Moskvadagi yozuvchilar qurultoyida u bilan shaxsan tanishganimda, uning she’rlarini o’qib chiqqanimda, uning ajoyib shoira va ajoyib inson ekanligini, ona yurti O’zbekistonning munosib vakili bo’lgan ajoyib Sharq ayoli ekanligini angladim. Yashirmayman, ba’zan ijodkor ayollarga yengilliklar beriladi. Ammo Zulfiya bundaylardan emas edi, u taqdiri o’z xalqining taqdiri bilan bog’langan shoira edi…